Andijon Davlat
Universiteti
UNIVERSITET REKTORINING AKADEMIK SIROJIDDIN ZAYNOBIDINOV TAVALLUDINING 75 YILLIGI MUNOSABATI BILAN TABRIGI
2020-12-22    1873

Bugun Andijon davlat universiteti fizika kafedrasi professori, fizika-matematika fanlari doktori, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi haqiqiy aʼzosi Sirojiddin Zaynobidinov oʻzning tabarruk 75 yoshini qarshiladi. Bu bilan ustozni muborakbod etamiz.

Ustozning mashaqqatlarga toʻla ilm soʻqmoqlaridan iborat hayot yoʻli maʼrifatga chanqoq har qanday inson havas qiladigan va ibrat oladigan yoʻldir. S.Zaynobidinov universitetning oʻquv-tarbiyaviy, ilmiy, ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy hayotida faol ishtirok etuvchi xodimlardan biri sanaladi.

Ustoz Sirojiddin Zaynobidinov yarimoʻtkazgichlar fizikasining dolzarb muammolariga bagʻishlangan ilmiy izlanishlari natijalariga koʻra 1978-yilda OʻzR FA Fizika-texnika institutida nomzodlik va 1987-yilda Sankt-Peterburg politexnika institutida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1982-yilda dotsent, 1988-yilda professor, 1995-yilda AQSHning Kaliforniya fan, taʼlim, texnika va sanʼat akademiyasi, Oliy taʼlim HFA, (1999-yil)da aʼzoligiga saylandi. 1999-yil Kembrij (Angliya) dagi Xalqaro Biografik markaz aʼzosi va 2002-yil shu markazning yarimoʻtkazgichlar fizikasi sohasidagi buyuk hizmatlari uchun kumush medali bilan taqdirlandi, 2013-yilda OʻzMU ning “Universitet iftixori” jamoatchilik kengashi aʼzosi etib saylangan.

Akademik S.Zaynobidinov ilmiy faoliyati davomida 5 ta monografiya, 2 ta darslik, 20 ta oʻquv qoʻllanmalari chop etildi, 7 ta patent va mualliflik guvoxnomalari. Xorij, respublika jurnallari 200 ga yaqin ilmiy maqola va 250 dan ortiq tezislari eʼlon qilingan. Shulardan oʻquv adabiyotlari mualliflari Respublika tanlovida 1 ta 1-oʻrinni, 2 ta 2-oʻrinni, 2-tasi 3-oʻrinni egallagan.

S.Zaynobidinov faoliyatida yetuk ilmiy-pedagogik kadrlarni tarbiyalash ham katta oʻrin tutadi. Xususan, uning ilmiy rahbarligi va maslaxatchiligida 5 ta fan doktori va 19 ta fan nomzodlari dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar va respublikamiz ijtimoiy hayotining barcha tarmoqlarida samarali mehnat qilmoqdalar.

S.Zaynobidinov 1965-yil “Vatan urushida gʻalabaning 20 yilligi” medali, 1992-yil Abu Rayxon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti, 1990-yil Oliy taʼlim aʼlochisi koʻkrak nishoni, 2001-yil Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi koʻkrak nishoni, 2003-yil “OʻzR oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni, respublika xukumati va viloyat xokimligi faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. 2017-yil OʻzRFA haqiqiy aʼzosi etib tayinlandi.

Rahbar sifatida, universitetimizni gullab-yashnashi, ilmiy salohiyati boʻyicha yuqori oʻrinlarga loyiq boʻlishida hamda kadrlar tayyorlash milliy tizimini shakllanishida ustozning juda koʻp mehnatlari singgan.

Sirojiddin akani biz samimiy inson sifatida bilamiz. Samimiylik u kishining koʻzida, soʻzida, ishlarida, odamlarga boʻlgan munosabatida balqib turadi. Olimni maʼrifatga intiluvchi va maʼrifatni elga tarqatish uchun yurakdan kamarbasta boʻlgan inson sifatida qadrlaymiz.

Akademik Sirojiddin Zaynobidinov qayerda ishlamasin, ilm-fan ravnaqi va rivoji uchun oʻz hissasini qoʻshib, shu sohada hozirda ham ezgu ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ustozni Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining akademikligiga loyiq topilganligi ham ilm-fan yoʻlidagi fidoyiligiga munosib mukofot boʻldi.

Ushbu qutlugʻ kunda, universitet jamoasi nomidan u kishiga uzoq umr, mustahkam sogʻliq, oilaviy xotirjamlik, ilmiy va jamoatchilik ishlarida zafarlar yor boʻlishini tilagan holda Oʻzbek ilm-fanining rivoji uchun ilmiy darajali kadrlar tayyorlashda kuch-quvvat tilab qolamiz!

Akramjon Yuldashev
Hurmat bilan universitet rektori 
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.