Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:
1. Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) hamda Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Konsepsiya hamda uningmaqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:
a)ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida:
ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan milliy reyting tizimini joriy etish;
ilm-fanda o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish hamda uning doirasida loyihalarni amalga oshirish;
b) ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamdamoliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash borasida:
2025 yilga qadar ilm-fanga yo‘naltiriladigan jami mablag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini 6 baravarga, 2030 yilgacha esa 10 baravarga oshirish;
2025 yilga qadar ilm-fanni umumiy moliyalashtirish hajmida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga xususiy sektor tomonidan ajratiladigan mablag‘lar ulushini amaldagi 8 foizdan 20 foizga, 2030 yilgacha esa 30 foizga yetkazish;
innovatsion ishlanmalar va startap loyihalarni moliyalashtirish maqsadida xorijiy yetakchi investitsiya kompaniyalari bilan hamkorlikda 2021 yilda 2 ta, 2025 yilda 10 ta venchur jamg‘armalarini tashkil qilish;
v) yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish borasida:
ilmiy tashkilotlar tadqiqotchilarining o‘rtacha yoshini 2025 yilga qadar 45 ga, 2030 yilgacha esa 39 ga yetkazish;
2025 yilga qadar 39 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning umumiy sonida yuqori malakali ilmiy xodimlarning (fan nomzodi, falsafa va fan doktorlari) ulushini 2 baravarga, 2030 yilgacha esa 3 baravarga oshirish;
g) ilm-fanni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish borasida:
2025 yilga qadar ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar sohasidagi texnologik innovatsiyalarga xarajatlarning umumiy hajmida tashkilotning o‘z kuchi bilan bajarilgan texnologik innovatsiyalarga xarajatlarning ulushini 3,5 baravarga, 2030 yilgacha esa 9 baravarga oshirish;
2021-yilda “Yashnobod” innovatsion texnoparkining rezidentlari sonini 60 taga yetkazish va shu asosda innovatsion mahsulotlar turi va hajmini oshirish, shuningdek, 720 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish;
7 ta zamonaviy laboratoriya majmualarini tashkil etish, ularni GLP va GMP jahon standartlariga mos uskunalar bilan jihozlash;
d) ilm-fan taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi zamonaviy axborot muhitini shakllantirish borasida:
milliy ilmiy portalni yaratish;
olimlar, tashkilotlar, ilmiy-texnik axborot manbalari reytinglarini joriy etish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
ilmiy tashkilotlar rahbarlari lavozimiga ustuvor ravishda ilm-fan tizimini boshqarish ko‘nikmasiga va iqtisodiy bilimga ega bo‘lgan yosh mutaxassislar tayinlanadi;
2021-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy tashkilotlar rahbarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitish va muntazam malakasini oshirib borish tizimi joriy qilinadi;
2021-yil 1-yanvardan boshlab har bir ilmiy tashkilotda uning boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida ilm-fan va ilmiy faoliyat bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi, bu lavozimga taniqli ilm-fan namoyandalari va nufuzli olimlardan biri tayinlanadi hamda maslahatchi tashkilotning Ilmiy kengashini boshqaradi;
ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash hamda ilmiy maktablar, fan namoyandalari va yetakchi olimlarning sohadagi mas’uliyatini oshirish maqsadida har bir fan yo‘nalishlari bo‘yicha fan jamiyatlari tashkil qilinadi;
2021-yilda xalqaro mustaqil ekspert kompaniyalarini jalb etgan holda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan barcha davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyati auditdan o‘tkaziladi;
barcha davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining respublika darajasidagi rahbarlari (birinchi o‘rinbosarlari) bir vaqtning o‘zida ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga mas’ul hisoblanadi hamda bu borada tizimdagi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
4. Hududlarda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fanga keng jalb qilish, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2021 yil 1 yanvardan boshlab “Akademik harakatchanlik”dasturi joriy qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida:
ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish, ularning xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarga qisqa muddatli stajirovkalarini tashkil etish uchun Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan grantlar ajratiladi;
mazkur yoshlarga ilmiy tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar huzuridagi ilmiy tuzilmalardagi zamonaviy ilmiy asbob-uskunalardan bepul foydalanish huquqi beriladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 dekabrga qadar “Akademik harakatchanlik” dasturini amalga oshirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Quyidagilar:
Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;
Ilm-fan sohasi va ilmiy-tadqiqot ishlarini 2021–2023 yillarda moliyalashtirish hajmini kengaytirish va moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalashning maqsadli parametrlari (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli parametrlar) 3-ilovaga muvofiq;
Ilm-fan sohasi va ilmiy-tadqiqot ishlarini 2021-2023 yillarda moliyalashtirish hajmini kengaytirish va moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalashning maqsadli parametrlariga erishish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi (keyingi o‘rinlarda – Chora-tadbirlar rejasi) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. 2021 yil 1 yanvardan boshlab Ilmiy darajali kadrlar tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi joriy qilinsin.
Belgilansinki, Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi orqali quyidagi ishlar to‘liq amalga oshiriladi:
stajyor-tadqiqotchi, izlanuvchi, ilmiy rahbar va konsultantlarga doir ma’lumotlar bankini shakllantirish, stajyor-tadqiqotchi va izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasidagi ishlar bajarilishini qayd etish;
ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash institutlarining samaradorligi monitoringini olib borish, tegishli hisobotlar va tahliliy ma’lumotlarni shakllantirish;
stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturada o‘qish uchun qabul kvotalari bo‘yicha buyurtmanoma shakllantirish;
ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash institutlarida o‘qish uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish.
Innovatsion rivojlanish vazirligi mazkur elektron tizimning uzluksiz ishlashi, unga texnik xizmat ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uning funksional imkoniyatlarini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirib borsin.
7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
oliy ta’limdan keyingi ta’limning bir pog‘onali tizimi joriy qilingan xorijiy davlatlarning ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlarida olingan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlari O‘zbekiston Respublikasida fan doktori (DSc) sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi (ekvivalentligi qayd etiladi);
xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlarida olingan professor, dotsent, katta ilmiy xodim va ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy unvonlar to‘g‘risidagi hujjatlar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar kengashlarining tavsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazmasdan va boshqa sinovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.
8. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi va “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlanishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirishning yangi tartibini joriy qilish;
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasi va Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanish;
Innovatsion rivojlanish vazirligining amaldagi vazifa va funksiyalarini qayta ko‘rib chiqib, uning faoliyat samaradorligini yanada oshirish.
9. Jahon banki tomonidan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida respublikamizda innovatsion tizimni rivojlantirish, innovatsion faoliyat sohasidagi indikatorlarni yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida 50 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish to‘g‘risidagi “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) ma’qullanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2021-yil 1-yanvarga qadar:
Loyiha doirasidagi tashabbuslarni (loyihalarni) baholash va ekspertizadan o‘tkazish uchun Xalqaro ekspert kengashini (International Expert Board) tashkil etish;
Jahon banki talablariga asosan Loyiha doirasidagi tashabbuslarni (loyihalarni) amalga oshirishga ko‘maklashish, moliyaviy nazorat va hisobot tizimini yuritish maqsadida loyihani amalga oshirish guruhini tashkil etish choralarini ko‘rsin;
2021 yilda “O‘zbekiston ilmiy salohiyatini oshirish” loyihasini amalga oshirish uchun Jahon bankining qo‘shimcha 50 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini jalb etish bo‘yicha taklif kiritsin.
10. Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, mas’ul vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar Maqsadli parametrlarni amalga oshirish doirasidagi tegishli sarf-xarajatlar uchun Davlat byudjeti, tegishli mahalliy byudjetlar parametrlari va byudjetdan tashqari jamg‘armalar doirasida mablag‘lar ajratsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 maydagi PQ–4702-son qarori bilan tasdiqlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga 2021 yil 1 yanvardan boshlab tegishli hududda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilganfundamental, amaliy va innovatsion loyihalar soni, bir million aholi soniga to‘g‘ri keladigan ilmiy tadqiqotchilar va olimlar soni, tijoratlashtirilgan ilmiy ishlanmalar soni va hajmiindikatorlari kiritilsin.
12. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2020 yil 1 dekabrga qadar 2019 yilda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida yakunlangan ilmiy loyihalar natijadorligini puxta va har tomonlama tahlil qilish asosida yaratilgan muhim ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishnibir necha bor ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish dasturini qabul qilsin.
13. Mas’ul ijrochilar – tizimida ilmiy tashkilotlar mavjud bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari:
bir oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar va tadbirlarni amalga oshirishning 2020-2021 yillar uchun hamda har yil yakunida – kelgusi yil uchun chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar chora-tadbirlar rejalari va “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi bo‘yicha ma’lumotlarning tegishli ravishda Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini ta’minlasin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar mazkur Farmonning ijrosi bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotlar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlanishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.
14. Quyidagilar:
Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi (A.N.Aripov) zimmasiga – ushbu Farmonning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishini ta’minlash, Konsepsiya hamda “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilish hamda muvofiqlashtirish, mas’ul rahbarlarning bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini kengash majlislarida bir yilda kamida ikki marotaba eshitish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
innovatsion rivojlanish vaziri (I.Yu.Abduraxmonov) zimmasiga – Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlash, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida ilmiy mahsulotlar hajmi va innovatsion mahsulotlar turlarini kengaytirish faoliyatini muntazam ravishda muvofiqlashtirib borish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mas’ul vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga – Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish, ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni shakllantirish asosida tegishli hududdagi mavjud muammolarning ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan ilmiy loyihalarning amalga oshirilishini ta’minlash;
Fanlar akademiyasi prezidenti (B.S.Yuldashev) zimmasiga – Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyatini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlariga to‘liq moslashtirish, yuqori samarador ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarning soni va joriy etish ko‘lamini kengaytirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
15. Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi ikki hafta muddatda mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini ilmiy jamoatchilik va aholi orasida keng yoritish bo‘yicha 2020 yil yakuniga qadarchiqishlar va tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etish maqsadida tegishli davlat organlari va muassasalarining O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga biriktirilishini ta’minlasin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020 yil 29 oktabr
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI