Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETINING “@SizdanTelegram” TELEGRAM KANALIDA E’LON QILINGAN POST YUZASIDAN RASMIY MUNOSABATI
2020-07-30    2269

Kecha, 29 iyul kuni “SizdanTelegram” telegram kanalida "ANDIJON – “Yuzlab talaba dekanat javobini kutmoqda. 1 avgustga esa sanoqli kunlar qoldi”” nomli post e’lon qilindi.

Andijon davlat universiteti ushbu post yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Karantin sababli, joriy yilning 15 iyulidan boshlab talabalarning o‘qishini ko‘chirish va tiklash uchun arizalar transfer.edu.uz sayti orqali qabul qilish boshlandi. Onlayn arizalar topshirishda talabalar tomonidan yuklanadigan hujjatlardan biri talabaning reyting daftarchasi (yoki transkript) hisoblanib, ular fakultet dekanatlari tomonidan yetkazib berilishi lozim edi. Universitet tomonidan talabalarga reyting daftarcha (yoki trinskript) larini yetkazish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi: 

  1. Talabalarni reyting daftarchalari skaner variantini tayyorlash bo‘yicha har bir fakultetda mas’ullar belgilandi va ularning soni 35 nafarni tashkil etdi.
  2. Talabalarga reyting daftarchalarini yetkazishda qulaylik yaratish maqsadida universitetning rasmiy telegram kanali va fakultetlar kanallarida mas’ullarga bog‘lanish raqamlari e’lon qilindi
  3. Murojaatlar sonining oshishi sababli, 22 iyul kuni telegram ijtimoiy tarmog‘ida "AndDU talabalar o‘qishini ko‘chirish" nomida guruh ochilib, talabalarning reyting daftarchalarini olish bo‘yicha murojaat qilish imkoniyati kengaytirildi.
  4. O‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha muhim ma’lumotlar, onlayn ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha videoqo‘llanma tayyorlanib, talabalarga universitet va fakultetlar rasmiy telegram kanallari orqali yetkazildi.
  5. Ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha savollar bilan murojaat qilgan talabalarga universitet rektori va axborot xizmati botlari orqali shaxsan universitet rektori hamda matbuot kotibi tomonidan talabalarning o‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha 700 dan ortiq tushuntirishlar berildi.
  6. Hozirgi kunga qadar talabalar murojaatlari asosida kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 10 ta fakultet mas’ullari tomonidan 787 ta, sirtqi ta’lim bo‘yicha sirtqi bo‘lim mas’ullari tomonidan 592 ta, jami 1379 ta reyting daftarchasi va transkriptlar elektron ko‘rinishda talabalarga yetkazildi. 

Bevosita postda keltirilgan fikrlarga kelsak, yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, "xodimlar vazifasiga sovuqqonlik bilan qaramoqda" degan fikr asossizdir. Ma’lumki, joriy yilning fevral-mart oylarida qo‘shni davlatlarda tahsil oluvchi talabalarga respublikamiz OTMlariga o‘qishni ko‘chirish imkoniyati berilib, Andijon davlat universitetga 5412 nafar talaba qabul qilingan. Ularning aksariyati sirtqi bo‘limga qabul qilingan. Bu yildan boshlab sirtqi ta’lim shaklidan kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi ortidan, sirtqi ta’lim shaklida tahsil oluvchi talabalarning 1000 dan ortig‘i o‘qishini kunduzgi ta’lim shakliga ko‘chirish uchun ro‘yxatdan o‘tishga harakat qilmoqda. Undan tashqari kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olib, o‘qishini boshqa OTMga va ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirish istagida bo‘lganlar ham 1000 nafardan oshadi. Ushbu sonlar ish ko‘lamining qanchalik katta ekanini ko‘rsatib turibdi. 

Postda ilova qilingan rasmlardan ko‘rinadiki, guruhda ularni 520 nafardan ortig‘i bor, qolgan talabalar mas’ullarga e’lon qilingan telefon raqamlariga telegram tarmog‘i orqali shaxsiyga ham murojaat qilmoqdalar. 

Mas’ul xodimlar barchaning murojaatini belgilangan shaklda qabul qilib, tayyor bo‘lgach o‘z egalariga yubormoqdalar. Bu jarayonda har bir qo‘ng‘iroqqa javob qilish faqatgina vaqtdan yutqazishga sabab bo‘ladi. Shu sabab barcha murojaatchi talabalarga telefon qilish shart emasligi, faqatgina tegishli ma’lumotlarni telegram messenjeri orqali yuborish kifoya ekani, mas’ullar tayyor bo‘lganda o‘zlari guruhga yuborishi haqida ogohlantirilgan. 

Shuningdek, yuqorida aytganimizdek shaxsan rektorning o‘zi va axborot xizmati hodimlari tun-u kun bot orqali barcha savollarga javob berib kelmoqda. Shuningdek, murojaatchi o‘zi yuborgan rasmlar orqali "AndDU talabalar o‘qishini ko‘chirish" guruhi ochilganini tasdiqlagan, bu esa talabalar bilan universitet o‘rtasida muloqot yo‘lga qo‘yilganining eng katta dalili bo‘la oladi. Reyting daftarchalarini olish uchun guruh ochilgan vaqtdayoq murojaat qilib, hali ololmagan talabalar bor albatta (buning sababi, ular o‘zlari haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarni berganlar va ularga ma’lumotlarni to‘g‘ri berish haqida xabar yetkazilgan), lekin ularning soni ko‘p emas.

Yuqoridagilardan xulosa qilib, aytish mumkinki, postda berilgan xabarlar asossiz.

Masala yuzasidan yana savollar yuzaga kelsa, universitet ma’muriyati muloqotga tayyor ekanini ma’lum qilamiz.

Eslatma: o‘qishni ko‘chirish (tiklash) bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning so‘nggi kuni 2020 yil 5 avgust.

"AndDU talabalar o‘qishini ko‘chirish" guruhiga yuborilgan reyting qaydnomalari elektron variantlari (yo‘nalishlar bo‘yicha)

Universitet rektoriga murojaat @anddu_rektori_bot boti

Universitet axborot xizmati @asu_uzbbot boti

 

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.