Dunyoda shunday jannatmakon yurt borki, u yurtda olib borilayotgan har bir harakatning zamirida inson manfaatlarini himoya qilish yotadi. Bu yurt mening tengsiz va dilbar Vatanim Oʻzbekiston! Ha, ana shu muqaddas zaminda har bir insonning bilim olib, yetuk va komil inson boʻlishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Boshqacha aytganda, inson huquqlari qomusimiz bilan kafolatlab qoʻyilgan. Eʼtibor qilsangiz, har bir inson yuzida hayotdan rozi boʻlib yashash ifodasi zohir boʻlmoqda. Qayga bormang, yurtimizning qaysidir goʻshasida boʻlmang, yurtdoshlarimizning kayfiyati baland, yuragida ulkan orzular va ezgu niyatlar qanotida yashayotganini koʻrasiz.
Garchi bugun dunyo xalqlari koronavirus pandemiyasi bilan azob chekayotgan boʻlsada, shu yurt uchun, Siz va biz uchun suyukli boʻlgan YANGI OʻZBEKISTON kelajagi uchun koʻplab ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ana shunday sinovli kunlarda koʻngillarni yashnatadigan adabiyotga boʻlgan eʼtiborni aytmaysizmi?! Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan poyxtatimizning qoq markazida soʻlim goʻsha Adiblar xiyobonining ochilishi adabiyotni sevgan koʻngillar uchun munosib tuhfa boʻldi. Muhtaram Yurtboshimizning “Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʻrsatadi…Ajdodlar merosini oʻrganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratishimiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz” degan purhikmat soʻzlari koʻngillarimizni osmon qadar koʻtarib yubordi. Adabiyot gulshanidan taralayotgan nurlar jilosi bir umr tark etmasligini istadik oʻsha onlar bilsangiz. Ayniqsa, ushbu moʻtabar maskanda yoshlarimiz uchun turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning oʻtkazilishi, teatrlashtirilgan sahna tomoshalari ijro etilishi, kompozitsion chiqishlar oʻzbek adabiyotining ustunlaridan biri, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Abdulla Qahhorning “Adabiyot atomdan kuchli, biroq uning kuchini oʻtin yorishga sarflamaslik kerak” degan purmaʼno soʻzlari qanchalik rostligini isboti boʻldi. Tabiiyki, ana shunday ibratli ishlarning davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan oʻtkazilayotgan maʼnaviyat va maʼrifat darslari yoshlarimizni hayotga yanada teran nigoh bilan boqishga undab, avlodlarga munosib izdosh boʻlish maʼsuliyatini sharaf bilan uddalashga chorlamoqda.Ibratli ishlarning davomi sifatida kechagina BMTning yuksak minbarida Muhtaram Yurtboshimizning sof oʻzbek tilida nutq soʻzlashi barcha yurtdoshlarim qatori mening ham koʻnglimni toʻlqinlantirib yubordi. Jadid bobolarimizdan biri Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur.Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur” degan purmaʼno soʻzlari isbotini koʻrsatgani, bugun mana shu yurtda yashayotgan har bir inson borki, yuragi faxr va gʻururga toʻlgani, ayniqsa, adabiyot ahlini bu chiqishlar gʻururlantirib yuborgani, dunyo xaritasida oʻzbek degan millatning borligini bildirganidan yuraklar shodlikka toʻlganini aytmoq istayapman, bilsangiz. Ayniqsa, keyingi yillarda millatimizning borligini, uning barhayotligini koʻrsatadigan ona tilimizga boʻlgan eʼtiborning kuchaygani koʻngillarni osmon qadar nurlantirib yuboradi. Joylarda oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish, bu sohadagi ishlarimizni yanada rivoj topishi viloyat va tuman hokimliklarida hokimning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimlarining joriy etilishi, sohada toʻplanib qolgan muammolarning bartaraf etilishida maʼlum ahamiyat kasb etdi va ular tomonidan ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Hazrat Alisher Navoiy oʻzbek tilining jozibador, ohangdor, nafis til ekanligini isbotlash uchun goʻzal obida asar “Xamsa”ni yaratib, tilimizni haqorat botqogʻidan chiqarib, sharaf osmonining eng oliy peshtoqiga koʻtargani bizga yaxshi maʼlum. Kuni kecha BMT minbarida sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlarining navobaxsh bitiklari, Choʻlpon hasratlari, A.Qodiriyning hayot haqiqatlari, Muhammad Yusufning VATAN haqidagi goʻzal sheʼrlari shu tilda jarang sochdi. Bugun shu yurtda yashayotgan har bir oʻzbekning chin bayrami. Koʻngillar baxtdan entikkan, yurak izhorlarini aytmoqqa oshiqqan dillarning bayrami. Muhtaram Yurtboshimiz butun dunyoni xavotirga solgan muammolar va amalga oshirilishi zarur boʻlgan islohotlarni oʻz ona tilimizda soʻzlagani barcha yurtdoshlarimizni ruhlantirdi. Pandemiya davrida siniqqan koʻngillarga munavvarlik adabiyot va til orqali ulashildi. Ey falak, eshitayapsanmi, bugun izhorlarimni?! Bugun yuragim shodlikdan yorilar darajaga kelmoqda. Yuragimdagi cheki yoʻq shodlikni ulashmoq istayapman. Bugun oʻz tarixida qatagʻon dahshatlari va boshqa minglab balolarni boshidan kechirgan, maʼnaviyatimizning asl sarchashmalarini yaratib, dunyo ahlini lol qoldirgan millatning bayrami. Bugun oʻzbegim onalari tilidan aytiladigan allaning jahon minbaridan yangragan kuni. Murgʻak goʻdak bokira koʻzchalari bilan bu dunyo sehriga hayron boqar ekan, alla deb atalmish goʻzal qoʻshiqning jozibasini shu tilda vujudiga singdiradi.
Alla ayting, onajonlar,alla avjiga chiqsin,
Koʻziga qon toʻlganlarni Toʻmaris ruhi yiqsin.
Diyonatli Alpomishning yoʻliga Barchin chiqsin,
Alla ayting, onajonlar, alla avjiga chiqsin.
Ha, bugun oʻzbekning allalari shu tilda yangraydigan, toʻylarida quvonch kuylari jarang sochgan, bayramlarida esa goʻzal ashʼorlar oʻzbek tilida aytilgan kundir bukun.Aziz zamondosh, bilasizmi, men shunday yurtning farzandi ekanimdan, ayniqsa, ijod ahlining bir vakili ekanligimdan qalbim gʻurur va iftixorga toʻladi.
Beixtiyor yurak izhorlarni Sizga ilingim kelaveradi, kelaveradi. Qani aytingchi, azizim, yoshlarning tarbiyasi uchun barcha sharoitlarni yaratib beradigan, adiblari nomida koʻkrak nishonlari taʼsis etib, yoshlarning adabiyotga boʻlgan mehrini olovlantirgan, yuragi ezguliklarga toʻla yaxshi insonlar bilan toʻlib toshgan jannat oʻlkasi yana qayda bor?! Bu yurtga havas qilmay, uni ardoqlamay boʻladimi?!
Bugun butun dunyoni yuksak minbardan turib lol qoldirgan yurtning farzandini olqishlamay, bir lahza boʻlsada, yuragingdagi ezgu izhorlarni jon oʻgʻloningga tilamay boʻladimi azizim, mehri daryo oʻzbegim?! Buni qanchalar baxtligini his qilish yurakdan oʻtkazish inson yuragiga faraxbaxshlik olib kirishini sezganmisiz, qadrli zamondoshim?! Oʻzbekiston-baxtiyorlar yurti. Unda oʻtgan hayotingning har bir oni quvonch va baxtlarga toʻla. Bugun baxtiyorlik qoʻshigʻi jarang sochgan kun. Azizim! Bugun men Sizning jannat oʻlkasining bir farzandi sifatida yuragimdagi quvonchlarni Sizga ham ulashgim keldi. Quvonchlarimni Siz bilan baham koʻrish asnosida muhtaram Yurtboshimizga adabiyotimizga, ona tilimizga, maʼnaviyatimizga boʻlgan yuksak eʼtiborlari uchun chuqur ehtirom bilan minnatdorchilik bildirmoqchiman. Muhtaram Yurtboshimizni ishontirib aytaman, oliy taʼlim sohasida faoliyat koʻrsatayotgan ziyoli sifatida, biz maʼnaviyat targʻibotchilari, ziyo ulashuvchilar adabiyot, maʼnaviyat sohasiga eʼtibor asnosida olib borilayotgan ulkan ishlarning amaliy ifodasini hayotda oʻz tasdigʻini topishi uchun Sizga yelkadosh boʻlib fidoiylarcha xizmat qilishga, mustaqil Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun, ona tilimizning goʻzalligini, sofligini, uning qadrini yanada koʻtarish borasidagi xayrli ishlarda ham Sizga koʻmakchi boʻlamiz! Barcha-barchasi uchun Sizga tashakkur aziz YURTBOSHIM!!!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI