Andijon Davlat
Universiteti
OLIY TA’LIM FIDOIYSI AHMADJON AHLIMIRZAYEV 70 YOSHDA
2020-05-27    2406

Bugun, Matematika kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Ahmadjon Ahlimirzayev tabarruk 70 yoshni qarshi oldilar. Ustoz Ahmadjon Ahlimirzayev 1950 yilning 27 mayida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanining Buloqboshi qishlog‘ida xizmatchi oilasida tavallud topgan.

Ahmadjon Ahlimirzayev 1956-yili Xo‘jaobod tumanining Buloqboshi qishlog‘idagi 16–maktabning birinchi sinfiga o‘qishga bordi va u yerda sakkizinchi sinfgacha ma’lumot oldi. 1964-yildan esa qishloq markazidagi 6-maktabda o‘qishni davom ettirdi va uni 1966-yili tugalladi. Ustoz yoshlik chog‘laridanoq o‘zining maktabdoshlari orasida namunali xulqi, odobi, ilmga chanqoqligi va tirishqoqligi bilan ajralib turgan. Uning matematika faniga bo‘lgan qiziqishlarini shakllanishida Obidjon Mirzaev, Resim Abduraxmonov, Bo‘rivoy Muxitdinov, Tavakkal Burxonov va Ne’matjon Qodirovlarning xizmatlari katta bo‘lgan.

Ahmadjon Ahlimirzayev 1966-yili Farg‘ona davlat pedagogika institutining Matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. O‘sha paytda bu fakultetda professor J.K.Karimov, dotsentlar I.I.Inamov, A.K.Qodirov, N.Sotvoldiev, K.Sarimsaqov, T.So‘fiev kabi yetuk mutaxasislar faoliyat ko‘rsatar edi.

Ustoz ulardan matematikani turli yo‘nalishlari bo‘yicha bilim oldi va 1970 yili matematika fakultetini imtiyozli tugalladi hamda shu yilning o‘zida mehnat faoliyatini o‘zi boshlang‘ich ma’lumot olgan 16–maktabdan  boshladi.

1975-yilning mart oyida professor J.K.Karimovning tavsiyasi bilan u rahbarlik qilayotgan matematik analiz kafedrasiga ishga qabul qilindi. U bu kafedrada ishlash jarayonida talabalar bilan matematik analiz va maktab matematikasi kurslari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib bordi.

Ahmadjon Ahlimirzayev 1977-yilning sentabr oyida fizika fakulteti qoshida tashkil qilingan Oliy matematika va chizmachilik kafedrasiga o‘tkazildi va u yerda 1980 yilgacha ishladi.

Ahmadjon Ahlimirzayevdagi matematikani o‘qitish uslublariga bo‘lgan qiziqishini o‘z vaqtida sezgan kafedra mudiri T.S.So‘fiev uni 1980-yili Moskva davlat pedagogika universitetiga ilmiy tadqiqotchi sifatida jo‘natdi. Ahmadjon Ahlimirzayev 1980-1982-yillarda ilmiy tadqiqotchi sifatida sobiq ittifoqning ko‘zga ko‘ringan uslubchi olimlari N.A.Tereshin, V.I.Mishin, Yu.M.Kolyagin, A.N.Pogorelov, J.Ikromov, N.G‘aybullaev va boshqalardan matematikani o‘qitish nazariyasi va uslubiyati bo‘yicha bilimlarni oldi hamda pedagogika fanlari doktori, professor V.A.Gusev rahbarligida “Prikladnaya napravlennost izucheniya nachal matematicheskogo analiza v starshix klassax sredney shkolы” nomli mavzuda ilmiy tadqiqot ishini boshladi, hamda uni 1991-yil 7-iyun kuni Moskva davlat pedagogika universitetining ixtisoslashgan ilmiy kengashida himoya qildi.

Ahmadjon Ahlimirzayev 1982-yili Moskvadan qaytgandan so‘ng o‘z faoliyatini yana o‘zi ishlagan kafedrada davom ettirdi va u yerda 1984-yilning oxiriga qadar ishladi. 1985-yilning 2-yanvaridan boshlab Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijondagi filialida dastlab o‘qituvchi, katta o‘qituvchi va keyinchalik dotsent lavozimlarida ishladi.

Ahmadjon Ahlimirzayev 1987-1988-yillarda filial dekani o‘rinbosari, 1988-1995-yillarda esa filial dekani vazifalarida ishladi. 1995-yildan boshlab u Toshkent xalq xo‘jaligi instituti va Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijondagi filiallari negizida tashkil qilingan Andijon muxandislik – iqtisodiyot institutining nazariy va amaliy matematika kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat olib bordi.

Ustoz 2000-yilning sentabr oyidan boshlab Andijon davlat tillar pedagogika institutida dastlab O‘zbekiston tarixi va iqtisodiyot nazariyasi kafedrasida, keyinchalik esa Axborot texnologiyalari va tabiiy fanlar kafedrasida faoliyat ko‘rsatdi. 2006-yildan 2009-yilgacha Umumiy tilshunoslik va axborot texnologiyalari kafedrasida dotsent lavozimida ishladi.

2001-yili Ahmadjon Ahlimirzayev tashabbusi bilan institutda “Biznes maktabi” tashkil qilindi va u 2008-yilning yanvar oyiga qadar faoliyat ko‘rsatdi. 2008-yilning yanvar oyidan boshlab esa u o‘quv markaziga aylantirildi hamda unga 2010-yilning fevral oyiga qadar rahbarlik qildi.

Ahmadjon Ahlimirzayev 2001-2008-yillarda institut ilmiy kengashi kotibi vazifasini ham bajardi. 2009-yilning sentabr oyidan to 2010-yilning dekabr oyiga qadar u Pedagogika, psixologiya va yangi pedagogik texnologiyalar kafedrasida mudir vazifasida ishladi. 2010-yil dekabr oyidan boshlab Andijon davlat universiteti fizika– matematika fakultetining matematika kafedrasida dotsent lavozimida ishlab kelmoqda.

Ahmadjon Ahlimirzayev pedagogik faoliyatini ilmiy tadqiqot ishlari bilan hamkorlikda olib boradi. U hozirgi kunga qadar 170-dan ortiq ilmiy maqola, tezis, uslubiy va o‘quv qo‘llanmalar chop etdi. Uning muallifligidagi “Matematika”, “Oliy matematika (I) va Oliy matematika  (II) nomli“ o‘quv qo‘llanmalar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasiga ko‘ra chop etildi va hozirgi kunda talabalar ulardan foydalanmoqdalar.

Bugungi kunda Ahmadjon Ahlimirzayev rahbarligida bitta tayanch doktorant va uchta mustaqil tadqiqotchi hamda uchta magistr ilmiy tadqiqot ishini olib bormoqdalar. Ustoz rasman 3-4 nafar yoshlarimizga ilmiy rahbar bo‘lsalarda, amalda kafedramiz va fakultetimizdagi aksariyat yoshlarni ilmiy rahbarlarga biriktirishda, ularning ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirishda, tegishli ilmiy jurnallarda yoritishlarida, ilmiy anjumanlarda ishtirok etishlarida beminnat yordam berib keladilar.

Ahmadjon Ahlimirzayev nafaqat ilmiy-pedagogik faoliyati bilan, balki namunali oila boshlig‘i sifatida ham barcha hamkasblariga o‘rnak hisoblanadi. Ustoz- to‘rt farzandning otasi, qator nabiralarning mehribon bobosi. Farzandlariniing barchasi ota izidan ketib, Buloqboshi tumanidagi turli ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib ishlamoqdalar.

Ustoz kafedramiz va fakultetimizning barcha tadbirlari va yig‘inlarida doim ilg‘or-tashkilotchi sifatida katnashib keladilar. Fakultet va kafedraning birarta ham ishini xozirgacha bu menga tegishli emas deb ajratmagan. Universitetni, fakultetni, kafedrani chin ma’noda o‘z oilasi, o‘z uyi deb biladi.

Ustoz ulug‘ yoshda bo‘lishlariga qaramasdan xayratlanarli darajada yosh va tetik ko‘rinadilar va shuning uchunmi ularning ilmiy- pedagogik kadrlar, yangi o‘quv adabiyotlar yaratish kabi kelgusidagi rejalari bisyor. Ularni amalga oshirishlarida hamisha omad yor bo‘lsin va mana shunday tetik va bardam bo‘lib, biz hamkasblariga bosh bo‘lib yuraversin.

M.K.Maxkamov, T.T.Ibaydullayev
Fizika– matematika fakulteti dekani, Matematika kafedrasi dotsenti
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.