Taqdirning hukmi ekan, kuni kecha 2020 yilninhg 6-sentyabrida Andijon davlat universiteti Matematika kafedrasi dotsenti, fizika-matenatika fanlari nomzodi, faxriy ustozimiz Abdulaziz Karimjonov 68 yoshida to'satdan olamdan o'tdilar. Ustoz mohir matematik, taniqli olim, kuchli metodist, yoshlarninng talabchan ustozi, kafedraning tashabbuskor, tashkilotchi va ayni paytda kengfe'lli-xushchaqchaq a'zosi va albatta farzandlarining mehribon otasi hamda maslahatgo'yi edi. Pensiya yoshida bo'lshiga qaramay kasbiy va ilmiy sohasida, yana boshqa sohalarda ham tinmay izlanar, o'z ustida ishlashni hech ham tark etmasdi. Darhaqiqat, domla tabarruk yoshida ham tinmay jiddiy ilmiy tadqiqotlar olib borib, 01.02.01 - nazariy mexanika mutaxassisligi buyicha rus tilida “Обобщение прямого метода Ляпунова с помощью предельных систем при исследовании устойчивости и стаблизации нелинейных и управляемых систем” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi (DSc) ni yozib, tegishli seminarlarning muhokamalaridan o`tkazib, ximoyaga tayyor qilib qo`ygan edi. Ilmiy natijalarini eng nufuzli mahalliy va xorijiy jurnallarda e`lon qilib, turli darajadagi ilmiy anjumanlarda ma'ruzalari bilan faol qatnashib kelayotgan edi. O'ziga talabchanligidan xatto ulug' yoshda bo'lishiga qaramay haydovchilik kurslarini ham a'lo baholarga tugatgan edi. Bu - domlaning yoshlikdan temir intizomli, maqsad sari to'la ishonch bilan intilish xislatiga ega, andijonliklarga xos shijoatli inson ekanidan bo'lsa kerak.
Domla 1952-yilda Andijon shahrida tavallud topgan. 1974-yil Andijon davlat pedagogika instituti, hozirgi universitetimizni imtiyozli diplom bilan tamomlagan va 1980-yilga qadar institutda assistent lavozimida samarali ishlab kelgan. Domladagi ilmga chanqoqlik, mehnatsevarlik xususiyatlarini payqagan va qadrlagan Ukraina Fanlar Akademayasi Akademigi, fizika-matenatika fanlari doktori atoqli olim A.A.Martinyuk domlani akademiya qoshidagi Mexanika institutiga avvaliga 1980 yili stajirovkaga, 1982 yilda esa aspiranturaga taklif etadi. Aspiranturani 1985 yil tamomlab, o'sha yilning o'zidayoq nomzodlik dissetatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi. Bunday sharafni boshqalarga ham ilingan bu sahiy inson kafedraning o'sha davrdagi yana bir qancha yoshlarini ham o'zi ortidan ergashtiradiki, ularning nomlari ham kafedramizning hurmat taxtasidan mustaxkam joy egallagan. 1994 yilda domla dotsent ilmiy unvoniga muyassar bo`ladi. Kasbiy mahoratlarini yanada oshirish hamda o`zaro tajriba almashish maqsadida 1992-1994 yillarda Toshkent davlat universiteti Hisoblash texnikasi va informatika kafedrasi mudiri,1994-1997 yillarda esa Andijon viloyati Malaka oshirish instituti Matematika va elektron hisoblash mashinalari o‘qitish kafedrasi mudiri, dotsent lavozimlarida faoliyat yurgizadi. Shundan so'ng 1997-yildan yana kafedramizga qaytib kelib, to umrining oxirigacha ilmiy-pedagogik izlanishlarini davom ettirdi. Yuzlab bakalavrlar, o'nlab magistrlar yetishtirib chiqardi. Ular hozirgi kunda xalq ta'limida va viloyatdagi turli OTMlar, xususan o'zimizning kafedramizda domlaning ishlarini davom ettirib, xalqqa xizmat qilib kelmoqdalar. Domlaning o'rni hali kafedrada uzoq yillar bilinib turadi, sababi kafedarada o'tkazilgan barcha ilmiy anjumanlarda, tadbirlarda biz doim domlaga suyanardik, bu tadbirlarning samarali o'tishida jonimizga oro kirardi, yo'l-yo'riq ko'rsatardi.
Domla faoliyati davomida 50 dan ziyod ilmiy maqolalar tayyorlagan. Talabchan bu inson ushbu maqolalarini faqat nufuzli jurnallarda chop ettirar edi. Yana bir qancha ilmiy monografiya hamda o`quv qo`llanmalarga mualliflik qilgan va fundamental fanlar bo'yicha bir qancha xorijiy ilmiy grantlarni qo'lga kiritgan edi.
Yaxshidan bog' qoladi deganlaridek, domla farzand tarbiyasiga ham juda e'tiborli edi. Barcha farzandlarini oliy ma'lumoyli bo'lishlariga alohida e'tibor bergan. Ulardan ikki nafari I. Karimjonov va M. Qodirovalar ota izidan borib, universitetimizda talabalarga saboq berib kelmoqdalar. Eng e'tiborlisi, yaqinda Iqboljon Karimjonov ham Ispaniyaning eng nufuzli ilmiy tekshirish institutlaridan birida matematika fanlari bo'yicha falasafa doktori (PhD) darajasiga sazovar bo'ldi.
Afsus endi shunday inson oramizda yo'q, bu kafedramiz uchun katta yo'qotish bo'ldi. Lekin, Ustozning porloq xotirasi biz hamkasblarining qalbimizda uzoq yillar saqlanib qoladi, ulgirmay qolgan ishlari shogirdlari va farzandlari ishlari misolida davom etaveradi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI