Andijon Davlat
Universiteti
UMUMTAʼLIM FANLARI BOʻYICHA SERTIFIKATLASH JORIY ETILADI
2020-10-13    1426

“Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (646-son, 12.10.2020-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, quyidagilar joriy etiladi:

2020-yil 1-dekabrdan bosqichma-bosqich bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumtaʼlim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi;

2021/2022 oʻquv yili qabulidan boshlab tegishli umumtaʼlim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikatga ega boʻlgan abituriyentga sertifikatdagi oʻzlashtirish foiziga mos ravishda OTM bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi.

Umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

▪ 2020-yil 1-dekabrda ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari boʻyicha;

▪ 2021-yil 1-fevralda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha;

▪ 2022-2024-yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari boʻyicha.

Sertifikat berish uchun test savollari Xalq taʼlimi vazirligi va Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tuziladi.

Qaror bilan Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Unga muvofiq, sertifikat berish Davlat test markazi tomonidan toʻlov asosida amalga oshiriladi.

Sertifikat berish uchun talabgordan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari (334 500 soʻm) miqdorida toʻlov undiriladi.

Sertifikat test sinovi natijasi boʻyicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini toʻplagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.

Sertifikat test sinovidan ijobiy natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida Davlat test markazi direktorining buyrugʻi asosida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.