Bugun Andijon davlat universiteti moliya-xo‘jalik ishlari bo‘yicha prorektori Dumayev Suvonxon Nasretdinovich o‘zining muborak 60 yoshini qarshi olmoqda. Suvonxon Dumayev 60 yoshida ham universitet rivoji va ravnaqi uchun o‘zi tinmay mehnat qiladi, ham qo‘l ostidagi hodimlarni tindirmaydi. Odatda moliya sohasiga dahldor kishilarni xorijda “Mister no” ya’ni “janob yo‘q” deb atashadi, biroq bizning Suvonxon aka hech ham yo‘q demaydi, universitet uchun kerakliligini asoslab bera olsangiz bas, u qo‘lingizda bo‘ladi. Keling bugun u kishining hayot yo‘li va mehnat faoliyatiga nazar solsak.
Andijon davlat universiteti ko‘pdan-ko‘p zahmatkash insonlarning uzoq yillik samarali mehnat faoliyatiga, fidoiylik va jonbozlik bilan ko‘rsatgan xizmatlariga guvoh. Universitetda qaysidir sohaga nazar tashlasak aynan shu sohani rivojlantirish uchun butun umrini baxshida etgan insonlar birma-bir ko‘z oldimizga keladi. Xuddi shuningdek, universitetimizning moliya, xo‘jalik va obodonlashtirish sohasini ham salkam chorak asrlik faoliyatida davomida Suvonxon Dumayevning xizmatlari beqiyosdir.
Suvonxon Dumayev oddiy ishchi, sex boshlig‘i, kichik korxona direktori lavozimlarida ishlab, Andijon davlat universiteti umumiy ovqatlanish bo‘limi boshlig‘i va Moliya va iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektor darajasigacha ko‘tarildi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (kechki) 1983 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini savdo iqtisodiyoti mutaxassisligini imtiyozli diplom bilan bitirdi. Suvonxon Dumayevning o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondoshishi va qattiq talabchanligi ortidan qisqa muddat ichida universitet moliyaviy va ichki intizomi yaxshilandi, xo‘jalik va obodonlashtirish ishlarida katta ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Muammolarni bartaraf etish yo‘lidagi kreativlik, zamon talabi darajasida dunyoqarash unga universitetning mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanishga yaxshi imkoniyat yaratdi. Hozirda ushbu sohadagi avvalgi 6 ta yo‘nalish 14 taga ortdi. Uning sa’y-xarakatlari bilan moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida bir necha Andijon shahridagi bir necha ob’ektlar universitet balansiga olindi. Universitet hududidagi viloyat “Issiqlik manbai” tashkiloti balansidagi Markaziy qozonxona, hozirda Cho‘lpon ko‘chasi-38 manzildagi fizika-matematika fakultetining o‘quv binosi, Anisiy ko‘chasi 4-manzildagi fizika-matematika fakultetining yotoq binolari shular jumlasidandir. Ushbu binolar zamon talablari darajasida ta’mirlanib, jihozlandi.
Andijon viloyat hokimligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tavsiyasi asosida S.Dumayev 2010 yilda Andijonda o‘tkazilgan “Universiada-2010” Respublika sport musobaqalari direksiyasida direktor sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Ushbu tadbir davrida S.Dumayev o‘zining tashkilotchilik va boshqaruv mahoratini namoyon qildi. Tadbir bilan bog‘liq barcha masalalar o‘z vaqtida ijobiy yechimini topdi. Shu sabab vazirlik va yuqori tashkilotlar tomonidan respublika miqyosida tashkil etilayotgan katta sport tadbirlari va musobaqalar tashkil etilsa albatta Suvonxon aka chaqirtirilib olinib, tashkiliy masalalarda maslahatchiga aylanadi. Sport musobaqalariga tayyorgarlik davrida universitetning 1- va 2-sonli talabalar turar joylari, 1- va 2-sonli talabalar oshxonalari hamda sport zali binosi rekonstruksiyadan chiqarildi. Ushbu ob’ektlar to‘la jihozlandi. Universitetga jami 2 100 mln so‘mlik mablag‘ jalb etildi. Katta ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarilib, 1000 m2 ortiqroq maydonlar asfaltlandi. 120 metr qo‘rg‘on devorlari yangilanib 200 mln so‘mdan ortiqroq homiylar mablag‘lari jalb etildi.
Uning rahbarligida universitet moddiy texnik bazasining holati atroflicha tahlil etilib, mavjud holat Respublika hukumatiga taqdim etildi. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 20 maydagi “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy texnik bazasini mustaxkamlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1533-sonli qarori asosida 2012, 2013 va 2014 yillarda universitetda katta ko‘lamdagi qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Universitetda 3 ta yangi ob’ektlar qurildi. Jumladan 1000 o‘rinli o‘quv binosi, ARM ni o‘z ichiga olgan 500 o‘rinli fizika-matematika fakultetining yangi o‘quv binosi hamda 36x18 o‘lchamdagi “Barkamol avlod” sport zali binolari yangitdan qurilib foydalanishga topshirildi. 6 ta ob’ektda rekonstruksiya va kapital-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
S.Dumayev tashkilotchiligi, jamoani boshqara olishi, xususan, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishi ortidan ko‘pchilikning e’tiborini qozongan. Ko‘rsatayotgan xizmatlari e’tiborga olinib, 2011 yilda “Mustaqilikning 20 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Butun universitet jamoasi S.Dumayevni qutlug‘ oltmish yoshi bilan chin dildan muborakbod etadi. Unga oilaviy farovonlik, ma’murlik, farzandlar kamolini farog‘atda ko‘rib yurish shukronasi, kasbiy yuksaklik, do‘stlar samimiyati, qadrdonlarning cheksiz mehrini tilaymiz. Mustahkam sog‘liq Sizni hech qachon tark etmasin. Oilangiz, yaqinlaringiz, shogirdlaringiz, avvalo, Andijon davlat universitetining butun professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari, talabalari baxtiga umringiz uzoq, yana ham sermazmun bo‘lsin.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI