Andijon Davlat
Universiteti
REKTOR YOSH OLIMLAR VA IQTIDORLI TALABALAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI
2020-01-30    2642

Joriy yilning 28-yanvar kuni universitetning katta majlislar zalida “Yoshlar - kelajagimiz bunyodkorlari” shiori ostida universitet rektori Akramjon Yuldashev bilan universitet doktorantlari, magistrantlari hamda talaba-yoshlari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Universitet rektori o‘z so‘zi avvalida Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida keltirilgan quyidagi fikrlarni aytib o’tdi: “Biz O‘zbekistonimizni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz. Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo‘lib chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Shuning uchun ham bog‘chadan boshlab oliy o‘quv yurtigacha – ta’limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilishni boshladik. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi”, - degan fikrlarini bayon etib o‘tdi. Va bunga yoshlarning munosabatlarini o‘rganish barobarida ularning fikrlarini tingladi.

Dastlab rektor bitiruvchi bosqich doktorantlari bilan suhbatlashib, tadqiqot ishlarining qay holatda ekani, bu yo’lda ularning oldida qanday muammolar mavjudligi bilan qiziqdi. Har bir doktorant dissertatsiya ishini qachon yakunlab, himoyaga chiqishini tahminiy muddatlarini belgilab olganliklarini va bu yo’lda ular uchun muammoga sabab bo’lishi mumkin bo’lgan masalalar yuzasidan ma’lumot berdilar. Ayniqsa, tabiiy va aniq fan yo’nalishlardagi doktorantlarda muammolar ko’proq ekani ayon bo’ldi. Xususan, tadqiqot ishi yuzasidan noyob laboratoriya tekshiruvlari uchun to’lovlar, ayrim tekshiruv usullarining O’zbekiston hududida o’tkazishning imkonsizligi, bu uchun xorijiy mamlakatlarga xizmat safarini tashkil etish lozim ekani kabi muammolar ko’rsatildi. Universitet rektori aslida budjetda bunday masalalar uchun mablag’ ajratilmaganini, biroq, universitet rahbariyati budjetdan tashqari mablag’lar hisobidan bunday masalalarni imkon boricha yechib berishga tayyor ekanini bildirib o’tdi. Suhbat davomida magistrantlar va talabalar bilan ham xuddi shu taribda birma-bir suhbat qildi. Qariyb uch soat davom etgan suhbatda yoshlarning o‘qishi, ilmiy izlanishlari, ilmiy-amaliyot uchun zarur bo‘lgan laboratoriya jihozlari bilan bog‘liq asosiy muammolari, talab va takliflari o‘z o‘rnida o‘rganilib, muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida universitet rektori A.S. Yuldashev talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot qilishga doimo tayyor ekanligini, ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda hamisha yoshlar bilan birga yelkadosh ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Ochiq-oydin savol-javoblar, erkin fikr-mulohazalar asosida shaffof tarzda bo‘lib o‘tgan “Rektor va yoshlar” uchrashuvi yoshlarda unutilmas xotiralar qoldirish bilan birga, inson manfaatlari yuksak darajada himoya qilinuvchi mustaqil davlatda yashayotganidan shukronalik hissi uyg‘otdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu kuni O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi raisi A.Nurmatov va universitetning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori A.Sh.Hamraqulov ishtirokida “Yoshlar – kelajagimiz bunyodkorlari” shiori ostida universitet talaba-yoshlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Bu kabi ochiq muloqot tarzidagi tadbirlar universitet fakultetlari kesimida talaba-yoshlar bilan muntazam davom etmoqda.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.