Prezidentimizning parlementga murojaatini tinglar ekanman, yana va yana xotin-qizlar masalasini ustuvor masala sifatida ko‘tarilganini guvohi bo‘ldim. Ayniqsa qizlarimiz uchun alohida grantlar ajratilishi, xotin-qizlar qo‘mitasiga ushbu grantlar asosida o‘qitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgani, 2020 yilda xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilishi haqidagi yangiliklar, tashabbuslardan to‘lqinlanganimni yashirmayman. Qalbimda go‘yo bu tashabbus adolatli bo‘lib tuyulsada, meni mushoxada qilishga undagan jihatlar ham bor edi ya’ni biz shu e’tiborga loyiq faoliyat olib borayabmizmi?
To‘g‘ri iqtidorli, turli sohalarda o‘z irodasini munosib ifoda etib kelayotgan xotin-qizlarimiz ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Yildan yilga ularning sonini ortib borayotgani ham quvonarli xol. Ammo hali ham yengil yelpi yo‘llarni tanlayotgan, minglab ajrimlarga sababchi bo‘layotgan, milliy qadriyatlarni kim o‘zarga o‘girib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yayotgan, ona, o‘zbek ayoli sha’niga munosib ish qilmayotgan, o‘zini taqdiridagi baxtsizliklar uchun aynan o‘zining dunyoviy qarashlari sabab bo‘lsa-da, davlat boshqaruvi mas’ullarini ayblayotgan xotin-qizlarimiz ham yo‘q emas.
Murojaatnomada “2020 yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yo‘nalishidagi loyihalariga 100 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit beriladi. Buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratamiz. Bundan tashqari, 1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega bo‘lishi uchun byudjet hisobidan boshlang‘ich badal to‘lab beriladi” - deya ta’kidladi davlat rahbari. Biznes reja qilolmasa ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa o‘quv kurslarida o‘qitish tashkil etilishi ham ko‘zda tutildi. Qo‘pol qilib aytganda tayyor luqmani yutib olsak bo‘ldi. Vijdonan o‘ylansa, hamma ayb qo‘yishdan, ya’ni o‘z qarashlarimizdan. Baxtli yashash uchun baxtli bo‘lishni xohlash kerak. Xohishlar maqsadlar sari yo‘l ochadi. Imkoniyat sari yetaklovchi rejalarni paydo qiladi. Bir maqsad haqida doimiy o‘ylash va unga intilish yangi g‘oyalarni dunyoga kelishiga sababchi bo‘ladi. Ammo biz xarakat qilishni istamaymiz. Xotirjammiz.
Insonni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartirishda har birimizning shijoatimiz va mas’uliyatimiz bardavom bo‘lishi kerak emasmi? Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek “Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda hech kim chetda turmasligi, “O‘z bolangizni, o‘z uyingizni, o‘z Vataningizni ko‘z qorachig‘idek asrang!” degan shior odamlarimiz qalbidan chuqur joy olishi kerak.”
Hayotimiz farovonligini ta’minlashda ma’naviy-ma’rifiy saviyamizni doimiy yuksaltirib borish birinchi darajali ahamiyatga egaligi ham haqiqat. Bu o‘rinda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ta’sirchan g‘oya tashabbuskorligimizni, fidoyilik, axloqiy fazilatlarimizni shakllantirishga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining xotin-qizlarga berayotgan e’tibori bizda mas’ullikni oshirishi va oldimizga maqsadlar qo‘yishi shart.
Qaysi sohada faoliyat olib bormaylik, o‘z vazifalarimiz doirasida yangiliklar qilishga intilaylik. Agar talaba bo‘lsak faqat talabalik bilan chegaralanib qolmay, jamoat ishlarida faol bo‘lishga intilish lozim. Masalan jahonga dong‘i ketgan turli sohalarda muvafaqqiyat qozongan xotin-qizlarga xavas qilish, ular faoliyatini o‘rganish kerak. Siyosat borasida o‘z qarashlari, o‘zining munosib boshqaruv uslubiga ega bo‘lgan Margaret Tetcher, Hillari Klinton, Madlen Olbrayt, Kondoliza Rays, Tansu Chiller, Benazir Bhutto va Indira Gandi kabi ismlarni bilmaydigan odam kam topiladi. Dunyo aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etuvchi xotin-qizlarning siyosat, tijorat va jamiyatdagi mavqei hatto teng huquqlilikning eng cho‘qqisiga erishgan g‘arbda ham to‘liq namoyon bo‘lmagani aytiladi. Ammo O‘zbekistonda barcha imkoniyatlar va sharoitlar, ko‘mak va tavsiyalar kafolatlanmoqda. Xususan yangilangan senatimizga rais etib Tanzila Norboevani saylanishi ham mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor va ishonchning yorqin ko‘rinishidir. Bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalanish va munosib javob qaytarish kerak. Bugungi kunda ayollar jahon iqtisodini yurgizishda katta kuchga aylanmoqda. Dunyo miqyosida ayollar sarflayotgan pul yil sayin ko‘paymoqda. So‘nggi kuzatuvlarga ko‘ra, rahbar ayollar ko‘proq ijtimoiy masalalarga xususan, ta’lim va tibbiyotni rivojlantirishga e’tibor qaratishi aniqlangan. Tijorat ochgan ayollar boshqa xotin-qizlarni ishga ola boshlashadi. Umuman xotin-qizlar erkak rahbarlarga nisbatan ko‘proq mablag‘ sarfalashar ekan. Bizning rahbariyatga kelishimiz arzonga tushmasligini hisobga olsak ham mas’uliyatimizni ikki barobarga oshirishga majburiyatimiz bor.
Umuman olganda rahbariyatga xotin-qizlarning kelishiga mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoev barcha sharoit va imkoniyatlarni kafolatlab bermoqda. Ushbu so‘zimni ularning parlamentga murojaati ham tasdiqlaydi.
Shu o‘rinda har birimiz ushbu murojaatnomani o‘qib, taxlil qilib, o‘rganib, o‘z imkoniyatlarimizni samarali ishga solishimiz zarurligini anglash chin farzandlik burchimiz ekanligini uqtirmoqchiman. Xurmatli opa-singillar berilayotgan e’tiborga munosib javob qaytaraylik! Zero dunyoga mashxur sarkarda Amir Temurlarga maslakdosh bo‘la olgan Bibixonimlar, she’riyat bilan qalblarni zabd etgan Nodirabegimlar, Uvaysiy va Zulfiyaxonimlar kabi buyuk o‘zbek ayollarining avlodlarimiz. Mamalakat rivojiga munosib xissa qo‘sha oladigan mutaxassis va rahbarlar bo‘lish qo‘limizdan keladi. Ishoning.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI