Andijon Davlat
Universiteti
UNVONIDDIN ISOMIDDINOVICH 80 YOSHDA
2020-06-16    2239

Bugun  Andijon davlat universiteti kichik majlislar zalida Fizika kafedrasi dotsenti Qosimov Unvoniddin Imoniddinovichning 80 yilligi munosabati bilan qutlov marosimi uyushtirildi. Marosimda akademik Sirojiddin Zaynobiddinov, universitet prorektorlari Baxtiyor Rasulov, A'zamjon Hamroqulov, dekanlar Bahodir Rahmonov, Ravshanbek Shamsitdinov, Madaminjon Mahkamovlar so'zga chiqib, ustozni hayot yo'lini esladilar, tabrikladilar va o'zlarining sovg'alarini topshirdilar. 

Unvoniddin Imoniddinovich 1940 yil 9 mayida Andijon shahrida o‘zining halol va samarali mehnati bilan qadr topgan ziyoli va ulug‘ insonlar,  Imoniddin ota – shoir Ulfat va Habibaxon onalar oilasida tavallud topgan.

Yuksak iqtidori tufayli maktab yoshiga yetmasdanoq, opasi keyinchalik ayollar ichida vodiyning matematika sohasidagi birinchi olimasi Ma’rifatxon opa bilan maktabni birga o‘qib, uni muvaffaqiyatli, oltin medal bilan bitirgan.

1962 yili Andijon davlat pedagogika institutini muvaffaqiyatli tamomlagach, 1965 yilgacha fizika kafedrasida o‘qituvchi, 1965-1968 yillari O‘zbekiston fanlar akademiyasining fizika-texnika institutida aspirant sifatida Moskva davlat universitetida ilmiy faoliyat olib bordi. U sobiq ittifoqning Moskvalik eng mashxur nazariyotchi olimlaridan Shabanskiy rahbarligida nazariy fizikaning eng istiqbolli sohasida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi.

1970-1976 yillar davomida Andijon davlat pedagogika instituti fizika kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi lavozimlarida ishlagan vaqtlaridan boshlab, talabalarga kvant mexanikasining murakkab masalalarini tushuntirish borasidagi uslubiy muvaffaqiyatlarini e’tirof etish lozim.

Uning chinakam tashkilotchilik qobiliyatin va yuksak  intellekti 1976-1997 yillar davomida Andijon davlat pedagogika instituti nazariy va eksperimental fizika kafedrasi katta o‘qituvchisi, kafedra mudiri, dotsenti lavozimlarida ish olib borganida to‘la namoyon bo‘ladi. Uning faoliyati davomida kafedraning ilmiy salohiyati keskin o‘sib boradi.

Unvoniddin Imoniddinovich 1994-1996 yillar davomida fizika fakulteti dekani lavozimida ham o‘zining prinsial faoliyati, adolatli rahbar va talabaparvar ustoz sifatidagi g‘amxo‘rliklari namoyish etdilar.

Ustoz 1982-2000 yillar davomida Andijon davlat universiteti birlashgan kasaba uyushma a’zosi va qo‘mita raisi sifatida ham samarli faoliyat olib bordi. Ayni shu davrda uzoqdan qatnab ishlaydigan, sharoiti og‘ir bo‘lgan o‘qituvchilar uchun 40 kvartirali ko‘p qavatli uy va 24 ta kottejlarning adolatli taqsimlanishida ham katta hissa qo‘shadi.

Ustoz o‘zining 80 yoshida ham kasbini ulug‘lab, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek xayrli ishni sidqidildan ado etib kelmoqda. O‘z ishining bilimdoni, halol va kamtarin inson sifatida hurmat-e’tiborga ega.

Hurmatli Unvoniddin Imoniddinovich sizga ezgu ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilab, farzandlaringiz, nevara-chevaralaringiz, qolaversa, shogirdlaringizning duoi jonini qilib, ular davrasida uzoq vaqt piru-badavlat yashashingizni, ikki dunyo saodatiga yetishingizni Yaratgandan tilab qolamiz.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.