Tarixda shunday shaxslar borki, o‘zi qisqa hayot kechiradi, lekin o‘z nomini insoniyat tarixiga o‘zining ijobiy ishlari bilan muhrlab ketadi. Zahiriddin Muhammad Bobur tom ma’noda insoniyat tamadduniga o‘z xissasini qo‘sha olgan, xalqlar xotirasida umrbod yashaydigan komil shaxslardan biri. Mashxur ingliz tarixchisi Eduard Holden «Bobur fe’li-sajiyasiga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan» deya uning shaxsiga bejiz yuksak baho bermagan. Ayni kunlarda mamlakatimizda Bobur tavalludining 537 yilligi katta xursandchilik bilan qarshi olinmoqda.
Xususan, bugun Andijon davlat universitetida ham Bobur dahosiga ehtirom ko‘rsatilib, uning tavalludiga bag‘ishlab “Nazm va navo” deb nomlangan badiiy kecha tashkil etildi. Tadbirda universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Universitet rektori Akramjon Yuldashev kirish so‘zi bilan ochib, “Bobur insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan olim, shoir, davlat arbobi, Buyuk Boburiylar saltanati asoschisi sifatida dunyo xalqlari tomonidan birdek qadrlanadi. U Andijon farzandi sifatida o‘sha suronli yillarda ilm-fanga e’tibor qaratishi biz uchun faxr tuyg‘usini beradi. Uning ijodini o‘rganishimiz, unga munosib avlod sifatida chuqur bilim olishimiz oldimizdagi muhim vazifa bo‘lmog‘i lozim,” – o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng dasturning badiiy qismi boshlandi. Tarix fakulteti talabalari tomonidan Boburning ijod na’munalari maromiga yetkazib ijro etdilar. Ayniqsa, uning Andijonni, yurtimizni tashlab chiqib ketishi, qiyinchiliklarga to‘la hayoti sahnalashtirilgan “Anda jonim qoldi maning” deb nomlangan sahna ko‘rinishi ishtirokchilarni o‘sha davrga tushirib qo‘ygandek, uning iztiroblarni birga his qilgandek tasavvur uyg‘otdi.
Dastur davomida viloyat na’munaviy maqom ansambli xonandalari ijrosida Bobur g‘azallari asosida tayyorlangan “Saraxbori oromijon”, “Qachon bo‘lg‘ay”, “Topilmas” kabi qo‘shiqlar, viloyat musiqali drama teatri aktyorlarining chiqishlari, talabalar tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va raqslar barchaga o‘zgacha ruh va shukuh baxsh etdi.
Bobur rolini qoyilmaqom qilib ijro etgan Muxtorov Davronbek tashkil etilgan badiiy dastur haqida o‘z fikrini bildirib, - “Bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan globallashshuv jarayonida milliy ma’naviy qadriyatlar muhim ahamiyatga ega. Buyuk ajdodlarimizni xotirlash, ularning ilmiy va adabiy merosini chuqur o‘rganish har birimiz uchun muhimdir. Bugun buyuk bobomiz Boburning rolini ijro etdim. Men ajoyib his, ishtiyoq chulg‘ab oldim. Barcha tengdoshlarimga murojaat qilib aytmoqchimanki, Boburni seving, uning asarlarini o‘qing. “Boburnoma”dan tarix, biologiya, geologiya va shu kabi ko‘plab fanlarga oid muhim bilimlarni egallashingiz mumkin.”
Badiiy kecha so‘nggida tashkilotchi talabalarga universitet rahbariyati va kasaba uyushma qo‘mitasining faxriy yorliqlari, esdalik sovg’alari va “Boburnoma” asari bilan taqdirlandilar.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI