Bugun, "Muxbir Daliyev" telegram kanalida “Andijon davlat universitetida toshbaqa internetda imtihon olinyaptimi?” nomli post e’lon qilindi.
Andijon davlat universiteti ma’muriyati ushbu post bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi sabab butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham karantin holati e’lon qilinib, ko‘plab sohalar qatori ta’lim ham masofaviy izga ko‘chirildi. Joriy yilning 16 martidan talabalar navbatdan tashqari ta’tilga chiqarilib, 1 maydan qaysi ta’lim shaklida tahsil olishidan qat’i nazar barcha talabalar masofaviy ta’limga o‘tkazildi. Masofaviy ta’lim platformasi yaratilib, talabalar kerakli ma’lumotlar, ma’ruza matnlari, video, audio materiallar, elektron kitob va darsliklar joylashtirildi. Talabalar masofadan bilim olish bilan birga nazorat turlarini ham ayni shu platforma orqali topshiradilar.
Postdagi “Hozir oraliq nazorat testlarini ishlay olmaganlar uchun qayta ochib berdi. Ishonasizmi 3 marta da ham shu internet sifati pastligi uchun yaxshi bal ola olmadim.” so‘zlaridan talaba universitetda imtihon topshirayotgani va internet tezligi pastligi sabab, uch qayta topshirganda ham yaxshi ball ola bilmagani anglashilayotganday ko‘rinadi. Aslida universitet yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan. Hozirda karantin sabab universitetga talabalar kiritilmayapti, ular o‘z uylarida telefon yoki kompyuter orqali kirib nazorat turlarini topshirmoqdalar. Afsuski, masofadan turib ta’lim berayotgan o‘qituvchini ham ta’lim olayotgan talabani ham bir muammo – internet sifati pastligi muammosi qiynab kelmoqda. Shahar va tuman murkaziga yaqin hududlarda internet sifati qoniqarli bo‘lsa-da, qishloq hududlarida internet sifati juda past.
Ayni shuni hisobga olgan holda platforma orqali nazoratlarni topshirish soni chegaralanmagan. Agar talaba internet yomonligi uchun tarmoqdan uzilib qolsa yoki ulanish sifati juda yomon bo‘lsa qayta-qayta kirib test topshirishi mumkin. Shuningdek, internet sifati kunning qaysidir qismida yaxshilanib qolishi mumkinligini hisobga olib kunning xohlagan vaqtida 24 soat davomida topshirish imkoniyati mavjud.
Shu bilan birga Xurshid Daliev taklifiga ko‘ra internet sifati pastligini inobatga olib bir testni ishlash uchun berilgan vaqt 1 daqiqadan 2 daqiqaga uzaytirilishini ma’lum qilamiz.
Mazkur vaziyatda testdan o‘tish uchun yetarli ball to‘play olmagan murojaatchi talaba testni qayta topshirishga urinib ko‘rishini tavsiya qilamiz.
Shu o‘rinda internet sifati pastligi muammosi nafaqat Andijon davlat universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilarini balki, butun respublikamizdagi o‘qituvchi va talabalar uchun eng og‘riqli muammo ekanini aytib o‘tmoqchimiz. Aholining katta qismi internetga provayderlar orqali emas aloqa operatorlari orqali ulangan. Aloqa operatorlari esa internet sifatini ta’minlay olmaydi. Koronavirus pandemiyasi aloqa operatorlarimiz faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Andijon davlat universiteti OAV va blogerlar bilan doimo muloqotga tayyor ekanini ma’lum qiladi va "Muxbir Daliyev" telegram kanaliga jamiyatimizdagi muammolarni yoritib, ularni hal etish yo‘lida qilayotgan harakatlarini ijobiy baholaydi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI