Ayol haqida soʻz
Bolalik chogʻlarim bobom raxmatlik Orifjon ota biz nabiralariga qishning uzun kechalari, yozning oydin oqshomlarida ertak va rivoyatlar aytib, savollarimizga erinmay javoblar qaytarardi. Oʻsha bolalik chogʻlarimda “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Toʻmaris”, “Shiroq”, “Farxod va Shirin” kabi afsonalarni bobomdan eshitganman. Ehtimol, shu sababdir kitobga, sheʼrga, ijodga, adabiyotga ixlosim yuksalgandir.
Oʻrta maktabni tamomlaganimdan soʻng Andijon davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi boʻlish baxti nasib etdi. Katta hayrat va hayajon bilan ustozlardan taʼlim ola boshladik. Menga ustozlar orasida Salimaxon Mirzayeva degan yosh, istarali, goʻyoki soʻzlarida sehr bor ayol juda yoqdi. Nega deysizmi, sababi ular saboqning ilk kunidanoq oʻzlarini talabalarga sizning doʻstingizman, deb tanishtirdi. Keyin esa dars jarayonida oʻsha bolalik olamimga qaytarib, xalq ogʻzaki ijodi, folklorshunoslik, ertak, rivoyat va dostonlarda obrazlar talqini borasida taʼlim berib, meni butunlay oʻziga rom etib qoʻydi. Men bolaligimda bobomdan eshitganlarimni endi hayotdagi talqini, ilmiy asoslari, ahamiyati va foydali jihatlarini fan nuqtai nazaridan oʻrgana boshladim.
Bu 1990-yillar voqeasi, mana oradan qariyib oʻttiz yildan ziyod vaqt oʻtdi. Menga hayot yoʻlimni yoritishda nurli chiroq boʻlgan Salima Mirzayeva hamon Andijon davlat universitetida talabalarga saboq berib kelmoqda.
Men faxr bilan hikoya qilayotgan ustozim Salima Mirzayeva shoirai davron Nodirabegim yurti Jalolquduq tumanida dehqon oilasida 3 oʻgʻil, 3 qizning kenjasi boʻlib dunyoga keldi. Onasi Donoxon aya tikuvchi hunarmand boʻlib, tunlari kamzul tikib bolalariga ertak, rivoyatlar aytib ulgʻaytirgan zakiy ayol boʻlgan. Otasi Rayimjon aka esa farzandlarini oʻqimishli, elu-yurtga nafi tegadigan insonlar boʻlishini juda-juda istagan, garchi qattiqqoʻl, bir soʻzli, keskir odam boʻlsada farzandlari uchun hamisha mehrini ayamagan inson edilar.
Ota-onaning ezgu niyati va farzandlar kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilishlari natijasida Tursunboy, Abdugʻaffor, Abdumoʻminlar huquqshunos, Xalimaxon pedagog, Xabibaxon jurnalist, kenjasi Salimaxon esa adabiyotshunos olima boʻldilar. Kenjatoyning olimlik maqomiga yetishida oʻsha bolaligidagi onasining pinjida hammadan koʻp eshitgan ertagu, rivoyatlar asosiy omil boʻldi. Ertaklar olamida yashash, oʻsha ertaklardan boshlangan olam keyinchalik koʻzlari yonib turuvchi, boqishlari tiyran, xayolot olamida kezishni xush koʻruvchi Salimaxonni ilm-fanning zahmatini totish, lazzatidan bahra olish saodatiga erishtirdi.
Salima Mirzayeva oʻzining adabiyotga boʻlgan havas va bilimga chanqoqligi bois Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ning oʻzbek tili va adabiyoti fakultetining oldi talabalaridan boʻldi.
Oʻzbek adabiyotshunosligi va folklorshunosligining yirik dargʻalaridan ilmiy maʼruzalar tinglab, xalq ogʻzaki ijodi faniga mehr qoʻydi, oʻsha kezlardayoq ilmiy-ijodiy layoqati toblanib, ustozlardan olgan saboqlari ularni isteʼdodli folklorshunos olima boʻlishiga zamin tayyorladi.
Olimalik shunchaki xavas bilan yuzaga chiqadigan mezon emas, aksincha u yillar sinovidan oʻtib, mashaqqatlar tarozisida tortilib, mehnatlar evaziga beriladigan sharafdir. Shu bois ham bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham ilmga, ilm yoʻlini tutganlarga ehtirom koʻrsatib, ular uchun neki yaxshilik, qanday shart-sharoitlar boʻlsa yaratib qoʻymoqdalar.
Men soʻz yuritayotgan Salima Mirzayevaning koʻp yillik izlanishlari samarasi sifatida yuzaga kelgan “Oʻzbek xalq romanik dostonlari poetikasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi (2004) va shu nomda eʼlon qilingan monografik tadqiqoti (2004), shuningdek, turli yillarda chop etilgan yuzga yaqin nazariy jihatdan baquvvat maqolalari, yuzdan ziyod tezislari, oʻndan ortiq kitoblar, bitta elektron multimediyali ishlanma ularni yetuk olima sifatida kashf etdi.
Salima Mirzayevaga bergan bahoimizni ularni folklorshunoslikka olib kirgan bir qator ilmiy yangiliklar bilan asoslash mumkin. Yaʼni, oʻzbek eposshunosligida xalq dostonlarini tasnif etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga jiddiy tanqidiy munosabatlar bildirgani, xalq dostonlari ichida romanik dostonlarning tutgan oʻrnini aniqlab berganligi, ushbu dostonlarning boshqa turkiy xalqlar eposida mavjud yoki mavjud emasligini aniqlaganligi, romanik dostonlardagi makon va zamon kategoriyalarning tasvirlanishi, ularning real makon va zamonga boʻlgan shartli munosabatini bir qator dostonlar misolida yoritib berganligidir. Folklorshunos olimaning ilmdagi yutuqlaridan yana biri – romanik dostonlar qahramonlari bilan umumoʻzbek dostonlari qahramonlari oʻrtasidagi oʻxshashlik va farqli jihatlarini aniqlab, ushbu qahramonlarni ideallashtirish, uning mezonlarini yoritishda ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan ilmiy mulohazalarni jamoatchilik oʻrtasida birinchilardan boʻlib aytganligida hamda aniq dalillar, adabiy-badiiy materiallar asosida isbotlab berganligida koʻrish mumkin.
Folklorshunos olima, filologiya fanlari doktori, professor Salima Mirzayevaning eʼzozga munosib jihatlaridan yana biri shuki, ularning yoshlarga boʻlgan munosabati masalasidir. Isteʼdodli shogirdlar bilan ishlashni maroqli, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishni chinakam baxt, deb bilgan ustoz talabalarga ilmiy saboq berish bilan birga, koʻplab yosh tadqiqotchilarni olimlik maqomiga sazovor qilish yoʻlida mehnat qilmoqda. Ularning ilmiy rahbarligida iqtidorli yoshlardan bir nechtasi magistratura va aspiranturani tugatib, oʻzlarining ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli yakunlagan. Keyingi yillarda bir nafar filologiya fanlari doktori (DSc), toʻrt nafar fan nomzodi va ikki nafar filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarga erishdilar va yana qanchasi himoya qilish arafasida.
Ushbu ilm zahmatkashlari, fan fidoyilari, isteʼdodli kadrlar albatta mamlakatimiz ilm-fanining ertangi istiqbollari desak mubolagʻa boʻlmaydi.
40 yillik ilmiy–pedagogik faoliyati davomida taʼlim tizimida barkamol avlodni tarbiyalashda oʻzlarining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan Salima Mirzayeva hamon talabalar davrasida, hamon izlanishda, hamon yoshlarga doʻst, tarbiyachi va mehribon ustoz. Maʼlumki, oʻzbek filologiyasi fakulteti talabalari har yili folklor va dialektologik ekspeditsiyaga chiqadilar. Ularning kuchi bilan bugun ulkan xazina jamlangan va ushbu materiallar asosida kurs ishlari, bitiruv-malakaviy ishlari tayyorlamoqda, dissertatsiyalar yozishda ulardan unumli foydalanilmoqda. Salima Mirzayeva esa ana shu xazinani saralab, jamlab xalqqa yetkazish ishiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Ustozim bugungi kunda nafaqat shogirdlariga balki farzandlariga ham ilm yoʻlidan borishni, ilm ikki dunyo saodatiga kalit ekanligi, ilmli inson sharafga munosibligini uqtira olganligi bois qizlari Mehrnoz filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi. Shahnoza ilmiy ishlarini yakunlab hozirda Filologiya fanlari doktori darajasini olish uchun himoya qilish arafasida boʻlsa oʻgʻli Olimbek huquqshunoslik yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotganligi quvonarlidir.
Oiladagi ilm zahmatkashlarini oila boshi Oybek aka doim maʼnaviy qoʻllab-quvvatlaydi, ularga yaqindan yordam berib, neki shart-sharoit boʻlsa muhayyo qiladi. Sababi, oʻzlari huquqshunos boʻlishlariga qaramay ilmni nafaqat hurmat qiladi, balki oilasidagi ilm fidoyilari bilan maqtanishni, faxrlanishni ham hush koʻradi.
Bugun biz malakali, yetuk olima, jonkuyar ustoz, salohiyatli hamkasb, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga beminnat hissa qoʻshayotgan, ham jamiyat ishi, ham kasb fidoyiligi, ham hayot yuki, ham oila masʼuliyati va farzandlar kamoloti, ham insoniylik mezonlarini birday uddalay olgan inson Salima Mirzayeva bilan maʼnan faxrlansak arziydi.
Muttassil kurashdan iborat hayotda inson kamolotidan goʻzal yuksalish, taqdiridan minnatdorlik hissi, maʼnaviy yetuklik, ustozlik maqomi, baxtli hayot va baxtiyor oila, oʻtgan umrdan rozi boʻlish saodati va xavas qilgulik taqdir sohibi ekanligining oʻzi ularning yaratganga yaqinligidir. Zotan, inson umri pillapoyaga oʻxshaydi. Unga koʻtarilib borgan sari kamolot yoʻllari ochilib boraveradi. Bu koʻtarilish agar ilm bilan uygʻunlikda kechsa, inson yuksak maʼnaviyat choʻqqilarini zabt etadi. Shu maʼnoda Ilm ulugʻ qadriyatlardan biridir. Bu yoʻldagi qiyinchilik va mashaqqatlar insonni nurga chulgʻaydi. Filologiya fanlari doktori, professor, respublikamizda tanilgan folklorshunos olima Salima Mirzayevaning hayot yoʻllari, mening nazarimda, ilm nurlaridan fayziyob boʻlgan umrdir.
Feruza Oripova, jurnalist.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI