Hozirgi kunda yer yuzidagi rivojlangan mamlakatlar, yuksak taraqqiyotga erishgan jamiyatlar o‘z taraqqiyotining sabablarini ta’lim tizimida o‘tkazilgan islohotlarning muvaffaqiyati bilan bog‘laydilar. Ilmiy adabiyotlarda korrupsion holatlar eng ko‘p sodir bo‘ladigan muassasalar sifatida markaziy davlat hokimiyati organlari ko‘rsatilsa-da, biroq, ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra ta’limdagi korrupsiya eng halokatli holat hisoblanadi. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimidagi korrupsiogen holat mamlakatlarning kadrlar siyosatini parokanda qilib yuboruvchi xavfli jarayondir. Joriy yilning 18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuroturasida Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videoselektor tarzida tashkil etilgan tadbirda “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida korrupsion holatlar va ularga qarshi kurash masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilishda barcha oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Yig‘ilish tanqidiy ruhda kechib, unda so‘nggi yillarda korrupsiogen holatlarning kamaymayotgani, ayniqsa, tizimda korrupsiya 2018 yilda 29% dan 2019 yilda 35% foizga o‘sgani, bunda talabalikka qabul qilishdan boshlab, imtihonlar, o‘qishni ko‘chirish va tiklash, BMI va MD, kurs ishlarni bajarish, DAXlarni o‘tkazishgacha bo‘lgan oraliqda, umuman olganda deyarli barcha jabhada kuzatilayotgani mamlakatimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan har qanday kishini o‘yga toldiradi.
Ushbu o‘tkazilgan yig‘ilishdan kelib chiqib, Andijon davlat universitetida ham korrupsiyaga qarshi kurashning yangicha yo‘liga o‘tish masalasi muhokama qilindi. Kecha, 21 yanvar kuni universitet rektori huzurida dekan va kafedra mudirlari ishtirokida ushbu masalani muhokamasiga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi. Dastlab universitet rektori Akramjon Yuldashev ishtirokchilarga Bosh Prokuroturada o‘tgan yig‘ilish tafsilotlarini aytib o‘tdi va quyidagilarni bayon qildi:
“Yangilanayotgan O‘zbekiston” degan iborani ko‘p eshitayapmiz. Siz, biz, hammamiz o‘zimizni o‘zgartirmas ekanmiz “Yangilanayotgan O‘zbekiston”ga xos yashay olmaymiz. Kim eskicha o‘ylayotgan bo‘lsa, bu vaqtinchalik shamol deb bilganlar bo‘lsa, qattiq adashadi, bu doimiy va rivojlanib boradigan jarayon. Endi universitetimizda korrupsion holatni oldini olish va unga qarshi kurashishda yangicha tizimga o‘tamiz. Barcha bo‘lim va kafedralar bu bo‘yicha o‘z dasturini ishlab chiqadi. Nazorat turlarini o‘tkazishga axborot texnologiyalarini keng jalb qilamiz, imtihonlarni kollegial tarzda olishga, jamoatchilik nazorati turlarini qo‘llashga o‘tamiz. Men nega talabalardan mustaqil ish olishni to’xtatishga buyruq berdim? Talabaga mustaqil o’qish uchun foydali, dolzarb va qiziqarli topshiriqlar, vazifalar bering, bunga hech kim qarshi emas, biroq, buni alohida nazorat turi sifatida talqin qilishni bas qilishimiz lozim. Mustaqil ish boshqa mustaqil ta'lim boshqa. Talabaga qayerdan, nimani, qanday olishni, tahlil qilishni o'rgatamiz. Aslida kelajakda ta’lim talabalarning mustaqil ta’lim olishi atrofiga quriladi. Biroq, talabaga mustaqil ish berib “yozib kelib topshirasiz”, “slayd qilasiz” deb mustaqil ishni alohida imtihonga aylantirishni to’xtating! Agar nazorat turlarini o’tkazish, korrupsiyani oldini olish borasida kimda takliflar bo‘lsa, eshitishga va amaliyotga qo‘llashga tayyorman.”
Shundan so‘ng professor-o‘qituvchilar va prorektorlar masala yuzasidan o‘z takliflari va mulohazalarini bildirdilar, takliflari bo‘yicha aniq mexanizmlarni aytib o‘tdilar. Yig’ilish davomida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurash faqatgina davlat tuzilmalarining emas, barchaning vazifasi ekanligi aytilib, odamlar o’zgarmas ekan har qanday qonun va qattiq javobgarlik buni kamaytirmasligi aytib o’tildi. Talabalarga munosabatda samimiylik va odob-axloq qoidalariga e'tibor qilish masalasi ham alohida muhokama qilindi. Universitet yuristkonsulti M.Sodiqova Adliya vazirligi bilan hamkorlikda har bir fakultet uchun alohida uchrashuv tashkil etish masalasini Shuningdek, ushbu yig’ilsh qarorlari barcha professor-o’qituvchilarga yetkazish kafedra mudirlariga yuklatildi.
Yig’ilishda so’nggida bu borada yana bir yangilik joriy etilishi belgilandi. Unga ko’ra talabalarga korrupsiogen holatlar yuzasidan universitet rektoriga tog’ridan to’gri murojaat qilish imkoniyatini taqdim qilish bo’yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI