Andijon Davlat
Universiteti
UNIVERSITET AKADEMIK LITSEYIDA KITOBLAR KO’RGAZMASI TASHKIL ETILDI
2020-02-04    2659

Badiiy adabiyot insoniyat hayotini charog‘on etishi, inson umriga nurafshonlik baxsh etib, ma’naviy olamini shakllantirishi va yuksaltirishi, porloq kelajak uchun munosib to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam berishi, kitobning insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot ekanligi bois har qanday davr va zamonda kitob o‘qish, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Ayniqsa, bugungi kunda davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan mazkur masalaga davlat siyosati darajasida qaralib, samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusda yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani hamda xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga jiddiy ahamiyat berildi.

Kitobxonlikni keng targ‘ib etish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan chiqarilgan farmoyish va qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon davlat universiteti akademik litseyida chora-tadbirlar dasturi asosida rejali va maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Akademik litsey o‘qituvchilari tomonidan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, ular qalbida vatanparvarlik hissini yuksaltirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan bir qator tadbirlar tashkil qilinib, bu tadbirlar davomida turli ko‘rinishdagi kitob ko‘rgazmalari uyushtirilib,  kitoblarning tadbir ishtirokchilari, keng o‘quvchilar ommasiga bepul va beg‘araz sovg‘a sifatida taqdim qilinishi ham bu boradagi samarali faoliyatlardan biridir.

2020-yil 3-4-fevral kunlari universitet akademik litseyida o‘qituvchi va o‘quvchi kitobxonlarga kitob yarmarkasi tashkil etildi. Ushbu kitob yarmarkasida o‘qituvchi va o‘quvchilar 150 dan ortiq o‘zbek hamda jahon adabiyoti durdonalarini sezilarli darajada xarid qildilar. Kitob aksiyasi kitobxonlarga ma’naviy ozuqa, estetik zavq, o‘zbek xazinasidan joy olgan noyob va durdona asarlar to‘plamlari ona vatanga mexr-muhabbat, sodiq farzand bo‘lishga undab qoladi. Andijon davlat universiteti akademik litseyi tomonidan tashkil etilgan ushbu kitob aksiyasi kitobxonlar ixtiyoriga keng miqyosda havola etildi. Bunday aksiyani o‘tkazishdan maqsad, kitobxonlar ongida sog‘lom muhit yaratish, dunyoqarashi keng va yetuk bo‘lishi uchun kitob o‘qishning qanchalik muhimligini o‘sib kelayotgan yosh avlod  ongiga singdirishdan iborat bo‘ldi. Zero, kitoblar insonlarni kelajakka chorlovchi yo‘lchi yulduz bo‘lib, hayot yo‘llarini nurafshon qilib, bilim cho‘qqilariga yetaklab  qoladi.

Akademik litseyda ayni kunlarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida jiddiy amaliy ishlar olib borilayotgani o‘quvchi-yoshlar ma’naviy hayotining yangilanishi va yaxshilanishiga imkon yaratib bermoqda. Bu boradagi har bir faoliyat hamisha dolzarb va davomli bo‘lib qoladi.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.