Andijon Davlat
Universiteti
FIZIKA MATEMATIKA FAKULTETIDA BOBUR DAHOSI YOD ETILDI
2020-02-15    2695

Charxning men ko'rmagan jabru jafosi qoldimu?!

Xasta ko'nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?!

Meni xor etti-yu qildi muddaini parvarish,

Dahri dunparvarning o'zga muddaosi qoldimu?

Bugun, 14-fevral kuni Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti Matematika ta'lim yo’nalishi jamoasi tomonidan Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag’ishlangan badiiy kecha o’tkazildi. Tadbirni oliygohimizning yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori A.Xamraqulov ochiq deb e’lon qildi.

Tadbirda so’zga chiqqanlar Zahiriddin Muhammad Boburning ijodiy merosi haqida gapirib, uning adabiyotimizga qo’shgan hissasini alohida ta’kidlab o’tdilar. Zahiriddin Muhammad Bobur hech shubhasiz temuriylar sulolasining munosib davomchisidir. Bobur ijodiy merosining asosiy qismi bizgacha yetib kelgan. O’sha davr ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotidan so’zlovchi “Boburnoma”dek muhtasham tarixiy asar, ayniqsa, yoshlarimizga muayyan ma’naviy ozuqa berib, ularning tarixiy-geografik bilimlarini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Bobur ijodiyotining bosh mavzusi – Vatan ishqidir. Adabiyotshunos olimlar “Vatanni sevishni Mirzo Boburdan o’rganmoq kerak” deb bejiz aytmaydi. U bir umr ona yurtini qo’msab yashadi. Shoirning g’azal va ruboiylariga jo bo’lgan Vatan sog’inchi, qalb tug’yonlari har bir kitobxonni mutaassir etishi tabiiy. Tadbir davomida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tashabbusi bilan nashr etilgan “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” talabalarga tanishtirildi.

Shundan so’ng “Matematika” yo’nalishi 1-kurs talabalari o’zlari tayyorlagan sahna kòrinishlarini taqdim etishdi.

Tariximizni ulug’lashga, Vatanni sevishga, kelajakka ishonch bilan qarashga chorlovchi go’zal, sermazmun satrlar ila yurak qo’rimizdan chuqur joy egallagan yurtdoshimiz, vatanparvar shoh va shoir Bobur Mirzo yozib qoldirgan g'azal va ruboiylarni aytishdi.

Maqom yo’nalishida ishtirokchi qizlar tomonidan tayyorlangan raqslar badiiy kechamizga o’zgacha ruh berdi. Tabdir so’ngida Fakultetimiz dekani, dotsent M.Mahkamov so’zga chiqib tadbir ishtirokchilarini bayram bilan tabriklab faol qatnashgan talabalarni faxriy yorliq va esdalik sovg'alari bilan taqdirladi.

Zulunova Mohlaroy
Fizika-matematika fakulteti talabasi
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.