Menga ne yoru oshiqlik havasdur,
Agar men Odam oʻlsam ushbu basdur.
A.Navoiy
Tafakkur quvvatining qay darajada ekanligi olim salohiyatini belgilovchi mezon hisoblansa-da, biroq bu oʻlchov ham chinakam bilim sohibining qalb va qiyofasini yahlit holda namoyon eta olmasligi mumkin. Tarix va tajribadan ayonki, haqiqiy olim har tomonlama shunday shakllanib boradiki, oxir-oqibatda bir oʻlchovga sigʻmay qoladi. Mana shu sigʻmaslikning zamiridan olim shaxsini yuksaltiruvchi fazilatlar boʻy choʻzadi. Agar bu fazilatlar fan ravnaqi, el manfaati va inson kamoloti uchun yoʻnaltirilgan boʻlsa, tafakkurning kuch-quvvati jamiyat taraqqiyotiga oʻz taʼsirini oʻtkazishdan toʻxtamaydi. Mana shunday ezgu maqsad yoʻlida faoliyat koʻrsatib kelayotgan olimlarimizdan biri taniqli fizik olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Sirojiddin Zaynobidinovdir.
Bundoq qarasang, Sirojiddin Zaynobidinovni keng xalq ommasiga tanishtirishning hojati ham yoʻqday koʻrinadi. Oʻzbekistonda qolaversa, Andijon, Toshkent, Namangan, Fargʻona va boshqa viloyatlarda bu kishini shaxsan tanimasa ham nomini eshitmagan odam boʻlmasa kerak. Ammo tasavvur boshqa-yu, bir odamni shaxsan tanib, u haqda fikr bildirish boshqa. Shu maʼnoda men oʻzim bilgan chin inson, chin olim, chin murabbiy, hamisha barchaga doʻst boʻlishga qodir Sirojiddin aka Zaynobidinov haqidaga fikrlarim bilan oʻrtoqlashishdan boshlamoqchiman. Sirojiddin aka haqida menda juda ham iliq, faqat ijobiy, doʻstona fikr bor. Sirojiddin aka samimiy inson. Samimiylik uning koʻzida, soʻzida, ishida, odamlarga munosabatida balqib turadi. Sirojiddin aka samimiy insonlarga xos boʻlgan ravishda ich-ichidan maʼrifatga intiluvchi va maʼrifatni elga tarqatish uchun yurakdan kamarbasta boʻlgan ziyokor.
Darhaqiqat, domla tom maʼnodagi ziyolilarimizdandir. Ziyolilik oʻqimishli, bilimdonlikkina emas u oʻzgalarni tushunishga, atrofdagilarga doimo yaxshilik sogʻinishga, eʼzozlashga, pok maʼnaviyatga intilish qobiliyati hamdir. Domlada bu fazilat madaniy munozara yurita bilishida, ulfatchilikda, har bir davrada oʻzini kamtarona tutishi, boshqalarga sezdirmay begʻaraz yordam berishida, oʻzgalarning dardiga hamdard, quvonchiga sherik boʻlishida yomon soʻz yoki yomon gʻoyalardan parhez tutishida, barchaga baravar samimiy munosabatlarda koʻzga tashlanib turadi. Darhaqiqat, domlani ulkan olim sifatida bilsak, ayni chogʻda u kishining hayotdagi oddiy qiyofasini koʻpchilikda hurmat va havas uygʻotgan qirralarini ham eslab oʻtsak uning ilmiy-ijodiy, insoniy siymosidan yiroq ketmagan boʻlamiz.
Men domla bilan hamkasblik, ukalik, qadrdonlik, qolaversa, ilm sabab koʻp muloqotda boʻlganman. Bora-bora bu muloqotlar dilga yaqin inson sifatida davom etib kelmoqda. Chunki Sirojiddin akadagi samimiylik, soddadillik, bagʻrikenglik, toʻgʻrilik, sadoqatlilik, ilmparvar, shogirdparvarlik, fidoiylik – bu kabi fazilatlar har kimda ham jamuljam boʻlavermaydi. Shuningdek, mamlakatimiz ilm ahli orasida oʻzining olimlik faoliyati bilan ilmiy tafakkuri va oʻtkir mushohadalari bilan doimo yuzi yorugʻ boʻlib kelganligini va bu bilan obroʻ-eʼtibor topganligini ham juda yaxshi bilaman. Mana shu jihatlarning bari olimning ilmiy salohiyatiga qoʻsh qanot boʻlib, ilmiy parvozini yanada yuksaltirib kelayotganligi meni hayratga solib kelmoqda.
Sirojiddin Zaynobidinov 1945-yil 22-dekabrda Andijon viloyati Buloqboshi tumani, Neftchilar shaharchasida oddiy dehqon oilasida tavallud topdi. Bu maskan oʻzining betakror tabiati, viqor bilan yastanib yotgan adirlari, soʻlim bogʻu-rogʻlari, eng asosiysi oʻqimishli, bagʻrikeng, mehmonnavoz, tanti odamlari bilan ham ajralib turadi. Mana shunday fayzli muhitdan ruhiy quvvat olishning oʻzi ham olimning insoniy va ijodiy shakllanishida madadkor boʻlgan, fayz bagʻishlagan boʻlsa ajabmas.
Tadrijiy davom ettiradigan boʻlsak, dastlab barcha qatori maktabdagi saboq, soʻng ToshDUning fizika fakulteti talabasi, bu orada hamisha oʻziga xos yigitlik obroʻiga, burchiga aylangan ikki yillik emas, hatto uch yillik Vengriya davlatidagi xarbiy xizmat. Eng tahsinga sazovori oʻrta maktabni oltin medal, universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlash va bularning davomi harakatdagi armiyada ham, serjant unvoni, boʻlim boshligʻi kabi nufuzli yorliqlarga erishib qaytish, barcha-barchasi bir qarashdayoq har qanday odamni havasini keltiradi. Soʻngra S.Zaynobidinov ilmning istiqbolli va mashaqqatli keng geografik yoʻllariga shahdam qadam tashladi va yetuk salohiyatli olim sifatida ilmiy jamoatchilik oʻrtasida katta obroʻ-eʼtibor topa boshladi. Tinimsiz izlanishlari, tengsiz mehnatsevarlik evaziga yaratgan ilmiy tadqiqotlari 1977-yilda fizika-matematika fanlari nomzodi, 1987-yilda esa fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajalariga munosib topildi.
S.Zaynobidinovga hukumatimizning ilm-fan sohasidagi eng nufuzli Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofotini berilishi uni oʻz sohasining tan olingan olimlari silsilasida oʻziga xos sharafli oʻrnini ham belgilab berdi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, iqtidorli, izlanuvchan, tinib-tinchimas zahmatkash olimning ilmiy faoliyati xalqaro miqyosda ham keng eʼtirof etildi. Buning natijasi oʻlaroq S.Zaynobidinov Angliya jahon biografik markazi aʼzosi, shuningdek, AQSHning Nyu York akademiyasi, Oliy taʼlim Xalqaro Fanlar akademiyasi (Rossiya), Xalqaro taʼlim, fan, texnika va sanʼat akademiyasi (AQSH), Gruziyaning taʼlim va turizm akademiyasi aʼzosi etib saylandi, hamda, AQSHning Yevropa va Osiyoning bir qator nufuzli universitetlarida “Yarim oʻtkazgichlar fizikasi” va “Kremniy” boʻyicha chuqur, mazmunan teran maʼruzalari bilan faol ishtirok etdi.
S.Zaynobidinov jahongashta olim sifatida AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Isroil, Malayziya mamlakatlarida boʻlib oʻz tajribalarini yoyishdan tashqari ularning ilgʻor tajribalarini ham mamlakatimiz ilm-faniga amalda tatbiq etib kelmoqda. Gʻayrat shijoatga toʻla olimning sermahsul faoliyati uning 250 dan ortiq maqolalarida, 10 dan ortiq ixtirolarida, 20 dan ortiq darslik va qoʻllanmalarida ham oʻzining toʻlaqonli ifodasini topgan. Eng muhimi, aksariyat, darslik va qoʻllanmalari mamlakatimiz miqyosida tanlovlarda gʻolib deb topilib, bugun ham Oliy taʼlim tizimida muntazam foydalanib kelinmoqda.
S.Zaynobidinov ustozlari borasida ham baxti chopgan olimlarimizdan. Olim professor A.Teshaboyev, akademiklar S.H.Sirojiddinov, P.Q.Xabibullayev, T.A.Sarimsoqov, S.A.Azimov, M.Bahodirxonov kabi mamlakatimizda eng dovruqli va suyukli olimlarimizning tarbiyasini olib ularning mehr-muhabbatidan bahramand boʻlib keldi. Moskva va Leningraddagi mashhur olimlar B.I.Boltaks, V.I.Fistul, B.A.Kotovlarning yordami va yuqorida sanab oʻtilgan ustozlarining qoʻllab-quvvatlashi va oqilona maslahatlari bilan oʻz sohasi boʻyicha salmoqli yutuqlarga erishdi.
S.Zaynobidinovning jamoat ishlari va masʼuliyatli lavozimlaridagi faoliyatlari ham har qanday maqtovga sazovor. U 15 yildan ziyod vaqt mobaynida ToshDUda “Yarim oʻtkazgichlar va dielektiklar fizikasi” kafedrasini hamda 5 yil davomida universitetning eng katta hisoblangan fizika fakultetining dekani sifatida ishladi. 1996-2006-yillari Andijon davlat universitetining rektori, 1997-2011-yillarda “Qattiq jismlar fizikasi” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat koʻrsatdi. Ayniqsa, Andijon davlat universitetiga rektorlik qilgan yillarda boshqalarga oʻxshamagan oʻziga xos rahbarlik fazilatlari bilan namoyon boʻldi. Avvalo, yangicha ishlash tizimini shakllantirishga harakat qildi. Talabalarning oʻqishi va hayoti bilan shaxsan qiziqdi. Talabalar uyidagi sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi. Oʻta muhim ilmiy loyihalarni amalga oshirishda bosh-qosh boʻldi. Universitetning moddiy mablagʻlarini talabalar hayotini yaxshilashga, obodonchilik ishlariga oʻquv jarayonining sifatini koʻtarishga sarf qildi. Professor-oʻqituvchilarning bir yoqadan bosh chiqarib ishlashlari uchun doʻstona, iliq muhit va sharoitlar yaratdi. U katta lavozimlarda ishlaganida ham, hozir ham muomalasi bir xilda barchaga teng, dabdabaga, balandparvozlikka toqati yoʻq, kamtar inson sifatida ham oʻzini namoyon qilib kelmoqda. Domla hayotidagi katta sanalarga ham unchalik eʼtibor qaratavermaydi. Uning ellik va oltmish yoshga toʻlishi uyida, tor doirada nishonlangan. Hatto yetmish yilligini ham koʻpchilikning talabi va istaklari bilan keng jamoatchilik bilan nishonlashga majbur boʻldi.
Sirojiddin Zaynobidinov ayni paytda OʻzMUda doktorlik boʻyicha ixtisoslashgan Ilmiy Kenglashlarning raisi, Fanlar Akademiyasining FTI Issiqlik fizikasi instituti, Toshkent Texnika universitetida kengash aʼzosi, Oʻzbekiston Fizika jamiyatining tashkilotchilaridan biri va raisi, Oʻzbekistton Respublikasi FA Andijon – Namangan ilmiy markazining rahbaridir. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va Oʻrta Maxsus taʼlimi hamda Xalq taʼlimi vazirliklarining fizika boʻyicha ilmiy uslubiy kengashlari rahbarlaridan biri sifatida ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shuningdek, “Oʻzbekiston fizika jurnali”, “Fan va turmush”, “Kompozitsion materiallar”, “OʻzR FA maʼruzalari”, “Yarimoʻtkazgichlar fizikasi va mikroelektronika”, ADUning “Ilmiy Xabarnoma” jurnallari tahririy hayʼatining aʼzosi sifatida fizika fani va taʼlimini rivojlantirishga astoydil xizmat qilib kelmoqda. Shu oʻrinda Sirojiddin Zaynobidinovning tashabbusi va rahbarligida “Ekspremental va nazariy fizika” jurnalida davriy maqolalar toʻplamlari muntazam chop etilib kelinganligini ham qayd etish zarur.
Xalqimiz orasida “Olim boʻlish oson, odam boʻlish qiyin”, degan ibora yuradi. Balki odamgarchilikni, insoniylikni unutgan faqat oʻzini oʻylaydigan, oʻzi uchun qaygʻurib, faqat oʻzimga boʻlsin deb yashaydiganlar tez osongina olim boʻlar. Lekin ilm taraqqiyotini oʻylaydigan el-yurt manfaatini yuksak tutadigan haqiqiy olim uchun ilm qilish oson va mashaqqatsiz yoʻl emas. Sirojiddin Zaynobidinov ham olim boʻlishdek, ham chinakam odam boʻlishdek ikki qiyin yoʻlni uygʻunlikda olib kelmoqda. shu maʼnoda Sirojiddin aka haqida oʻylaganda mashhur, taniqli odamlar koʻp, lekin ularning barchasi ham hayotda shunday suyukli, taniqlimikin, yaʼni oddiy insoniylik fazilatlarini ham shunchalik ulugʻlikka koʻtara oladilarmi? – degan oʻyga borasan.
Sirojiddin Zaynobidinov siymosida barchamizda havas uygʻotadigan fazilatlaridan biri ustoz va shogirdlik maqomini juda ham mustahkam tutishida, olib borishida koʻzga tashlanadi. Domlani mukammal ustozga aylantirgan omil – uni oʻz sohasini mukammal biladigan mutaxassis ekanligi boʻlsa, ikkinchisi ibratli, odamiy fazilatlari hamda tugʻma pedagogligidadir. Domlada talabalarga, shogirdlarga, bitmas-tuganmas mehr-muhabbat bor. U kishi har bir shogirdining taqdiriga oʻz farzandlarining taqdiriga qaragandek munosabatda boʻladi, faqatgina ustoz emas, bamisoli tugʻishgan ota, balki undan ham yaqinroq boʻlib ketadi. Har bir shogirdining ota-onalari, hatto bobolari bilan erinmay gaplashadi. Ular bilan ham yaqinlik rishtalarini mahkam bogʻlaydi. Har bir shogirdini har tomonlama bilishga feʼl-atvorinigina emas, butun hayoti, nimalar bilan nafas olayotganligi bilan ham qiziqadi va ular bilan doimo qalban bogʻlanishga harakat qiladi. Yana xarakterli jihat shundaki, domla shogirdlari bilan suhbat munozaralarda ham ovozini baland koʻtarib ularning shaxsiyatiga tegadigan yoki kamsitadigan biron ogʻiz gap aytmaydi. Shuning uchun ham shogirdlari domlaning taʼlim va tarbiya bobida beradigan maslahat va oʻgʻitlarini hech qachon malol olishmaydi. Domlaga talpingandan talpinishadi, joni dilidan yaxshi koʻrishadi. Sirojiddin aka koʻplab shogirdlar chiqardilar, tarbiya qildilar, u kishiga gʻoyibona shogird boʻlganlar ham kam emas. Domla rahbarligida 8 nafar fan doktori, 20 nafardan ortiq fan nomzodlari tayyorlandi. Uning shogirdlari hozir mamlakatimizning deyardi barcha goʻshalarida taʼlim-tarbiya sohasida faol xizmat qilib kelmoqdalar.
Domla tabiatan tinib-tinchimas olim sifatida juda ham dunyoqarashi keng inson. Oʻz sohasidan boshqa fanlardan ham yaxshi xabardor. Ayrim hollarda bu sohalarda ham bemalol mushohada, munozara yurita oladi. Mana shu jihat domlani nafaqat tabiiy fanlar, balki adabiyotga alohida mehr-muhabbatida ham koʻzga tashlanadi. Domlani xonadonida kattakon kutubxona bor. Domlaning adabiyotga qiziqishi bu kutubxonani bugun ham kundan-kunga boyitib bormoqda. Domla kitob toʻplashga ishqibozgina emas, balki oʻzi ham imkoni boricha ularni oʻqib boradi. Albatta, kitobga bunday yurakdan bogʻlanish domlani chuqur bilim, keng dunyoqarash, yuksak tafakkurga topishida ahamiyat kasb etgan.
Domlani adabiyotga mehr-muhabbati koʻplab taniqli shoir, yozuvchi va olimlar bilan yaqindan doʻstlashishga va hamkorlik qilishga omil boʻldi. Mening nazarimda domlaning fozillar davrasidan munosib oʻrin egallashiga quyidagi ikki fazilati turtki boʻlgan boʻlsa ajab emas. Birinchisi domlaning suhbati jonon, tortimi kuchli, fayzli ohangraboga egaligi boʻlsa, ikkinchisi badiiy soʻzga astoydil shaydoligi bilan belgilanadi. Domlaning el-yurtimizning tabarruk farzandlari, atoqli shoiru yozuvchilari, olimlari Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Olimjon Xoldor, Muhammad Yusuf, Begali Qosimov (oxiratlari obod boʻlsin), Umarali Normatov, Toʻlan Nizom, Qamchibek Kenja Abdumutal Abdullayev, Habib Siddiq, Halim Karim kabilar bilan doʻstlik aka-ukalik rishtalarining samimiy va mustahkamligiga har qancha havas qilsa arziydi.
Bugungacha kamina ham juda koʻp yaxshi odamlarga roʻpara kelganman. Ayniqsa, shunday insonlar qatorida olimlik va odamiylik saboqlari bilan ibrat boʻlib kelayotgan Sirojiddin aka bilan yaqinlik munosabatlarini yanada mahkam bogʻlab kelyapman. Shu maʼnoda domla bilan har gal koʻrishganimda qalbim gʻururga toʻladi, koʻnglim chiroq yoqqanday yorishib ketadi, mubolagʻa emas, dadil aytamanki, ulugʻlarimizdan biri aytgandek, Sirojiddin aka bilan har bir muloqot men uchun bir umr tark etmaydigan bayramlardan biri boʻlib kelmoqda.
Ha domlaga agar muxtasargina baho berish kerak boʻlsa, men Sirojiddin Zaynobidinovning koʻngilga quyoshni jo aylab yashayotgan insonlardan deb bilaman. Chunki quyosh – yorugʻlik, yaʼni ezgulik timsoli. Uning nuri ila bu olam mavjud va goʻzal. Inson koʻnglidagi mehr ham quyosh nuri kabidir. Dunyoning borligi davomiyligi va goʻzalligi ham, koʻnglida quyosh charaqlab turgan mana shunday insonlarning mehridan bagʻrikengligidan, sahiyligidan, sahovatidan, muruvvatidan emasmi!
Aziz ustoz, koʻnglingizdagi bu quyosh hech qachon soʻnmasin. Ezgu nurlar taratishdek ulugʻ va savob ishlaringiz rohatini koʻrib yuravering. Umringiz ulugʻ insoniy, ilmiy, ijodiy jozibangiz buyuk eʼzozga, sharafga muyassar boʻlishdan toʻxtamasin.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI