Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJONDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN KENG KO‘LAMLI O‘ZGARISHLAR VA IJTIMOIY-IQTISODIY TARAQQIYOT
2021-06-21    2000

So‘nggi besh yil davomida Andijon viloyatida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. 25 yilda erishilmagan yutuqlarga so‘nggi besh yilda erishildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Keng ko‘lamli o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot barcha sohalarda yuz berdi. Jumladan: aholi bandligi, aholi turmush darajasi va ijtimoiy soha, aholi uy-joy sharoiti, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, sanoat, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, uy–joy va ijtimoiy-madaniy qurilish kabilardir.

Andijon viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish hamda aholi yashash tarzini yanada yaxshilash maqsadida viloyatimizga xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni keng jalb etish ishlari amalga oshirildi. Jumladan viloyatda aholi jon boshiga kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarni so‘nggi 5 yilligi tahlil qilinsa, 2016-yilda 745,3 ming so‘m, 2017-yilda 999,6 ming so‘m, 2018-yilda 1550,3 ming so‘m, 2019-yilda 2406,0 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, so‘ng 2020-yilda bu ko‘rsatkich 2772,4 ming so‘mni tashkil etgan. 2020-yildagi ko‘rsatkich 2016-yil bilan solishtirilganda viloyatda aholi jon boshiga kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar 3,7 barobarga ortgan.

Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar 2016-yilda 2188,5 mlrd. so‘m, 2017-yilda 2986,0 mlrd. so‘m, 2018-yilda 4711,9 mlrd. so‘m, 2019-yilda 7452,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa so‘nggi 2020-yilda bu ko‘rsatkich 8755,1 mlrd. so‘mni tashkil etdi. So‘nggi 2020-yilda asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiya 2016-yilda asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyaga nisbatan 4 barobarga ortgan.

So‘nggi besh yilda viloyatda tadbirkorlar va kichik biznes egalariga katta shart-sharoitlar yaratib berildi. Natijada viloyatning tashqi savdo aylanmasi hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni chet davlatlarga eksport qilish bir necha bor ortdi. Jumladan: 2016-yil viloyatimizda ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan xomashyoning chet davlatlarga eksporti 266,1 mln. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yilda 398,7 mln. dollarni tashkil etgan, 2018 yilda esa bu ko‘rsatkich 357,0 mln. dollar bo‘lgan. 2019-yilda esa bu ko‘rsatkich 434,7 mln. dollarni tashkil etgan. Andijonda ishlab chiqilgan tovarlar va yetishtirilgan poliz ekinlari hamda turli mevalar dunyoning Amerika, Osiyo, Yevropa, Afrika kabi mintaqalarda joylashgan turli davlatlariga eksport qilingan. Eksportning asosiy qismi, ya’ni 72,6 foizi MDH davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi besh yilda viloyatda misli ko‘rilmagan darajada yangi ish o‘rinlari yaratildi. Natijada yil sayin aholi soninig ortishiga qaramasdan ishga layoqatli aholini ish bilan ta’minlashda katta ishlar amalga oshirildi. 2016-yili ishga layoqatli aholi sonining 72,3 foizi ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2017-yili bu ko‘rsatkich 73 foizni tashkil etgan, 2018-yilda 69,6 foizni, 2019-yilda 70,2 foizni tashkil etgan. Hozirgi kunda ishga layoqatli aholi sonining 70 foizi ish bilan ta’minlangan. Bu ko‘rsatkich respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori hisoblanadi.

Viloyatmizda ijtimoiy sohaga katta e’tibor qaratildi. Natijada bu sohada ham yillar davomida qator o‘sishlar yuz berdi.

Birgina ta’lim sohasini oladigan bo‘lsak, 2020/2021 o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim muassasalari soni 779 tani tashkil etib, undagi o‘quvchilar soni 571792 nafarni tashkil etadi. Yillar davomida uning dinamikasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2016/2017 o‘quv yilida umumta’lim maktablar soni 742 ta, 2017/2018 o‘quv yilida umumta’lim maktablar soni 743 ta, 2018/2019 o‘quv yilida umumta’lim maktablar soni 746 ta, 2019/2020 o‘quv yilida umumta’lim maktablar soni 777 ta, 2020/2021 o‘quv yilida umumta’lim maktablar soni 779 tani tashkil etdi. Ohirgi besh yilda viloyatimizda jami 37 ta yangi umumta’lim maktablari ishga tushirildi. Shunga mos ravishda viloyatda umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning soni ham ortib bordi. 2016-yilda 32 ming nafar, 2017-yilda 33,5 ming nafar, 2018-yilda 36,8 ming nafar, 2019-yilda 41 ming nafar va 2020-yilga kelib pedagog xodimlar soni 41,9 ming nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi besh yilni qaraydigan bo‘lsak, umumta’lim maktablarida faoliyat yuritadigan pedagog xodimlar soni 9,9 ming nafarga ortgan. Umumta’lim muassasalarida bitta o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni Andijon shahrida 16 nafar, Xonobod shahrida 17 nafar, Andijon tumanida 14 nafar, Asaka tumanida 16 nafar, Baliqchi tumanida 11 nafar, Buloqboshi tumanida 12 nafar, Bo‘ston tumanida 13 nafar, Jalaquduq tumanida 12 nafar, Izboskan tumanida 14 nafar, Marhamat tumanida 13 nafar, Oltinko‘l tumanida 16 nafar, Ulug‘nor tumanida 12 nafar, Paxtaobod tumanida 12 nafar, Xo‘jaobod tumanida 12 nafar, Shahrixon tumanida 15 nafar, Qo‘rg‘ontepa tumanida 15 nafarni tashkil etadi.

Mamlakatmizda maktabgacha ta’lim muassasalari va ularning tarbiyalanuvchilariga katta e’tibor qaratilmoqda. Viloyatimizda so‘nggi besh yilda ko‘plab maktabgacha ta’lim tashkilotlari ishga tushirildi. 2016 hamda 2017-yillarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni 456 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilda ularning soni 548 tani, 2019-yil yakuni 2020-yil boshiga kelib esa 657 tani tashkil etdi. So‘nggi yillarga kelib, 201 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari ishga tushirildi. Natijada maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovi ortdi. Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovini ko‘radigan bo‘lsak, 2016-yilda 15,8 foiz, 2017-yilda 14,7 foiz, 2018-yilda 20,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda bu ko‘rsatkich 44,1 foizni tashkil etdi. So‘nggi yillarga kelib, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 128 tani tashkil etdi.

Oliy ta’lim tizimida ham viloyatda katta o‘zgarishlar yuz berdi. So‘nggi o‘zgarishlardan biri sifatida quyidagilarni aytishimiz mumkin: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 516-son qaroriga asosan, Andijon iqtsodiyot va qurilish instituti tashkil etildi. Institutning asosiy vazifalari hududning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini hisobga olgan holda iqtisodiyot va qurilish sohasi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xorijiy yetakchi va nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv va ilmiy-uslubiy ta’minotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish, o‘quv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida iqtisodiyot va qurilish sohasidagi tashkilotlar bilan birgalikda talabalar amaliyotini tegishli soha tashkilotlarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini ro‘yobga chiqarish uchun zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalarining malakali mutaxassislarini keng jalb etish orqali respublika uchun istiqbolli bo‘lgan yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirishdan iborat bo‘lib, bu institutda tayyorlangan kadrlar nafaqat Andijon viloyati uchun, balki Respublikamiz uchun xizmat qiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4795 sonli qaroriga ko‘ra, Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali negizida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etildi. Andijon viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasiga jahon standartiga javob beradigan kadrlar tayyorlab berish institutning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Umume’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq oliy ma’lumotli yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etish, innovatsion muhitni shakllantirish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan uzoq muddatli munosabatlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Hindiston Respublikasiga 2018-yil 30-sentabr — 1 oktabrdagi davlat tashrifi chog‘ida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi PQ-4278-sonli qarori asosida «Sharda Educational Trust» (Hindiston Respublikasi) ta’lim trastining Andijon viloyatida Sharda universiteti tashkil etildi.

Andijon viloyatidagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bu Andijon davlat universitetidir. Universitet 1931-yili Farg‘ona pedagogika instituti filiali, 1939-yili o‘qituvchilar instituti, 1953-yildan Andijon pedagogika istituti nomlari bilan faoliyat ko‘rsatib kelgan, 1992-yil 28-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Andijon davlat pedagogika instituti Andijon davlat universitetiga aylantirildi. Shu kunga qadar universitet O‘zbekiston Respublikasiga ta’lim sohasi bo‘yicha mingdan ortiq kadrlarni tayyorlab bergan va tayyorlab bermoqda. Hozirgi kunda universitetda jami 11 ta fakultet, 37 ta kafedra va bo‘limlarda 2000 dan ortiq ishchi xodimlar faoliyat yuritib kelmoqdalar. Umumiy talabalar soni 20 mingdan ortiq. Universitetda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllarida hamda magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlanmoqda.

So‘nggi besh yilda universitetda ijtimoiy muhit, ilm-fanga berilayotgan e’tibor tubdan o‘zgardi. Talabalarning qabul ko‘rsatkichi 50 foizga ortdi. Ta’lim yo‘nalishlar soni 25 tadan 45 taga ko‘paydi. Mutaxassisliklar soni 12 tadan 24 taga ko‘paydi. Talabalar soni 7 mingdan 20 minga ko‘paydi. Fakultetlar soni 8 tadan 11 ta ortgan bo‘lsa, kafedralar soni 25 tadan 37 taga ko‘paydi. 6 ta bakalaviatura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining Mordoviya davlat universiteti, Tomsk davlat universitetlari, Belarus Respublikasining Polosk davlat universtetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etildi. Dunyodagi 1000 talikka kiruvchi oliy ta’lim muassasalaridan 80 dan ortiq professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga jalb etildi. Amerika qo‘shma shtatlari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Chexiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi rivojlangan davlatlar hamda qo‘shni mamalakatlar Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandiumlari imzolandi. Hamkorlik shartnomalari asosida so‘nggi besh yil davomida 20 dan ortiq professor-o‘qituvchilar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazib qaytdilar. 25 ta professor-o‘qituvchilar rivojlangan xorijiy oliy ta’lim muassaslarida qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida, 10 dan ortiq yosh o‘qituvchilar va izlanuvchilar stajirovkada bo‘lib qaytgan bo‘lsalar 5 nafar professor-o‘qituvchilarimiz doktoranturada o‘qidilar. Hozirgi kunda ham xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan uzluksiz hamkorlik aloqalari amalga oshirib kelinmoqda.

Ikki nafar istiqboli porloq o‘qituvchilarimiz Karimjonov Iqboljon va Ahmadaliyev Doniyorbeklar Italiya va Xitoy davlatlarida falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajalarini olib qaytdilar.

So‘nggi besh yil mobaynida hamkor xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar almashinuvi ham kuchaytirildi. Dastlabki yillarda talabalar almashinuvi dasturi doirasida 10 ga yaqin talabalar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qib kelgan bo‘lsalar hozirga qadar xorijiy oliy ta’lim muassasalariga borib o‘qib kelayotgan talabalar soni 100 nafardan ortib ketdi. Univeristet imidjini ortishi natijasida xorijiy davlatlarning oliy ta’lim muassasalaridan universitetga kelib bilim olish istagida bo‘lgan talabalar soni ham ortdi. Dastlabki yillarda bu ko‘rsatkich 2-3 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib, dunyoning turli burchaklaridan universitetga kelib bilim oluvchilar soni 200 nafardan ortdi. Hozirgi kunda qo‘shni respublikalar, Xitoy, Bangladesh, Pokiston kabi davlatlardan talabalar kelib bilim olmoqdalar. Xorijiy talabalar soni ham dastlabki yillarga qaraganda 5 barobarga ortdi.

Universitetda ma’naviy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar bir daqiqa bo‘lsada to‘xtab qolmadi. Besh yil mobaynida har yili minglab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Tadbirlarning soni va saviyasi yildan yilga ortib bormoqda. Talaba yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan tabirlarning ta’siri natijasida talabalarimiz turli nufuzli natijalarga erishib kelmoqda. 10 nafar talabalar nomdor (I.Karimov, Navoiy, Ulug‘bek) davlat stipendiyalari sovrindorlari, 1 nafari O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi stipendiyasi sohibi, 6 nafari viloyat hokimi stipendiyasi sohibi, 3 nafari xalqaro va 11 nafari respublika fan olimpiadalari sovrindori, 8 nafari xalqaro va respublika ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari, sport sohasida 86 nafar xalqaro va 187 nafar respublika musobaqalari sovrindorlari yetishib chiqdi. Universitetning 28 nafar talaba-yoshlari 20 dan ortiq “Start-up” loyihalarida qatnashib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-avgustdagi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida"gi PQ-4814-sonli qaroriga ko‘ra fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport sohalaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun 1 nafar talaba “Zulfiya”, 1 nafar talaba “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Universitet talaba-yoshlaridan tashkil topgan “Andijon yoshlari” jamoasi 2019-yilda o‘tkazilgan “Tafakkur sinovlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni egalladi.

Andijon davlat universiteti ilm sohasida ham so‘nggi 5 yilda misli ko‘rilmagan yutiqlarga erishdi. Eng avval shuni ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning rahnamoligi bilan universitet professor-o‘qituvchilariga ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun juda katta imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora – tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-fevraldagi PQ-4623-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 6-apreldagi 187-son qarori asosida Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etildi.

Andijon davlat universiteti viloyatdagi ijtimoiy, ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat sohasida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Universitet professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli talabalaridan tashkil etilgan ansambl tinimsiz ravishda viloyatimizdagi turli hududlarda o‘zlarining turli konsert dasturlari bilan xalqimizni xursand qilib kelayotgan bo‘lsa, olimlarimiz tomonidan yaratilayotgan yangiliklar viloyatda insonlar hayotini yengillashtirishga bir muncha xizmat qilmoqda. Universitet professor-o‘qituvchilari O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, yangilanishlar, siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlarni viloyatimizda istiqomat qilayotgan xalqimizga tinimsiz ravishda yetkazib kelmoqdalar. Ayniqsa universitet jamoasi viloyatda ta’lim tizimiga o‘zining katta hissasini qo‘shib kelmoqda. Jumladan: Prezidentimizning 2020-yil 12-avgustda tasdiqlangan PQ-4805-sonli “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Qaroriga asosan viloyatdagi 8 ta kimyo biologiyaga ixtisoslashgan umumta’lim maktablariga Andijon davlat universiteti biriktirilgan bo‘lib, universitetning zoologiya va biokimyo, kimyo hamda ekologiya va botanika kafedralarining professor-o‘qituvchilari uzluksiz ravishda ushbu maktablar bilan birgalikda ishlab kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-sonli farmoni asosida viloyatdagi 28 ta tayanch maktablarda universitetning yetuk xodimlari PIRLS, PISA, TIMS, TALLIS xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “Informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarni tashkil etish bo‘yicha chora – tadbirlar rejasi”ning 11-bandiga ko‘ra viloyatdagi 54-sonli informatika va axborot texnologiyalarni chuqurlashtirib o‘qitiladigan umumta’lim maktabiga universtetning Axborot texnoliyalari va kompyuter injiniringi fakulteti biriktirildi. Viloyatdagi ta’lim sifati past bo‘lgan 6 ta umumta’lim maktablari universitet tomonidan otaliqqa olingan bo‘lib, bu maktablarga o‘quv-uslubiy hamda moddiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Elyorbek Xolmirzayev, Akramjon Yuldashev
Andijon viloyati hokimligining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanirish va ma’naviy marifi masalalar bo'yicha kotibiyat mudiri, Andijon davlat universiteti rektori
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.