Andijon Davlat
Universiteti
«BIZGA 3 OY VAQT YETADI» — ABDUQODIR TOSHQULOV REKTORLARNI QOG‘OZBOZLIKDAN QUTQARISHGA VA’DA BERDI
2021-02-11    1636

8 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi boshqaruv kadrlar uchun videokonferensaloqa tarzida yig‘ilish o‘tkazildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audiolarga ko‘ra, yig‘ilishda vazir Abduqodir Toshqulov rektorlar mavqeyi, tizimdagi qog‘ozbozlik va vazirlikning yangi tuzilmasi borasida ham fikrlarini bildirgan.

Unga ko‘ra, vazirlik tizimida tezkorlik bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan birinchi masala – rektorlarning o‘z mavqeyini qayta ko‘rib chiqishi hisoblanadi.

«Men vazirlikka kelib, to‘rtta viloyatga borgan bo‘lsam, ularning birortasida mahalliy hokimliklar va rektorlar o‘rtasidagi munosabat maqtagulik emas.

Men bungacha og‘ir viloyatlardan birida ishlab keldim. Ana shu joyda 3 yil rektor bo‘lgan bo‘lsam, 3 nafar viloyat hokimi bilan ishlashimga to‘g‘ri keldi. Buning azobini boshidan o‘tkazgan odam hozir tasavvur qilyapti. Qanchalik qiyin. Shuning uchun birinchi masala – hurmatli rektorlar, mavqeyingizni qayta ko‘rib chiqing.

Rektorlar va direktorlar qaysi yig‘ilishlarga borishi kerak? Qaysi yig‘ilishlarga bormasligi kerak? Vazirlik bugundan boshlab buni muvofiqlashtiradi. Hukumatga xat kiritamiz. Munosabatimizni bildiramiz», – degan Toshqulov.

Vazir yig‘ilish davomida tizimdagi ijro intizomidan umuman ko‘ngli to‘lmayotganini ham ta’kidlaydi.

«Men qisqa davrda vazirlikda ko‘rgan holatlarim haqida fikrimni bildirmoqchiman. Qog‘oz, qog‘oz, qog‘oz.

Bugun biz kelishib oldik va kerak bo‘lsa, Adliya vazirligiga borib ish o‘rganamiz, o‘zim boshchiligimda.

Biz IT'dan foydalanish, vazirlikning ish yuritishini eksport qilishimiz kerak edi. Ming afsuski, hozirga kelib biz borib o‘rganishga majburmiz. Vazirliklar tizimida bir-ikki olimi bo‘lishini orzu qiladiki, «olimlar bor joyda fayz-u baraka bo‘ladi», deyishadi. «Donishmandlarcha fikrlar, takliflar bo‘ladi, ishimiz yaxshi bo‘ladi», deyishadi. Biz hammamiz olimmiz, lekin vaziyatni aytguligi yo‘q», – deydi u.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining aytishicha, hozirda vazirlikning binosi, bu yerda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar og‘ir ahvolga kelib qolgan.

«Ishlarni o‘zimizning vazirlikdan boshlayman. O‘tirgan binomiz 1979 yilda qurilgan. Sobiq kinotexnika texnikumining binosi. Binoning yerto‘lasi yo‘q. Birinchi qavati to‘liq zax bosib ketgan. Xodimlar «Pentium 4» kompyuterlarini ishlatyapti. Qisqasi, o‘ziga yarasha moddiy-texnik baza.

Biz xodimlar bilan vazirlik binosini to‘liq kapital ta’mirlash, ishlash uchun sharoit yaratish, buning uchun vazirlikning hozirgi binosi yonidan 5 qavatli yangi bino qurish bo‘yicha kelishib oldik.

Chunki biz hisob-kitob qildik: hozir vazirlik xodimlari normaga mos bo‘lmagan juda qisqa va tor joyda ishlayapti. Tasavvur qiling, bitta kichik xonada 3–4 nafar odam ishlayapti. Ular shunchalik qisilib ishlashyapti.

Masalan, vazirlikning hisob-kitobi bo‘yicha boshqarma boshlig‘i bir yarim metrli joyda ishlaydi; qimirlasa, boshida devor. Shuncha puli va imkoniyati bo‘lgan tizim. U o‘ziga sharoit, imkoniyat qilmasa, qanday ishlaydi?» – deya savol tashlaydi vazir.

Abduqodir Toshqulov yig‘ilish davomida qog‘ozbozliklar masalasiga qaytarkan, rektorlarni qog‘ozbozlikdan qutqarish kerakligini urg‘ulaydi.

«Xudo xohlasa, rektor 3 oydan keyin iloji boricha qo‘liga qog‘oz ushlamaydi. Hamma narsa elektron bo‘ladi. Ular QR-kod, elektron imzo bilan ishlaydi.

Ularga yuqoridan vazifalar yuborishda takrorlanishlar juda ko‘p. Rektorlarga hozir viloyat hokimligidan ham, vazirlikdan ham bir xil xat boradi. Kim uni muvofiqlashtiradi?

Umuman, oliy ta’lim muassasasida ishlab, ularga nima yoqmagan bo‘lsa, nimadan qiynalgan, nima erish tuyulgan bo‘lsa, hammasi isloh bo‘ladi. Bular uchun bizga atigi 3 oy vaqt kerak bo‘ladi», degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Toshqulov shu yil 14 yanvar kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlandi.

 

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.