Avazbek Mahmudov 1952-yil Andijon viloyatining Andijon shahrida tug‘ilgan. 1975-yil Andijon davlat tibbiyot institutini tugatgan. Malakali shifokor sifatida uzoq yillar institut klinikasida davolovchi shifokor, 2006-yildan shu kunga qadar esa Andijon davlat universiteti musiqa ta’limi kafedrasi konsertmeystri sifatida ishlagan.
1973-yilda Ruminiya, 1978-yilda Bolgariya, 1984-yilda Ispaniyada o‘tkazilgan Xalqaro folklor festivallari hamda 1985-yilda Moskvada o‘tkazilgan XII butun jahon festivalida ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy olgan. Avazbek Mahmudov 1989-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Uning “Oq ro‘molli qizlar”, “Ko‘zingdan”, “Yor yoriga munosib”, “Shahrimga kel”, “Ra’no kulib”, “Kelmadingiz” kabi qo‘shiqlari mashhur bo‘lgan.
“O‘zteleradiokompaniya” oltin fondida Avazbek Mahmudovning 30 ga yaqin qo‘shiqlari hamda o‘zbek grammayozuvida 4 ta plastinkalari mavjud. Uning 2014-yilda o‘zi kuylab, bastalagan va notalashtirilgan to‘plami kiritilgan “Umrboqiy qo‘shiqlar” uslubiy qo‘llanmasi nashrdan chiqqan.