Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI REKTORINING 8-MART – XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN UNIVERSITET AYOL-QIZLARIGA BAYRAM TABRIGI
2020-03-07    2473

Assalomu alaykum universitetimizning go‘zal, lobar, shu bilan birga mehnatda zahmatkash  muhtaram Ayollari – hurmatli opa-singillar, aziz talaba qizlar!

Bunday quvonchli damlarda Siz go‘zal opa-singillarimiz, mehnatkash hamkasblarimizga nisbatan qalbimizda kechayotgan his-tuyg‘ularimizni, ezgu tilaklarimizni ona tilimizdagi eng go‘zal, eng nodir so‘zlar bilan xuddi so‘z ilmining donishmandlari kabi, shoir va yozuvchilardek  izhor etishni faxr va iftixor, deb bilamiz.

Olam yaralibdiki, butun hilqatning sir-asrori, go‘zalligi, benazirligi, husnu-tarovati, betakrorligi va bebaholigi sizlarda o‘z aksini topganligi shubhasizdir. Quyosh o‘z nurlari bilan olamni munavvar etayotgani, Oy o‘z yog‘dusi bilan tun qo‘ynini nurga to‘ldirayotgani qanchalik haqiqat bo‘lsa, Sizlarning mehr- muhabbatingiz bilan butun insoniyat sadoqat va saodatga to‘lib-toshayotgani ham shunchalik haqiqatdir.

Dunyo tarixida topilgan ilk san’at asarlari va haykaltaroshlik na’munalarida ham Ona, Ayol tasvirlanganligi bu so’zimning isboti bo’la oladi. 

Darhaqiqat, ayolning vafo va sadoqati, nafosati va nazokati, aql-zakovati va fidoiyligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. U muhabbat va matonat ramzi.  

Barchamizga ayonki, dunyoda davlat va jamiyatning madaniy darajasini ko‘rsatadigan mezonlar ko‘p. Lekin, har qaysi millat va xalqning ma’naviy darajasini aks ettiradigan shunday bir mezon borki, u ham bo‘lsa, jamiyatning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati, hurmati bilan belgilanadi.

Shu ma’noda, ayollarni ulug‘lab, boshiga ko‘tarib yashaydigan xalq o‘zining yuksak madaniyati va olijanob qadriyatlarini amalda namoyon qiladigan va tasdiqlaydigan xalq sifatida obro‘-e’tibor qozonishi bor gap.

Mamlakatimizda mehribon Onalarimizga, munis opa-singillarimizga, qizlarimizga nisbatan  butun imkoniyatlarning yaratilayotgani, adolatli siyosat yuritilayotgani zamirida Sizning jamiyat taraqqiyotida tutgan  ulkan mehnatingiz e’tirofi borligi ayni haqiqatdir. Jamiyatning hech bir sohasi yo‘qki, Siz ishtirok etmagan, Sizning mehnat va mashaqqatingiz singmagan.

Universitetimizning barcha sohalarda yuksalishini, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishini siz aziz ayollarimizning mehnatisiz sira tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bahor va shodlik, yoshlik va go‘zallik, sevgi va muhabbat, mehr va sadoqat ayyomi – 8 Mart bayrami bilan barchangizni chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizlarning timsolingizda butun universitetimizda faoliyat yuritayotgan barcha ayollarimiz ya’ni mo‘’tabar onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, aziz talabalarimizga  mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik, kasbiy salohiyat, farzandlaringiz kamoli, baxtu iqbolini tilab, qolaman. Bayramingiz yana bir bor muborak bo‘lsin.


MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.