Andijon Davlat
Universiteti
IJTIMOIY TARMOQDA E'LON QILINGAN POSTGA ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETIDAN RASMIY MUNOSABAT
2020-12-16    1601

 

Bugun, “Muxbir Daliyev” telegram kanalida “Andijon davlat universiteti rektoriga murojaat” nomi ostida post eʼlon qilindi.

Ushbu post yuzasidan universitet maʼmuriyati quyidagilarni maʼlum qiladi:

2019-2020 oʻquv yilining fevral-mart oylarida Andijon davlat universitetiga Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish Davlat komissiyasining 2020-yil 4-fevraldagi majlisining 12-son bayoniga asosan istisno tariqasida qoʻshni davlatlardan 5412 nafar talabalar oʻqishini koʻchirgan.

Amaldagi tartibga (Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ning 3-bob 24-bandi) koʻra oʻqishi koʻchirilayotgan talabaga ilgari taʼlim olgan oliy taʼlim muassasasidan uning shaxsiy yigʻma jildi olingandan keyin darslarga qatnashishiga ruxsat etish toʻgʻrisidagi buyruq rasmiylashtirilishi lozim.

2020-yilning mart oyidan yurtimizda karantin qoidalari joriy qilinganligi sababli Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tavsiyasi bilan taqdim etilgan barcha talabalarning hujjatlari oʻrganilmasdan turib, universitet rektorining aprel oyidagi F-1 sonli farmoyishi bilan hamma talabalar darslarga qoʻyilgan. Bundan koʻzlangan maqsad, talabalarga darslardan kolib ketmaslik imkonini berish boʻlgan. Karantin davrida oʻqishi koʻchirilgan talabalar qoʻshni davlatlar OTMlaridan asl hujjatlarini olib kela olmasdilar, shu bois ularning shaxsiy hujjatlar jamlanmasini oʻrganishning imkoni boʻlmadi.

Joriy yilning oktyabr oyidan boshlab, oʻqishini koʻchirgan talabalar oʻzlarining shaxsiy yigʻma jildlarini qoʻshni davlatlardan olib oʻtib, universitetga topshirmoqdalar.

Hozirga qadar, darslarda qatnashishga ruxsat berilgan sirtqi boʻlim boʻyicha 3302 nafar, kunduzgi boʻlim boʻyicha 1800 nafar talabalar shaxsiy yigʻma jildlarini topshirganlar. Ularning hujjatlari oʻrganilib, universitet rektorning 2020-yil 16-dekabrdagi T-63 sonli buyrugʻi bilan talabalar safiga qabul qilindilar. Qolganlari asl hujjatlarini taqdim etishda davom etmoqda. Shaxsiy yigʻma jildlarini taqdim eta olmaganlarga rad javobi berilmoqda.

Amaldagi tartibga koʻra oʻqishni koʻchirgan talabalar shartnomani olishlari uchun buyruq shart emas. Aprel oyidagi rektor farmoyishi bilan deyarli barcha talabalar shartnomani olganlar va ularning 5 mingga yaqini ushbu oʻquv yilining birinchi choragi uchun toʻlovlarni amalga oshirganlar.

Bu jarayon ilk marta istisno tariqasida boʻlgani uchun, buning ustiga pandemiya davriga toʻgʻri kelib qolgani uchun juda koʻp jihatlari oʻziga xos yechim bilan, vazirlik bilan kelishib olib borilyapti. Ushbu masala yuzasidan har kanday savol boʻlsa biz bilan bemalol hal kilinishi mumkinligini bildiramiz.

Eslatib oʻtamiz, Andijon davlat universitetida murojaatlarni qabul qilish va muammolarini vaqtida yechish maqsadida ikkita: universitet rektorining @anddu_rektori_botʻi hamda universitet axborot xizmatining @asu_uzbbotʻi doimiy asosda ishlab kelmoqda.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.