Andijon Davlat
Universiteti
"@SIZDANTELEGRAM" TELEGRAM KANALIDA E’LON QILINGAN POST YUZASIDAN ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETINING RASMIY MUNOSABATI
2020-05-28    2066

Kecha, 27 may kuni "@Sizdantelegram" telegram kanalida @ANDIJON – “Universitet professor-o‘qituvchilariga qo‘shimcha soatlar uchun haq to‘lanmayapti” nomli post e’lon qilindi.

Andijon davlat universiteti ma’muriyati ushbu post bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.

Ma’lumki, joriy yilning fevral - mart oylarida qo‘shni davlatlardan talabalarning o‘qishini ko‘chirishi bo‘yicha arizalar qabul qilinib, birinchi bosqichda 3458 nafar va ikkinchi bosqichda 1951 nafar, Andijon davlat universitetida o‘qish uchun tavsiya etilgan jami 5400 dan ortiq talabalar ro‘yxatini e’lon qildi. Shu asosda talabalarni darslarga qo‘yish farmoyishlari chiqarildi.

Aslida (karantinga qadar) qabul qilingan talabalar guruhlarga bo‘linib, professor-o‘qituvchilarga ma’ruza, amaliy, seminar shaklida darslar taqsimlanishi va shu asosda haq to‘lanishi lozim edi. Biroq, joriy yilning 16 martidan talabalar navbatdan tashqari ta’tilga chiqarilib, 1 maydan qaysi ta’lim shaklida tahsil olishidan qat’i nazar barcha talabalar masofaviy ta’limga o‘tkazildi. Ya’ni, qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirgan talabalar auditoriyalarda o‘qitilmagani va ta’lim masofaviy izga ko‘chirilgani sabab, dastlab taqsimlangan dars soatlari o‘z kuchini yo‘qotdi: birorta o‘qituvchi yangi guruhga dars o‘tish uchun auditoriyaga kirmadi, bir soat ham dars o‘tmadi. Ammo, ular o‘sha soatlar menga ajratilgan edi, shu soatlar uchun menga haq to‘lanmayapti deb da’vo qilmoqdalar. Andijon davlat universiteti hech kimning halol  topgan pulini bermaslikdan manfaatdor emasligini ta’kidlaymiz.

Shu o‘rinda bir muhim jihatga e’tiboringizni tortmoqchimiz.

Masofaviy ta’lim berishning qulay jihatlaridan biri bitta o‘qituvchi fan bo‘yicha tegishli ma’lumotlar, ma’ruza matnlar, audiokitoblar, videomateriallar, topshiriqlar, oraliq va yakuniy nazorat uchun savollarni masofaviy ta’lim platformasiga joylashi va auditoriyada dars olishdan farqli holda ushbu bazadan bir vaqtning o‘zida butun kurs talabalari ta’lim olishi va baholanishi mumkin. Qo‘shni davlatlardan o‘qishga qabul qilingan talabalar universitetda o‘sha vaqtgacha tashkil etilgan kurslarga biriktirilib, ushbu yo‘nalishda avvaldan tahsil olib kelayotgan talabalar bilan bir guruhda yangi semestrni boshladilar.

Shu bilan birgalikda o‘qituvchining bir fan doirasida joylagan materiallaridan foydalanuvchilar sonining oshgani munosabati bilan professor-o‘qituvchilarga albatta haq to‘lanishi lozim. Lekin hozirda masofaviy ta’lim berganlik uchun haq to‘lash qaysi tartibda amalga oshirilishi belgilanmaganligi sabab barcha oliy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi Andijon davlat universitetida ham yuqoridagi kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda. 

Hozircha masofaviy ta’limda ish haqi qanday to‘lanishi mumkinligi to‘g‘risidagi tartiblar ishlab chiqilmagani va bu bo‘yicha mexanizm to‘liq ishga tushmaganligini inobatga olib, ishontirib aytamizki, ushbu masalalarga oydinlik kiritilgandan keyin, bu vaziyatni baholashga hamda qonuniy yechimga albatta qaytamiz.

Mazkur holat yuzasidan Andijon davlat universiteti doimo muloqotga tayyor ekanini ma’lum qiladi va "@Sizdan telegram" telegram kanalining mavjud muammolarni yoritib, ularni hal etish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.