Andijon Davlat
Universiteti
OʻZBEKISTON XALQ SHOIRI TOʻLAN NIZOM 82 YOSHIDA OLAMDAN OʻTDI
2020-12-10    1590

Bugun, 10-dekabr kuni Andijon farzandi, universitetimizning sobiq talabasi Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻlan Nizom 82 yoshida olamdan oʻtdi.

Toʻlan Nizom 1938-yil 17-avgustda Andijon viloyati Boʻz (hozirgi Boʻston) tumanida tavallud topgan. 1965 yilda Andijon davlat universiteti (Sobiq Andijon pedagogika instituti)ning oʻzbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. 

Yoshlar tashkilotlarida rahbar (1965-76), tuman xalq taʼlimi boʻlimida mudir (1976-83), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat boʻlimida masʼul kotib (1983-85), Boʻz pedagogika bilim yurtida direktor (1985-2001) boʻlib ishlagan.

Birinchi sheʼriy toʻplami — “Sening ertaklaring” (1970). Shundan soʻng Toʻlan Nizomning “Iftixor” (1982), “Oy qizlar” (1988), “Muqaddas ruh” (1993), “Vatan tuygʻusi” (1993), “Chaman ichra”, “Aks-sado”, “Intizorlik” (1994), “Dahr bogʻi” (1995), “Saylanma” (1998) kabi sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilingan. “Bahoriy maysalar”, “Avji yoz” va “Zarrin yaproqlar” nomi bilan (2007-2010) uch jildlik asarlari bosilgan.

Toʻlan Nizom soʻnggi yillarda liroepik janrlarda samarali ijod qilib, Bobur, Mashrab, Choʻlpon, Mirtemir, Usmon Nosir, S. Zunnunova, M. Yusuf singari siymolarga bagʻishlangan “Choʻlpon”, “Majnuntol yigʻisi”, “Ruhi ravonim” (1993), “Uch soʻz” (1995), “Oq gul”, “Botmay qolgan oy” (1996), “Alisher” (2003) singari doston va lirik qissalarini yezdi. “Non hidi” (1998), “Suhbat” va Qamchiq dovoni qurilishiga bagʻishlangan “Dovon” (2002) dostonlari muallifi.

U Oʻzbekiston xalq shoiri (1998), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi. Xalqaro Choʻlpon va Bobur mukofotlari laureati. “Mehnat shuhrati” (2003) va “El-yurt hurmati” (2008) ordenlari bilan taqdirlangan.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.