Andijon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi va 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” shiori ostida harbiy yurish va texnikalar paradi o‘tkazildi.
Dastlab viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov boshchiligida viloyat tashkilotlari rahbarlari, jangchi faxriylar yurti uchun jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlarini xotirlab, Andijon shahridagi Xotira maydonida “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘ydilar.
Shundan so‘ng, Andijon garnizoniga qarashli harbiy qismlar, Milliy gvardiya, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, viloyat korxonalari, tashkilotlari, muassasalari, o‘quv yurtlari xodimlaridan iborat harbiylashtirilgan kolonnalar yurishi boshlandi. Unda universitetimiz rektori Akramjon Yuldashev boshchiligida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan talabalardan iborat jamoa ham faol ishtirok etdi.
Harbiy parad va texnikalar yurishi Andijon shahrining shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur maydonidan boshlanib, Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘igacha bo‘lgan hududda tashkil etildi. Harbiy yurishlarda maktab o‘quvchilaridan tortib, faxriylargacha ishtirok etdilar. Xotin-qizlarimizning harbiy liboslardagi yurishlari esa tadbirga yanada o‘zgacha fayz ulashdi. Viloyat harbiylarining tartib bilan saf tortib yurishlari, jangovar chiqishlari, jangovar texnikalarining ko‘rgazmasi tadbirning gultojiga aylandi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zirhli, jangovar o‘q otar vositalari bilan qurollangan ushbu qudratli mashinalar Qurolli Quchlarimizning imkoniyatlaridan dalolat berib turibdi. Qariyb 3 kilometr masofada tizilib turgan aholi vakillari harbiylarni gullar va olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlab turdilar. Parad harbiy texnikalar namoyishi bilan o‘z yakuniga yetdi.
Andijon viloyati hokimligi faollari, shahar xalqi ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlab turishi esa tadbirni umummilliy bayram tusiga aylantirdi. Bir so‘z bilan aytganda asl vatanparvarlik targ‘iboti mana shunday ommaviy tadbirlardan boshlanadi. Vatan yuraklarda ardoqlanadi. Milliy armiyamiz kuch-qudrati, salohiyati yanada ortaversin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, sarhadlarimiz dahlsiz, bosh qo‘mondonimiz omon bo‘lsin.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI