Bugun, 29 iyul kuni Andijon davlat universiteti rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilari hamda ishchi xodimlari ishtirokida oliy ta’lim tizimida korrupsiya, uni oldini olish maqsadida onlayn muloqot tashkil etildi. Unda 420 dan ortiq o‘qituvchi va xodimlar ishtirok etdi.
Bugun yuqori minbarlarda ham mamlakatimizda deyarli barcha sohalarni ortga tortayotgan eng katta to‘siq korrupsiya ekani, uni kamaytirmasdan turib, hech bir sohada taraqqiyotga erishib bo‘lmasligi aytib kelinmoqda.
Biroq tan olish kerakki ma’muriy yo‘l ijtimoiy hayotimizning ich-ichiga singib ketgan bu illatdan qutilishning imkoni yo‘q. Qachonki, fuqarolarimizda korrupsiyaga murosasizlik kayfiyati shakllansagina bu borada ma’lum bir natijaga erishish mumkin.
Bugungi muloqotda korrupsiyani oldini olishning ayni shu jihatlariga e’tibor qaratilib, yirik din ulamolari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdilar.
Dastlab, onlayn muloqotni universitet rektori Akramjon Yuldashev ochib berdi. Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi jome masjidi imom noibi Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid domla islomda korrupsiya, birovni mulkini o‘zlashtirish, mansabga qo‘yish, mansabda bo‘lish qoidalari bo‘yicha Qar’oni Karim oyatlaridan keltirib, ularni sharhlab, suhbatni davom ettirdilar. Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid domla o‘z so‘zining yakunida musulmon kishi imkon bo‘lsa qo‘l bilan, bo‘lmasa til bilan bo‘lsa ham yordam qilish lozim ekanini, bu ishga qo‘l urmoqchi bo‘lgan hamkasblarni yo‘ldan qaytarish ham savobli amallardan ekanini tushuntirdi.
Muloqot davomida Andijon viloyat prokuraturasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Husanjon Yusupov ham, sohaga doir qonunchilikdagi yangiliklar, viloyatimiz oliy ta’lim muassasalarida aniqlangan korrupsion holatlar yuzasidan o‘zining tahliliy fikrlarini bildirib o‘tdi. Xususan, 2019 yil davomida oliy ta’lim muassasalari xodimlari ishtirokida korrupsiyaga oid 5 ta jinoyat ochilgan sodir etilgan bo‘lib, ular orasida universitet xodimlari ham bor ekani salbiy holat ekanini bildirdi. H.Yusupov ushbu jinoyatlarni keltirib chiqarayotgan omillar ishga qabul qilish, mablag‘lar taqsimoti shaffof emasligi, ongli ravishda korrupsiyani ijtimoiy oqibatlarini tushunmaslik sabab ekanini bildirdi. U har bir tashkilotda sodir bo‘layotgan qonun buzilishi holatlariga barcha darajadagi rahbarlar va jamoa ham ma’naviy jihatdan javobgar ekanini bildirib o‘tdi.
Suhbat davomida Eski Gumbaz masjidi imom xatibi Bahodirjon domla Ro‘ziboev tomonidan Islomda halol kasb yuritish odobi xususida, akademik Sirojiddin Zaynabiddinov oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari kasb etikasiga oid ma’ruzalar qildi.
Yig‘ilish yakunida universitet rektori so‘z olib, “bugun ochiq aytishimiz kerak, oliy ta’lim muassasalarida barcha jarayonlarida bu illat mavjud. Ko‘rilayotgan choralar kamlik qilyapti. 10 kun davomida barcha fakultet o‘qituvchi va xodimlari uchun diniy soha va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida onlayn suhbatlar tashkil etdik. Barcha darajadagi rahbarlari kafolat xati yozdirib olish bilan cheklanyapmiz, ushbu holatlar sodir bo‘lishiga hammamiz aybdormiz. Yil boshida qo‘lga olingan hamkasbimizni ham yonidagi hamkasblar, kafedra mudiri yaxshi bilgan lekin e’tiborsiz bo‘lganmiz. Kimda shunday ishlarga moyillik bor ekanini hamkasblar yaxshi biladi, shunday sharoitda uni yo‘ldan qaytarish bizning asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak. Moddiy jihatdan qiyinchiliklar ortda qolgan desam adashmayman, hozir oddiy o‘qituvchining maoshi ham juda yaxshi, harakat qilib, dissertatsiya himoya qilgan fan doktorlari oylik ish haqqining 60 foizigacha, falsafa doktorlari 30 foizgacha ustama olmoqda. Hozir faqat mehnat qiladigan davr keldi, buning uchun stimullar yetarli,” - deya o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI