Andijon Davlat
Universiteti
UMUMXALQ HAYRIYA HASHARIDA ANDIJON DAVLAT UNIVERSITEIT JAMOASI FAOL ISHTIROK ETDI
2020-03-14    3477

Yurtimizdagi so‘nggi yillarida xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishda milliy urf-odatlarimiz va ularning zamirida mujassam bo‘lgan mehr-oqibat, turli muammolarni birgalashib hal qilish kabi ibratli qadriyatlar tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu borada ma’naviy hayotimizning uzviy qismiga aylangan hashar odati istiqlol davrida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, umummilliy an’anaga aylangan.

Respublikamizda joriy yilning 14-15 mart kunlari xayriya hashari sifatida e’lon qilinishida ham katta ma’no bor. Ayni bahor kunlari mahallalarda, mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida erta tongdan boshlab xayriya hasharlari tashkil etilib, unda xalqimizning barcha qatlami faol ishtirok etmoqda. Andijon davlat universitetida ham xayriya hashariga o‘zgacha hozirlik ko‘rildi. 

Mazkur tadbir bahona universitet va uning tarkibidagi fakultetlarning hududlarida obodonlashtirish, chiqindilardan tozalash va daraxtlarni oqlash ishlari bajarildi. E’tiborli tomoni shundaki, mazkur tadbirda 10 ta fakultet dekanlari va 4300 nafar talaba yoshlar alohida namuna ko‘rsatib, universitetning kirish yo‘laklari va ko‘cha hududlarida uyushqoqlik bilan xayriya hasharida qatnashdilar. Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va daraxtlarga shakil berish ishlari sifatli tashkil etildi.

Shu vaqtga qadar  el-yurt yumushiga bel bog‘lagan hasharchilarning g‘ayrat-shijoati bilan universitetning 3.2 gektar maydonida obodonlashtirish ishlari, 3.1 kilometr uzunlikdagi ariq va lotoklari tozalanib, tartibga keltirildi. Shuningdek, 315 dona daraxtga shakl berilib, oqlandi. 500 tup manzarali daraxt va 3200 dona gul ko‘chatlari ekildi.

Hashar insonlarga mehr-oqibat, odamiylikdan saboq beruvchi bebaho tarbiyaviy ahamiyatga ega tadbirdir. U o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini, bog‘laydi, ayniqsa, yoshlar qalbida ona-Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash ko‘zda tutilgan, - deydi Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashev. - Umumxalq xayriya hasharining yana bir muhim jihati bu - qon-qonimizga singib ketgan insonparvarlik, olijanoblik, saxovatpeshalik tuyg‘ularining yanada sayqallanishidir.

Shuningdek, Andijon davlat universiteti talaba yoshlari  Andijon shahrida joylashgan "Yoshlar bog'i"ga tashrif buyurib, u yerda ham obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etdilar.

Albatta, bu kabi xayriya tadbirlari barchani yagona maqsad yo‘lida birlashtirish barobarida, kelajagimiz egalari qalbida mehnatsevarlik tuyg‘usini shakillantirishi bilan ahamiyatlidir.

 

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.