Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Universitetimizning jonkuyar ustozlari va izlanuvchan talabalari!
Muhtaram faxriylarimiz!
Avvalo, barchangizni 9-may – Xotira va Qadrlash kuni bilan, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Siz, azizlarga va sizlarning timsolingizda butun oila a’zolaringizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik inson uchun eng muhim hayotiy zarurat. Tinchlik bo‘lmas ekan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi, taraqqiy etmaydi.
O‘zbek xalqi azal-azaldan tinchliksevar xalq. Buyuk milliy ma’naviy merosimizda ham aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan mulohazalarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.
9-mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad, tinchlikni ulug‘lash yotibdi.
1 million 433 ming 230 nafar vatandoshlarimiz II jahon urushiga safarbar qilindi. 604 ming 52 nafar hamyurtimiz urush maydonlaridan nogiron bo‘lib qaytdi, 450 mingdan ortig‘i esa jang maydonlarida mardonavor halok bo‘ldi.
Bugun ham safimizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mashaqqat chekkanlar bor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarni esa qadrlash juda savobli ish.
Mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlati ilk kunlardanoq tinchlik-totuvlik tarafdori sifatida maydonga chiqdi. Shunga ko‘ra, mustaqillikning yillarida dastlab 9-may umumxalq bayrami sifatida, 1999 yildan boshlab esa Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanishi unga o‘zgacha ma’no baxsh etdi. Darhaqiqat, II jahon urushida g‘olib mamalakat yo‘q edi. G‘olib mamlakatlar safida bo‘lgan davlatlar ham aslida butun bir avlodni boy berdilar, juda ko‘p fuqarolarini qurbon berdilar.
O‘zbekistonda bu kunni Xotira va qadrlash kuni sifatida belgilanishi uning mazmun-mohiyatini butkul o‘zgartirdi – u xalq xotirasi va insonni qadrlash kuniga aylandi.
Xalq xotirasi deganda ko‘z o‘ngimizda bugungi kunlarga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, shu yo‘lda jon fido qilgan ne-ne buyuk zotlar bir-bir o‘tadi. Spitamen, Shiroqdan tortib Mahmud Torobiygacha, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bekdan Zahiriddin Muhammad Boburgacha, Jaloliddin Manguberdidan, Najmiddin Kubrogacha va necha-necha vatan uchun jon fido qilgan vatandoshlarimiz yodga tushaveradi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Xotira va qadrlash kuni har qachongidan shukuhli va ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan har yili e’lon qilinayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish va o‘tganlarni munosib xotirlash to‘g‘risidagi farmon va qarorlari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Ayni kunlarda yurtimizda koronavirus pandemiyasi sabab e’lon qilingan karantin choralari sabab ushbu kun belgilangan tartibda o‘tkazilishi e’lon qilindi. Barcha hududlarda 9 may — Xotira va qadrlash kunida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish hamda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va yoshi ulug‘ faxriylarning holidan xabar olish taqiqlandi va barchamiz uchun ulug‘ ushbu bayramni faqat oila davrasida nishonlash tavsiya etildi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini bayram munosabati bilan tabriklash va rag‘batlantirish tadbirlari sanitariya talablariga rioya qilgan holda davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Xotira va qadrlash kunini munosib nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsadimiz – Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat.
Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi. Zero xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.
So‘zimning so‘nggida barchangizni ushbu bayram bilan samimiy qutlayman, vatanimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolaman.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI