Kecha, 27-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali "ADU o‘qituvchilari: “Murabbiylik va soatbay darslar uchun hanuzgacha haq to‘lanmadi” nomli xabarlar tarqaldi. Universitet rahbariyati ushbu xabarlarni atroflicha o'rganib chiqdi. O'rganishlar natijalariga ko'ra quyidagilarni ma'lim qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3151-son qarorining 11 bandiga muvofiq oliy ta’lim muassasalari guruh murabbiylarining faoliyati samaradorligi va mas’uliyatini yanada oshirish, ularning doimiy rag‘batlantirib borilishini ta’minlash maqsadida har bir guruh murabbiylarga (jumladan murabbiylar kengashi rahbarlariga) oylik maoshining 25 foizigacha miqdorda ustama haq to‘lanishini ta’minlash belgilangan. Shunga muvofiq Andijon davlat universitetida guruh murabbiylarning oylik ish haqlariga nisbatan ustama tayinlash 8% dan 25% gacha bo‘lgan summa miqdorida guruh murabbiylarining ish faoliyatiga qarab universitet murabbiylar Kengashi qarori asosida tabaqalangan tartibda amalga oshiriladi.
Andijon davlat universiteti guruh murabbiylarining oylik ish haqlariga nisbatan ustamalarni belgilash va to‘lovni amalga oshirish 2020 yilning mart oyiga qadar to‘liq amalga oshirilgan. Aprel oyidan guruh murabbiylariga oylik ustamalar berish to‘xtatilgan. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi 232-son “2020 yil O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining va xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 1-bandiga muvofiq keladi.
Universitet kasaba uyushmasi tomonidan doimiy ravishda professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar huquqlarini himoya qilish, pandemiya sharoitida ularga manzilli yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, mart-sentabr oylarida uyushma tomonidan jami 160 nafar professor-o‘qituvchilar hamda ishchi xodimlarga jami 29 mln so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, mart-aprel oylarida 45 nafar yordam muhtojlarga 137 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Shu vaqtga qadar kasaba uyushmasiga qilingan barcha murojaatlar uyushmaning vakolatlari daoirasida hal qilinib, amaliy yordam berib kelinmoqda.
Oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotganiga bir necha yil bo‘lishiga qaramasdan xujjat yuritish qoidalarini to‘liq bilmaydigan professor-o‘qituvchilar xam uchrab turadi. Kafedrada darslarning qanday taqsimlanishi, o‘quv soatlarini qaysi semestrlarda necha soatdan o‘tilishi, o‘quv metodik, ustoz-shogird, ilmiy tadqiqot ishlarini qanday olib borish bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lmagan professor-o‘qituvchilar ham mavjud.
Ma’lumki, joriy yilning fevral - mart oylarida qo‘shni davlatlardan talabalarning o‘qishini ko‘chirishi bo‘yicha arizalar qabul qilinib, birinchi bosqichda 3458 nafar va ikkinchi bosqichda 1951 nafar, Andijon davlat universitetida o‘qish uchun tavsiya etilgan jami 5400 dan ortiq talabalarga masofaviy ta’lim berish boshlandi.
Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirgan talabalar auditoriyalarda o‘qitilmagani va ta’lim masofaviy izga ko‘chirilgani sabab, dastlab taqsimlangan dars soatlari o‘z kuchini yo‘qotdi: birorta o‘qituvchi yangi guruhga dars o‘tish uchun auditoriyaga kirmadi, bir soat ham dars o‘tmadi. Ammo, ular o‘sha soatlar menga ajratilgan edi, shu soatlar uchun menga haq to‘lanmayapti deb da’vo qilmoqdalar. Karantin joriy etilmasdan oldin auditoriya dars soatlari taqsimlangan o‘qituvchilar karantin sabab bu darslarni o‘tmadilar.
Masofaviy ta’lim berishning qulay jihatlaridan biri bitta o‘qituvchi fan bo‘yicha tegishli ma’lumotlar, ma’ruza matnlar, audiokitoblar, videomateriallar, topshiriqlar, oraliq va yakuniy nazorat uchun savollarni masofaviy ta’lim platformasiga joylashi va auditoriyada dars olishdan farqli holda ushbu bazadan bir vaqtning o‘zida butun kurs talabalari ta’lim olishi va baholanishi mumkin. Qo‘shni davlatlardan o‘qishga qabul qilingan talabalar universitetda o‘sha vaqtgacha tashkil etilgan kurslarga biriktirilib, ushbu yo‘nalishda avvaldan tahsil olib kelayotgan talabalar bilan bir guruhda yangi semestrni boshladilar.
Shu bilan birgalikda o‘qituvchining bir fan doirasida joylagan materiallaridan foydalanuvchilar sonining oshgani munosabati bilan professor-o‘qituvchilarga albatta haq to‘lanishi lozim. Lekin hozirda masofaviy ta’lim berganlik uchun haq to‘lash qaysi tartibda amalga oshirilishi belgilanmaganligi sabab barcha oliy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi Andijon davlat universitetida ham yuqoridagi kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Hozircha masofaviy ta’limda ish haqi qanday to‘lanishi mumkinligi to‘g‘risidagi tartiblar ishlab chiqilmagani va bu bo‘yicha mexanizm to‘liq ishga tushmaganligini inobatga olib, ishontirib aytamizki, ushbu masalalarga oydinlik kiritilgandan keyin, bu vaziyatni baholashga hamda qonuniy yechimga albatta qaytamiz.
2020/2021 o‘quv yili masofaviy ta’lim tizimi asosida boshlandi. Universitetda xozirda 774 nafar professor-o‘qituvchilarga oylik ish xaqlari to‘lab kelinmoqda. Ular platformaga elektron o‘quv materiallarini o‘z vaqtida joylaganlar va xar kuni platformaga kirib talabalar bilan muntazam ishlashmoqda. ZOOM dasturi orqali on-layn dars o‘tib kelishmoqda.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI