“Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni ijrosini ta’minlash, oliy ta’limdan keyingi ta’lim va mazkur tizimga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali oliy ta’limdan keyingi ta’lim jarayonlarining shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida 2020-yil uchun qabul kvotalari bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirish, hujjatlarni topshirish va ro‘yxatga olish jarayonlari raqamlashtirilgani va maxsus veb-sayt orqali tajriba tariqasida samarali amalga oshirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus veb-sayt negizida oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida qabul kvotalari bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirish, hujjatlarni topshirish va ro‘yxatga olish, faoliyat samaradorligi monitoringini olib borishni Oliy ta’limdan keyingi ta’limni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimida (keyingi o‘rinlarda — Yagona elektron tizim) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
- Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari mavjud tashkilotlar tomonidan Yagona elektron tizim orqali quyidagilar amalga oshirilishi belgilansin:
- a) 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
stajor-tadqiqotchi, izlanuvchi, ilmiy rahbar va konsultantlarga doir ma’lumotlar bankini shakllantirish, stajor-tadqiqotchi va izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasidagi ishlar bajarilishini qayd etish;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarining samaradorligi monitoringini olib borish, tegishli hisobotlar va tahliliy ma’lumotlarni shakllantirish;
- b) 2021-yil 1-martdan boshlab:
stajor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturada o‘qish uchun qabul kvotalari bo‘yicha buyurtmanoma shakllantirish;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida o‘qish uchun talabgorlarni (keyingi o‘rinlarda — talabgorlar) ro‘yxatga olish.
- O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda Yagona elektron tizimdan foydalanuvchi tashkilotlarni belgilangan tartibda elektron raqamli imzo bilan ta’minlash;
2021-yil 1-martga qadar Yagona elektron tizimda barcha izlanuvchilarning ro‘yxatga olinishi, oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari, vazirlik va idoralar hamda ulardagi Yagona elektron tizimda ishlashga mas’ul xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ushbu tizimga to‘liq kiritilishini ta’minlash;
vazirlik, idora, ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari xodimlari uchun Yagona elektron tizim orqali ishlash tartibini tushuntirish bo‘yicha tanishtiruv seminarlarini media mahsulotlardan foydalangan holda tizimli asosda o‘tkazish;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida bajariladigan barcha jarayonlarning doimiy monitoringini, shuningdek Yagona elektron tizim orqali olib borish choralarini ko‘rsin.
- Yagona elektron tizimdan foydalanish doirasida quyidagilar mas’ul tashkilotlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
- a) O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
vazirliklar, idoralar, ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalarining Yagona elektron tizimdan samarali foydalanishlarini ta’minlash, shuningdek undan foydalanish bo‘yicha uslubiy jihatdan rahbarlik qilish;
vazirliklar, idoralar, ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari tomonidan ushbu qarorning 4-bandida ko‘rsatilgan tadbirlarning amalga oshirilishini doimiy monitoringini yuritish;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda innovatsion ish uslublarini yanada keng joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarning ushbu tizimdan foydalanish jarayonida kelib tushgan takliflarini hisobga olgan holda Yagona elektron tizimni takomillashtirib borish va modernizatsiya qilish;
Yagona elektron tizimning sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;
Yagona elektron tizimni texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni doimiy ravishda o‘tkazib borilishni ta’minlash;
- b) Kiberxavfsizlik markazi — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Yagona elektron tizimning axborot xavfsizligini ta’minlash;
- v) vazirlik va idoralar:
belgilangan tartibda va muddatlarda oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari faoliyatiga doir ma’lumotlarni Yagona elektron tizim orqali elektron muhitga to‘laqonli o‘tkazish bo‘yicha tezkor tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tizimidagi ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalarida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari faoliyatiga doir ma’lumotlarni Yagona elektron tizimda elektron shaklga o‘tkazilishini va saqlanishini ta’minlash;
Yagona elektron tizim orqali oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimiga doir hujjat almashish, ma’lumot va hisobotlarni ko‘rib chiqish hamda tasdiqlash uchun belgilangan tartib va muddatlarga qat’iy amal qilish;
- g) oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar va ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda — ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari):
talabgorlar, stajor-tadqiqotchilar, izlanuvchilar, ilmiy rahbar va ilmiy konsultantlar bo‘yicha ma’lumotlarning aniqligi va to‘g‘riligini ta’minlash;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim uchun qabul kvotasi bo‘yicha takliflarni shakllantirish, talabgorlardan hujjatlarni qabul qilish va qabul ishlarini tashkil etish, izlanuvchilar, ilmiy rahbar va ilmiy konsultantlarga doir ma’lumotlarni elektron ko‘rinishda saqlash jarayonida Yagona elektron tizimidan foydalanish.
- Quyidagilar:
Stajor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga o‘qitish uchun qabul kvotasi bo‘yicha buyurtmanomani shakllantirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq;
Stajor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturada o‘qish uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish, o‘qishga qabul qilish va izlanuvchilarning o‘qishini tashkil etish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Belgilansinki, Yagona elektron tizimning uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi, unga texnik xizmat ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uning funksional imkoniyatlarini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining yillik xarajatlar smetasi doirasida moliyalashtiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Yagona elektron tizimni joriy etishning manzilli jadvalini ishlab chiqib, tasdiqlasinlar.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yagona elektron tizimning uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi, unga texnik xizmat ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uning funksional imkoniyatlarini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq uning yillik smetasida qo‘shimcha ajratilishini ta’minlasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining vazirlik va idoralar bilan birgalikda Ilmiy nashrlar bo‘yicha milliy bazaning (keyingi o‘rinlarda — Milliy baza) elektron platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
- Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda 2021-yil yakuniga qadar Milliy bazaga respublikada nashr qilingan ilmiy jurnallardagi maqolalarning elektron shaklidagi matnlari kiritilishini ta’minlasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar Milliy bazaga kiritiladigan ilmiy nashrlarda iqtiboslikni hisoblash usuli bo‘yicha asoslangan takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4387-son qarorining 8-bandiga muvofiq stajor-tadqiqotchilik instituti (keyingi o‘rinlarda — stajor-tadqiqotchilik instituti) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- Belgilansinki:
stajor-tadqiqotchilik instituti oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi;
stajor-tadqiqotchilik institutiga o‘qishga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori asosida oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalarida tashkil etilgan qabul komissiyasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tanlov asosida amalga oshiriladi;
stajor-tadqiqotchilik institutiga o‘qishga talabgorlarni tanlab olish suhbat natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi;
stajor-tadqiqotchilik institutida o‘qish bir yilgacha davom etadi;
stajor-tadqiqotchilik institutini bitirganlar mazkur bosqichga qayta qabul qilinmaydi.
- Stajor-tadqiqotchilarga stipendiya va ularga biriktirilgan ilmiy rahbarlarning mehnatiga haq to‘lash quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilansin:
stajor-tadqiqotchilik institutiga qabul qilinganlarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy xodimlar mehnatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2009-yil 18-avgustdagi 233-son qaroriga muvofiq stajor-tadqiqotchi lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya to‘lanadi;
ta’lim muassasasida ilmiy rahbarlar tomonidan stajor-tadqiqotchi bilan olib borilgan ish umumiy o‘quv yuklamasiga kiritiladi va qonunchilikda belgilangan tartibda har bir stajor-tadqiqotchi uchun bir yilda 75 soat hajmida har oyda to‘lanadi;
ilmiy tashkilotda ilmiy rahbarlar stajor-tadqiqotchilar har oyda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lashning qonunchilikda belgilangan tartibida har bir stajor-tadqiqotchi uchun bir yilda 75 soat hisobida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan “Fan” sohasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
- Falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasini o‘qish muddati tamom bo‘lishidan oldin himoya qilganlarga, shuningdek ularning ilmiy rahbarlari va konsultantlariga muassasa rahbarining buyrug‘i bilan o‘qish muddatining qolgan davri (muddati) uchun nazarda tutilgan tegishlicha stipendiyaning hamda doktorant bilan olib borilgan ish uchun to‘lovning jami miqdori hajmida tegishli diplom taqdim etilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 20 kun muddatda mukofot to‘lanadi.
Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan, zarurat bo‘lganda asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M. Umarov hamda O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-noyabr,
696-son
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI