Bugun, universitetimizning ulug’ ustozlaridan biri, Qur’on va hadis ilmining bilimdoni Hayrulloh domla Umrzoqov foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qildilar.
Hamisha yuzlaridan samimiylik nuri yog’lib turadigan Ustozimiz Hayrulloh domlaning endi oramizda yo’qligi u insonni tanigan hammani birdek qayg’uga soldi. Ustozning sofdillik va kamsuqumlikka yo’g’rilgan hayot yo’llariga barcha havas qilsa arziydi.
Hayrulloh domla Umrzoqov ko’plab ma’rifatli insonlar maskani bo’lgan Buloqboshida tavallud topdi. Otasi mullo Umrzoq ota diniy ilmlar bilimdoni sifatida hurmat qozongan edi. Ma’rifatli otaning tarbiyasi Hayrulloh domlaning kelajagi uchun mustahkam poydevor bo’ldi. Yoshlikdan ilmga bo’lgan ishtiyoq Ustozni Buxorodagi Mir Arab madrasasiga yetakladi. Biroq u yerda to’liq bilim olishga ulgurmay harbiy xizmatga chaqirildi. Xizmatdan so’ng 1960-yilda Toshkent davlat universiteti Sharqshunoslik fakulteti Arab filologiyasi bo’limiga o’qishga kirdi. Beshinchi bosqichda tahsil olayotgan kezlari Bag’dod universitetiga yuborildi. Bag’dodda arab tili filologiyasi bilan birga Qur’on, hadis ilmi, islom tarixini puxta o’rgandi. 1973-yili avval sayyoh sifatida Misrda, 1974-76-yillarda davlatimiz topshirig’i bilan Yamanda ishladi. 1986-yili Suriya davlatida suv inshootlari bo’yicha tarjimon sifatida faoliyat olib bordi. Horijdan qaytib to umrining oxiriga qadar Andijon davlat universitetida talabalarga sharq tillari (arab, fors) va eski o’zbek yozuvi fanlaridan saboq berdi.
Ustoz har bir darsni muqaddas bildi, kasbini sevib ardoqladi. Talabalarning nafaqat bilim olishiga, balki tarbiyasiga ham alohida e’tibor berdi. Hamkasblarga, shogirdlarga hayot saboqlaridan so’zlab charchamadi, har sohada namuma bo’ldi.
Hayrulloh domla Umrzoqovning odob-axloq, din-diyonat, hadislarga bag’ishlab yozilgan 200 dan ziyod maqolalari gazeta va jurnallarda chop etilgan. Shuningdek, muassasa, tashkilotlarda, mahallalarda o’zining hikmatga to’la ma’ruzalari bilan ma’rifat ulashub charchamagan.
Ustoz oilada ham talabchan ota, mehribon turmush o’rtoq, oqil rahbar edilar. Ular turmush o’rtoqlari Diloromxon aya bilan birga uch o’g’ilnii el koriga yaraydigan solih insonlar qilib tarbiyaladi. Mahallada namunali oila sifatida e’tirofga sazovor bo’ldi. Ustozning umr yo’llari hamma ibrat olsa arzigulik.
Hayrulloh domlaning sekingina so’zlashlari ham barcha shogirdlarni hamisha sergak torttirardi. Sokingina qadam tashlashlari alohida ulug’vorlik nishonasi edi. Kasbga fidoiylik, har ishda mas’liyat, katta-kichikka birdek munosabat-kamtarlik Ustozning bir umrlik shiorlari bo’ldi. Jimgina jonkuyarlik, sokingina shijoat jo edi yuraklarida.
Ustoz ibratli va samarali hayot kechirdilar. U kishini tanigan barcha odamlar ko’zlarida yo’sh, yuraklarida sog’inch bilan eslaydilar inshaalloh. Ustoz! Oxirat manzillaringiz jannat bog’chalari bo’lsin. Qilgan barcha solih amallaringiz sizni Allohning rizoligi va rahmatiga erishtirsin!
Ustozning oilasiga, yaqinlariga chuqur hamdardligimizni izhor qilamiz.
Ustoz madxi
Derlar asli bu hayotning o‘zi hikmat,
Ustoz aytgan har o‘giti, so‘zi hikmat,
Xatto bosib o‘tgan nurli izi hikmat,
So‘zi gavhar tillogina ustozimiz,
Ilmda ham mullogina ustozimiz.
Bizga ibrat erur har bir yumushi,
Ibrat erur nafsni yengib pok yurishi,
Birdir mudom degani-yu qilgan ishi,
Turishlari sipogina ustozimiz,
Ilmda ham mullogina ustozimiz.
Qancha ilm peshvosiga ustoz bo‘lar,
Inson degan ulug‘ nomning qadrin bilar,
Andishani, oriyatni unvon bilar,
Ko‘zida ming ma’nogina ustozimiz,
Ilmda ham mullogina ustozimiz.
Taratadi ma’rifatning ziyosini,
Xulq-odobda topolmaysiz qiyosini,
Anglolmaysiz dunyo ichra dunyosini,
Fe’li toza, yaktogina ustozimiz,
Ilmda ham mullogina ustozimiz.
Duo qilar Ollohdan o‘g‘il-qizingiz,
So‘rab bundan ziyoda qilsin umringiz,
Hali ko‘p keraksiz asrang o‘zingiz,
So‘zi gavhar tillogina ustozimiz,
Ilmda ham mullogina ustozimiz.
Dilfuza Matyoqubova, O'zbek tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI