Andijon Davlat
Universiteti
AʼZAM OʻKTAM BADIIY MAHORATI TAHLIL QILINDI
2020-10-26    1902

Bugun, 26-oktabr kuni Andijon davlat universitetida “Aʼzam Oʻktam badiiy mahorati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn anjumani oʻtkazildi.

 

O’tgan asrning 80-yillarida o’zbek she’riyatiga shiddat bilan kirib kelgan, katta-katta ma’nolarni ikki qatorgina she’rga jamlay oladigan so’z san’atkori A’zam O’ktam ijodi kam o’rganilgan mavzulardan biri bo’lib qolmoqda.

Shoir Aʼzam Oʻktam tavalludining 60 yilligiga bagʻishlangan ushbu anjuman oz bo’lsa-da shoir ijodiga oid o’rganishlar va tadqiqotlarni jamladi desak ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz.

Aʼzam Oʻktam ijodi, ayniqsa, uning sheʼriyati toʻgʻrisida yozish oson emas. Sababi, Aʼzam Oʻktam shaxsiyati, uning sheʼrlari yengil, oʻtkinchi, navbatchi gaplarga, hamma qalamkashlar uchun yoziladigan bir xildagi bosma qoliplarga mos tushavermaydi.

Garchand shoir nomi Respublika markaziy gazeta-jurnallarida “Aʼzam Xudoyberdiyev” tarzida XX asrning 80-yillari avvalida paydo boʻlib, davriy matbuotdagi adabiy-tanqidiy, tafsiliy maqolalarda isteʼdod yoshlar qatorida koʻp bora tilga olingan boʻlsa ham, ijodiy yoʻlini, tadriji va yangilanishlarini, gʻoyaviy-poetik olamini teran ochib beradigan maxsus tadqiqiy-ilmiy maqolalar yozilgani yoʻq. Holbuki, Aʼzam Oʻktamdan adabiyot muhiblariga “Kuzda kulgan chechaklar”, “Kuzatish”, “Ziyorat”, “Taraddud”, “Ikki dunyo saodati”, “Qirqinchi bahor” kabi sheʼriy toʻplamlar meros boʻlib qoldi.

Tabiiyki, bular shoirning boshqalarga oʻxshamagan poetik olami xususida jiddiy bir tadqiqot, tasnif, tahlil va talqinlar uchun manba boʻlishi antiq. Darvoqe, uning ijodi faqatgina sheʼriy asarlardan iborat emas. Aʼzam Oʻktam koʻpgina adabiy maqolalar, “Xabar” nomli qissa yozdi. Ayrim publitsistik asarlariga Nizomiddin Latif imzosini qoʻydi. Shuningdek, tarjimonlik, muharrirlik ishlari bilan shugʻullandi.

Anjumanda yuqoridagi masalalar yuzasidan shoirning zamondoshlari, tengdoshlari va muxlislari, adabiyotshunos olimlar bilan bir qatorda shu sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan doktorantlar, magistrantlar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

Anjumanning quyidagi seksiyalari boʻyicha maʼruza tezislari bo’yicha qabul qilindi 

Seksiya 1. Aʼzam Oʻktam ijodi badiiyati. 

Seksiya 2. Aʼzam Oʻktam ijodining til xususiyatlari.

Seksiya 3. Aʼzam Oʻktam ijodini oʻqitishning innovatsion metodlari.

Konferensiyada O‘zMU professori Ra’no Sayfullayeva, Moskva davlat Lingvistika universiteti  dotsenti Beg‘am Qorayeva (Rossiya), Samarqand davlat universiteti professori Hotam Umurov, Andijon davlat universiteti professori Dilmurod Quronov, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori Saydi Umirov, Chimkent shahridagi 53-maktab o‘qituvchisi Salimjon G‘aniyev (Qozog’iston), Neyde universiteti professori  Muhabbat Qurbonova (Turkiya), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Munavvara Yusupova kabi taniqli olimlar, shoirlar va tadqiqotchilar shoirning ijodiga turli tomondan nazar tashlab, o’zlarining mulohazlarini taqdim qildilar.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.