Andijon Davlat
Universiteti
ZAMONAVIY O’ZBEK TILSHUNOSLIGINING ZABARDAST VAKILI
2020-05-15    5270

Bugun atoqli olim, o’zbek tilshunosligining eng yetakchi va zabardast vakillaridan biri Abdulhamid Nurmonov tavallud topgan kun. Ustoz bugun hayot bo’lganida muborak 78 yoshni qarshilagan bo’lardi. Olim o’zining butun umrini jamiyat taraqqiyoti va ilm-fan ravnaqiga bag’ishlagan kam sonli insonlardan biri edi. Keling bugun ustozning ilmga baxshida umrini yodga olaylik.

Abdulhamid Nurmonov 1942-yil 15-mayda Andijon viloyati Baliqchi tumanining O‘rmonbek qishlog‘ida tavallud topdi. U o‘rta maktabni tugatib, Farg‘ona davlat pedagogika instituti (hozirgi Farg‘ona davlat universiteti) Tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi, 1963 yilda institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi, Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi Andijon davlat universiteti)ga ishga keldi. Ushbu o‘quv dargohidagi yarim asrlik faoliyati davomida A.Nurmonov o‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi lavozimidan professor darajasiga ko‘tarildi. Jamoatchi olim sifatida pedagogika fakultetida dekan, maxsus fanlarni o‘qitish va o‘zbek tilshunoslik kafedralarida mudir, universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, kadrlar malakasini oshirish markazi direktori lavozimlarida xizmat qildi.

Abdulhamid Nurmonov jamoatchilik ishlari bilan teng ravishda ilm bilan mashg’ul bo’ldi. 1973 yilda “O‘zbek tilidagi tovush o‘zgarishlarida ekonomiya prinsipi” mavzusida nomzodlik, 1983 yilda “O‘zbek tili sintaksisini sistema sifatida o‘rganish muammolari” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Professor A.Nurmonov hayotini o’zbek tilining tadqiq etishga, uni yoshlarga o’qitishga, jamiyatimiz hayotida ona tilimizning o’rnini oshirishga bag’ishladi. Ustoz hayoti davomida ona tilimizning turli masalalariga oid 50 ga yaqin darslik, risola, o‘quv qo‘llanmalari, 500 ga yaqin ilmiy, ma’rifiy-ma’naviy mavzulardagi maqolalar muallifidir.

Olimning “Проблeмы систeмного исслeдования синтаксиса узбeкского языка”, “Gap haqidagi sintaktik nazariyalar”, “O‘zbek tilining mazmuniy sintaksisi”, “O‘zbek tilining fonologiyasi va morfonologiyasi”, “O‘zbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis”, “O‘zbek tilining nazariy grammatikasi. Morfologiya”, “Tilshunoslik va tabiiy fanlar”, “O‘zbek tilshunosligi tarixi”, “Lingvistik belgi nazariyasi”, “Struktur tilshunoslik: ildizlari va yo‘nalishlari”, “Tilshunoslik nazariyasi”; “Lingvistik tadqiqot metodologiyasi va metodlari” nomli asarlari; o‘rta maktablarning V-IX sinf o‘quvchilari uchun “Ona tili”, Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablarining V, IX, X, XI sinf o‘quvchilari uchun “O‘zbek tili”, akademik litseylar uchun uch jildlik “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsliklari fikrimizning yorqin dalilidir. Uning “Struktur tilshunoslik: ildizlari va yo‘nalishlari” kitobi 2010 yilgi respublika o‘quv adabiyotlari tanlovida birinchi o‘rinni egallagan.

Zabardast tadqiqotchi Abdulhamid Nurmonovning ilmu-fandagi hayot yo‘li, erishgan buyuk ilmiy ijodi 2012 yili Toshkentdagi “Akademnashr” nashriyotida bosilgan 72 bosma toboqdan iborat uch jildlik “Tanlangan asarlar” to‘plamida o‘zining mujassam ifodasini topgan. Olim o‘zbek tilshunosligi fanida o‘ziga xos katta maktab, meros, butun bir yo‘nalish yaratib fanda chinakam jasorat namoyish etdi.

Abdulhamid Nurmonov o‘zbek tilshunosligida o‘ziga xos maktab yarata oldi, ya’ni uning rahbarligida 8 ta doktorlik, 30 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi.

Respublikadagina emas, xatto butun turkiy dunyo tilshunos olimlarida o‘ziga xos o‘rin egallagan Abdulhamid Nurmonov O‘zFA tilshunoslik instituti, O‘zMU qoshidagi SamDU huzuridagi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalar himoya qiladigan ixtisoslik ilmiy kengashining, Oliy attestatsiya komissiyasining ekspertiza kengashi a’zosi sifatida tilshunos olimlarning butun bir yangi avlodini yaratishda katta xizmatlar qildi.

Ustozning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib baholandi. Abdulhamid Nurmonov 1999-yilda “Shuhrat” medali, 2002-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoni, 2011-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.  

So’zimiz so’nggida sevimli shoirimiz To’lan Nizomning Abdulhamid Nurmonovning 60 yillik shodiyonalari arafasida yozgan she’rini e’tiboringizga havola etamiz.                        

ANDIJON FARZANDLARI

(Taniqli tilshunos olim Abdulhamid Nurmonov tavalludining

60 yilligi shodiyonasida tugilgan she’r.)

Kirib bordim zo’r anjuman,

Shunda edi chin ilmu fan,

Shul kun dedim men berib tan:

Ikki nomdan ko‘ngil shodon:

Biri - Abdulhamid Cho‘lpon,

Biri - Abdulhamid Nurmon!

 

Mehnat bilan, shiddat bilan,

G‘ayrat bilan, jur’at bilan,

G‘ayrat bilan, fikrat bilan,

Ma’rifatga fidoiy jon:

Biri - Abdulhamid Cho‘lpon,

Biri - Abdulhamid Nurmon!

 

Zabt etay, deb fan tog‘ini,

Yengib ijod qiynog‘ini,

Buzar g‘ovlar qirg‘og‘ini -

Misli Farxod, misli polvon -

Biri - Abdulhamid Cho‘lpon,

Biri - Abdulhamid Nurmon!

 

Biri - tuyg‘u, biri - mazmun,

Biri - qayg‘u, biri - mamnun,

Biri - so‘lg‘in, biri - gulgun,

Biri - armon, biri - darmon,

Biri - Abdulhamid Cho‘lpon,

Biri - Abdulhamid Nurmon!

 

Nihol ekkan bo‘lmagay kam,

Bir tup ko‘chat ko‘karsa ham,

Gullab ketar, axir olam!

Dermiz kimlar o‘sha bog‘bon:

Biri - Abdulhamid Cho‘lpon,

Biri - Abdulhamid Nurmon!

 

Vatan - iymon, jondan ortiq,

Ulug‘ Alloh qilgan tortiq,

Uni degan, sevgan qattiq,

Elga sodiq, ham mehribon:

Biri - Abdulhamid Cho‘lpon,

Biri - Abdulhamid Nurmon!

 

Ruh pokiza, vijdon toza,

O’zligi chin, sof andoza,

Ikki farzand tili rosa -

Deydi bu kun jon Andijon:

Biri - Abdulhamid Cho’lpon,

Biri - Abdulhamid Nurmon!

2002 yil, iyun,

Andijon.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.