Bugun, mamlakatimizda taraqqiyotimizga asosiy to’siq bo’layotgan korrupsiyani oldini olish, unga qarshi kurashni to’g’ri tashkil etish barchamizga alohida mas’uliyat yuklaydi. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish juda katta ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim bo’lishi shubhasiz.
Biroq, tizimda ushbu islohotlarni tushunmay, korrupsion holatlarga yo’l qo’yayotganlarning borligi achinarli holat. Universitetimizda ham bunday holatlar yo’q deb bo’lmaydi. Professor-o’qituvchilarimizning aksariyat qismi o’tkazilayotgan islohotlarni tushunib, o’zini isloh qilmoqda. Ammo, ayrimlari esa bu siyosatni vaqtincha esadigan shamolga qiyoslashmoqda shekilli.
Andijon davlat universiteti rektoriga to’g’ridan-to’g’ri murojaat qilish imkonini beruvchi botning ishga tushirilishi yuzimizga oyna tutib, kamchiliklarimizni ko’rsatib bermoqda. Talabalardan tushayotgan har bir murojaatlarni shaxsan rektorning o’zi qabul qilib olib tegishli chora ko’rmoqda. Bir necha kun davomida Filologiya fakultetida tahsil oluvchi guruh murojaati yuzasidan o’rganish ishlari olib borildi. @anddu_rektori_bot iga talabalar tomonidan Falsafa kafedrasidan X.T., Rus tili va adabiyoti kafedrasidan A.Y. hamda Jismoniy madaniyat kafedrasidan I.R.lar faoliyati bo’yicha shikoyat xati tushgan. Universitet rektori har bir o’qituvchi bilan talabalar oldida suhbatlashib holat yuzasidan tushuntirish oldi.
Yig’ilish so’nggida universitet rektori talabalarga minnatdorchilik bildirib, - “men sizlarning murojaatingizdan juda xursand bo’ldim. To’g’risi ko’pchilik botga murojaat qilib, aniq ma’lumotlarni bermaydi. Men barcha talabalardan iloji boricha aniq ma’lumotlarni berishlarini so’rab qolaman. Bu hali boshlanishi, korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha boshlagan ishlarimizdan ortga qaytmaymiz. Kimda kim ushbu holatlardan keyin professor-o’qituvchilar tomonidan tazyiqqa uchrasa, aynan shu holat bo’yicha mening himoyamda bo’ladi. Hozir ko’p masalalarni aniqlashtirib oldik, korrupsion holatga yo’l qo’ygan o’qituvchilarga esa chorani universitet Kengashida ko’rib chiqamiz, kerak bo’lsa, professor-o’qituvchi yoki kafedra mudiri bilan tuzilgan shartnomani bekor qilamiz," - deya o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq talabalarning murojaati orqasidan Rus tili va adabiyoti hamda Ekologiya kafedrasining ikki nafar professor-o’qituvchisi bilan shartnoma bekor qilinib, ikki nafariga hayfsan intizomiy chorasi ko’rilgan.
Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashevga to’g’ridan-to’g’ri murojaat qilish uchun telegram ijtimoiy tarmog’i orqali @anddu_rektori_bot iga yozishingiz mumkin.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI