Andijon Davlat
Universiteti
“O‘ZBEKISTONNING YANGI TARAQQIYOT DAVRIDA TA’LIM-TARBIYA VA ILM-FAN SOHALARINI RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA”GI PREZIDENT FARMONI QABUL QILINDI
2020-11-09    4612

“O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. (PF-6108-son, 06.11.2020 y.). Quyida farmonning asosiy jihatlari bilan tanishtirib o’tamiz.

Pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTMlarga xalq ta’limi sohasi xodimlarining malakasini oshirish huquqi berildi

Farmon bilan, 2021-yil 1-maydan boshlab pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari hamda lisenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlariga xalq ta’limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi berildi.

OTMlar va NTTlarning pedagog kadrlar malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ushbu maqsadlar uchun Xalq ta’limi vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida qoplanadi.

2021/2022-o‘quv yilidan professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim tizimi joriy etiladi

Farmonga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilidan:

amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish maqsadida professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim tizimi joriy etiladi;

dual ta’lim tizimi asosida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan o‘quvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq ish haqi to‘lanadi;

professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash tartibi bosqichma-bosqich joriy qilinadi va ishchi kasblar bo‘yicha ”WorldSkills Uzbekistan” musobaqalari o‘tkaziladi;

professional ta’lim muassasalariga xorijiy mamlakatlardagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashni tashkil etish vakolati beriladi.

Milliy reytingda yuqori o‘rinni egallagan OTMlarga akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi

Farmonga muvofiq, milliy reytingda so‘nggi 3 yil davomida doimiy ravishda birinchi 3 ta o‘rindan birini egallagan OTMlarga oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash bo‘yicha akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi.

Shuningdek, milliy reytingida birinchi 10 ta o‘rindan birini egallagan OTMga mavjud ixtisosliklar bo‘yicha ilmiy unvonlarni mustaqil berish vakolati beriladi.

2021-yil 1-sentyabrga qadar har bir hududda kamida bittadan nodavlat  OTM tashkil qilinadi

Oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentyabrga qadar har bir hududda nodavlat, jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida kamida bittadan oliy ta’lim muassasasi tashkil qilinadi.

Qarorning to'liq matnini ochish


MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.