Joriy yilning 20-may kuni Andijon davlat universitetida “Zamonaviy informatika va uni o‘qitish metodikasi muammolari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda akademik S.Zaynobiddinov, universitet ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori B.Rasulov, TATU professori X.Ziyatdinov, AndDU professori R.Aliyev, TATU Farg‘ona filiali direktori, professor A.Rasulov va boshqa nufuzli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda yosh olimlari ishtirok etdilar.
Sohaning yetakchi professorlaridan Xakimjon Zaynidinov “Elektron ta’lim muxitida kasbiy kompetentlikni takomillashtirish, OTM larda ommaviy ochiq on-layn kurslari” mavzusi orqali OTM larda elektron ta’lim muhiti va AKT dan foydalangan holda pedagogning kasbiy kompetentligini takomillashtirish, jahonning eng nufuzli OTM lari tomonidan taklif etilgan ommaviy ochiq onlayn kurslaridan foydalangan holda o‘quv jarayonini tashkil etish, OTM larda blendet elarning usuli va o‘qitishning boshqaruv tizimlari, LMS lardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Bugun yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib bormagan sohaning o‘zi yo‘q. Jumladan, bu fizika sohasida ham keng qo‘llanib kelinmoqda. Isboti sifatida, professor R.Aliyevning “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” laboratoriyasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, jumladan, mikroelektronika va nanoelektronika bo‘yicha fizik jarayonlarni modellashtirish, yarimo‘tkazgichli asboblarning yangi konstruksiyalarini modellashtirish orqali yaratish va ularning xarakteristikalarini o‘rganishga yo‘naltirilgan bir qator tadqiqot ishlari bayon qilindi. Bo‘lib o‘tgan anjumanda AndDU da tashkil etilgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” laboratoriyasi jamoasi a’zolaridan tayanch doktorant Murodjon Abduvoxidov “Kremniy asosli quyosh elementlarini “Sentaurus TCAD” paketi yordamida modellashtirishda haroratni hisobga olish” mavzusida hamda fizika ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Jasurbek G‘ulomov “Mikro-, nano- elektronika va fotoelektrik qurilmalarni raqamli modellashtirish uchun milliy texnologik platformani ishlab chiqish va tadbiq qilish” mavzusidagi ma’ruzalari bilan faol ishtirok etdilar. Doktorant M.Abduvoxidov hozirgi kunning dolzarb muammolardan biriga aylangan kremniy asosli quyosh elementlarning fotoelektrik parametrlariga haroratning ta’sirini o‘rganish, «Sentaurus TCAD» litsenziyalangan dasturiy paketida kremniy asosidagi p-n-o‘tishli quyosh elementlarida noasosiy zaryad tashuvchilarning fotoelektrik generatsiya jarayonlarini modellashtirish bo‘yicha olib borgan ishlarini aytib o‘tdi. Laboratoriya jamoasi a’zosi, talaba J.G‘ulomov tomonidan yaratilgan yangi “SuntulipAGAUz” dasturi esa anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Yaratilgan texnologik platforma - bu universitetlarda o‘quv maqsadlarida xizmat qiladigan, tadqiqot olib boradigan va amaliy sanoat muammolarini hal qiladigan interfaol vosita bo‘lib, platforma yordamida yarimo‘tkazgichli materiallarning elektrofizik va optik parametrlarini hisoblashning asosiy nazariyasi, shuningdek, yarimo‘tkazgich asosida yaratilgan qurilmalarning optik, fizik, optoelektronik, fotoelektrik, energiya parametrlari va volt-amper xarakteristikalarini olish imkoniyatiga ega.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Xakimjon Nasriddinovich mazkur dasturiy ta’minotga o‘zining katta qiziqishi borligi va uni rivojlantirish uchun o‘zining beminnat yordamini ayamasligini bildirdi.
Anjumanning ikkinchi qismi 4 ta sho‘bada davom ettirildi.
Guliston davlat universitetidan A.Qalandarovning matematik masalalarni kompyuterli modellashtirish masalalariga oid ma’ruzasi, ADU magistrantlari D.Xusanboyevning dasturchilar reytingini tahlil qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga oid ishlanmasi, A.Maxkamovning maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining dasturiy ta’minotini takomillashtirish oid ishlanmalari katta qiziqish bilan tinglandi.
Xorijiy tilda (ingliz) tilidagi 50 dan oriq ma’ruzalar parallel ravishda 11.00 dan 16.40 gacha muhokama qilindi. Konferensiyani kafedra doktoranti D.Axmadaliev boshqardi. Barcha ma’ruzalarga taqdimotlar tayyorlangan bo‘lib, belgilangan reglament asosida olib borildi.
Bir so‘z bilan aytganda, anjumanning noan’anaviy tarzda o‘tkazilishi yosh olim va tadqiqotchilar malakasini oshirish, ularni ilmiy jarayonlarda kechayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Yosh olimlarning ma’ruzalari haqida ustozlar iliq fikr bildirdi va ayrimlari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bunday ilmiy anjumanlar yosh olimlarning kelgusi ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Ma’lumot uchun, anjumanga ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan OTM professor-o‘qituvchilari, umumta’lim maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachilaridan 300 dan ortiq ma’ruza tezislari kelib tushdi, shulardan 213 ta ma’ruza tezislari saralab olindi. Jumladan, respublikamizdagi OTM lari, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim muassasalari pedagoglaridan – 145 ta, Rossiya federatsiyasi OTMlaridan – 16 ta, Pokiston OTM lari professor-o‘qituvchilaridan – 49 ta, AQShdan – 1 ta, Qirg‘iziston Respublikasidan – 2 ta ma’ruza tezislari qabul qilindi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI