Bugun, “Muxbir Daliyev” telegram kanalida joylashtirilgan post yuzasidan Andijon davlat universiteti maʼmuriyati quyidagilarni maʼlum qiladi.
Ushbu postdagi rasm Andijon davlat universitetining Axborot texnologiyalari va kompyuter injiniringi fakulteti talabalari uchun tashkil etilgan toʻgarak darslari vaqtida olingan.
Soʻnggi uch yilda universitet talabalari soni deyarli uch barobarga oshib, 21 ming nafardan ortib ketdi. Bu oʻz-oʻzidan universitet oldiga talabalarni professor-oʻqituvchilar hamda oʻquv xonalari bilan toʻliq taʼminlash muammosini yuzaga keltirdi. Oʻquv xonalariga ehtiyojni qondirish uchun viloyatdagi foydalanilmayotgan kollejlar binolari olinib, joriy taʼmirlanmoqda va foydalanishga topshirilmoqda.
2020-yil sentyabr oyida Axborot texnologiyalari va kompyuter injiniringi fakulteti tashkil etildi. Yangi fakultet talabalari uchun esa Jalaquduq tumanida joylashgan, qarovsiz va foydalanilmayotgan kollej binosi universitet balansiga oʻtkazildi. Ushbu binoning oʻquv xonalari, oshxona, isitish tizimi taʼmirlandi. Bu uchun 700 mln.dan ortiq mablagʻ sarf qilindi. Qish yaqin qolganligi sababli binodagi qurilish-taʼmirlash ishlarining qolgan qismi 2021-yil bahor oylaridan davom ettiriladi.
Bundan tashqari, 80 ta zamonaviy kompyuter toʻplamlari, 5 ta interaktiv panelli ohirgi avlod kompyuterlari oʻrnatilgan, 100 mb/s tezlikdagi internet tarmogʻi bilan taʼminlangan.
Hozirda ushbu binoda tekin WiFi hududi tashkil etish uchun 11 ta router oʻrnatish ishlari ketmoqda.
Binoda isitish tizimi uchun yangi modul qozonxona oʻrnatilgan boʻlib, issiqlik tizimi ishlab turibdi.
Ushbu postda berilgan holatda fakultet oʻqituvchisi Nurmuhammad Alimqulov anʼanaviy oʻtib kelayotgan darsdan tashqari toʻgarak mashgʻulotini olib borgan. Toʻgarakka xohlovchi 60 dan ortiq talabalar kirgan va ayrim partalarda 3 tadan oʻtirishgan.
Xonalarda garderoblar endi oʻrnatilishi sababli, talabalar kiyimlarini yechib oʻtirmaganlar.
2021-yil davomida Jalaquduq tumanidagi ushbu binoimizda qurilishi-taʼmirlash ishlari davom ettirilib, talabalar turar joyi toʻliq taʼmirlash rejalashtirilgan. Talabalarga universitetning asosiy binosidan kam boʻlmagan sharoitlar yaratiladi.
Universitet maʼmuriyati OAVlar hamda blogerlar bilan yaqin hamkorlikka tayyor ekanini maʼlum qiladi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI