Andijon Davlat
Universiteti
2020/2021 O'QUV YILI UCHUN OLIY TA'LIM MUASSASALARIGA QABUL KVOTALARI VA ASOSIY TARTIBLAR BELGILANDI
2020-06-12    52514

2020-yil 12-iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to’g’risida”gi PQ-4749-sonli qarori qabul qilindi. Quyida ushbu hujjatning asosiy bandlari bilan tanishtirib o’tamiz.

Abiturientlardan hujjatlar 20 iyundan 20 iyulgacha qabul qilinadi

Abiturientlarni ro'yxatdan o'tkazish joriy yilning 20 iyunidan 20 iyuliga qadar (20 iyul kuni ham) bo'lgan muddatda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan hududlarda – Davlat xizmatlari markazlari orqali.

barcha hududlarda:

– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

– Davlat test markazining rasmiy veb-sayti (www.dtm.uz) orqali.

Abiturientlar 5 tagacha ta'lim yo'nalishini tanlashi mumkin

Abiturientlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo'lgan beshtagacha bakalavriat ta'lim yo'nalishi bo'yicha tanlovda ishtirok etish huquqi berildi.

Shuningdek, kirish test sinovlari abiturient tanlagan bakalavriat ta'lim yo'nalishiga mos ikkita fandan o'tkaziladi.

Qabul kvotalari tasdiqlandi

“2020/2021 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to'g'risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Prezident qarori bilan 2020/2021 o'quv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlandi:

bakalavriat:

- kunduzgi ta'lim shakliga – 103 575 nafar;

- sirtqi ta'lim shakliga – 31 350 nafar;

- kechki ta'lim shakliga – 5 025 nafar.

magistratura – 10 425 nafar.

Xotin-qizlarga qo'shimcha to'rt foizli davlat granti asosida kvota ajartiladi

Prezident qarori bilan 2020/2021 o'quv yili qabulidan boshlab:

Mahalla va oilani qo'llab quvvatlash vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega bo'lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo'yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlariga nisbatan qo'shimcha to'rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari ajratiladi.

Magistraturaga va o'qishni ko'chirish uchun Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi saytidan hujjat topshiriladi

Prezident qaroriga ko'ra, davlat oliy ta'lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga o'qishga kirish, shuningdek, bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga o'qishni ko'chirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining rasmiy veb-sayti (www.edu.uz) orqali amalga oshiriladi.

Magistraturaga hujjatlar 2020 yil 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

Shuningdek, qaror bilan Farg'ona viloyatining So'x tumani uchun bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo'yicha umumiy belgilangan qabul ko'rsatkichlariga nisbatan qo'shimcha davlat granti asosidagi 500 ta o'rin miqdoridagi maqsadli qabul parametrlari ajratildi.

Matematika ta'lim sohasi bo'yicha magistrlar to'liq davlat granti asosida tahsil oladi

2020/2021 o'quv yilidan boshlab:

"130 000 – Matematika" ta'lim sohasi bo'yicha magistratura mutaxassisliklari uchun Davlat buyurtmasi parametrlari to'liq davlat granti asosida shakllantiriladi;

davlat granti asosida bakalavriat va magistraturaga o'qishga qabul qilingan talabalarni o'qitish bilan bog'liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag'lari hisobiga amalga oshiriladi.

O'zini o'zi moliyalashtirish tizimiga o'tgan OTMlar kontrakt miqdorini o'zi mustaqil belgilaydi

O'zini o'zi moliyalashtirish tizimiga o'tgan oliy ta'lim muassasalariga o'zini o'zi to'liq moliyaviy ta'minlash miqdoridan kelib chiqib, to'lov-kontrakt asosida o'qitish qiymatini belgilash huquqi berildi.

O'zini o'zi moliyalashtirish tizimiga o'tgan OTMlar rektorlari bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha belgilangan to'lov-kontrakt miqdori haqidagi ma'lumotlarni bir hafta muddatda ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog'ida e'lon qiladi.

“Sport faoliyati” bakalavriat ta'lim yo'nalishida o'qish muddati uch yil etib belgilandi

Prezident qarori bilan sport sohasida oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo'yicha)” bakalavriat ta'lim yo'nalishi bo'yicha o'qish muddati uch yil etib belgilandi.

Kelgusi o'quv yilidan faqat davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari belgilanadi. To'lov-kontrakt bo'yicha qabul kvotasini OTMlar mustaqil belgilaydi.

Prezident qaroriga muvofiq, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralari bilan birgalikda 2020 yil 1 dekabrga qadar:

oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarida faqat davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlarini belgilash;

to'lov-kontrakt asosidagi qabul ko'rsatkichlarini oliy ta'lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilash. Bunda, to'lov-kontrakt asosidagi qabul ko'rsatkichlari O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan belgilangan miqdordan kam bo'lmasligi lozim;

iqtidorli talabalarni nodavlat oliy ta'lim tashkilotlarida ham davlat granti asosida o'qitish;

alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim sohalarining bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga o'qishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta – ona tili (o'zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O'zbekiston tarixi fanlari bo'yicha test sinovlari topshirish tartibini joriy qilish bo'yicha Hukumatga asoslantirilgan takliflarni kiritadi.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.