Universitetimizning barcha fakultetlarida 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” hamda milliy armiyamiz tashkil etilganligining 28 yilligi munosabati bilan turli tadbirlar, uchrashuvlar va badiiy kechalar tashkil etilmoqda. Xususan, universitet katta majlislar zalida tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov tashabbusi bilan, universitet tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi”, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi, “Meros” xalqaro ilmiy-amaliy xayriya jamoat fondi, Tarix fakulteti hamkorligida “Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga O‘zbekistonning qo‘shgan hissasi” mavzusida konferensiya o’tkazildi.
Konferensiyada universitet talabalari va professor o’qituvchilari ishtirok etdilar. Konferensiya ishini kirish so’zi bilan professor Rustambek Shamsutdinov ochib, “Uch jildlik “Ikkinchi jaxon urushi va front gazetalari” kitobining yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi o‘rni va roli” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi ishtirokchilar e’tiborini Ikkinchi jahon urushining suronli yillarida yurtdoshlarimiz tomonidan front va frontortidagi qahramonliklari, fashist bosqinchilari ustidan qozonilgan g’alabada o’zbekistonlik askarlarning o’rnini front gazetalarida aks ettirilishiga qaratdi va qatnashchilarga o’zining “Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” kitobini tanishtirdi. Ustoz o’z ma’ruzasida urush insoniyat uchun eng halokatli ofatlardan ekani, tinchlik eng katta ne’matligini, bu borada milliy armiyamizning tun-u kun chegaralarimizda sobit turishi tinch hayot kechirishimizning asosi ekanini jonli misollar orqali tushuntirib o’tdi.
Shundan so’ng, ma’ruzachilar dotsent Alisher Mamajonov “Quloq” qilinib, surgun etilgan yurtdoshlarimizning buyuk g‘alabaga qo‘shgan hissasi”, filologiya fanlari nomzodi Ma’mirjon Saidxonov “Buyuk g‘alabaga o‘zbek adiblarining qo‘shgan hissasi”, Tarix fakulteti dekani Ravshanbek Shamsitdinov “Gollandiya tuprog‘ida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar taqdiri.”, tarix fanlari nomzodi, dotsent Muhammadjon Alixojiyev “Urush yillarida O‘zbekistonning madaniy hayotidan lavhalar.”, AndTI dotsenti, tarix fanlari nomzodi Barno Botirova “O‘zbek xotin-qizlarining front va front ortidagi qahramonliklari sahifalaridan.”, AnDU O‘zbekiston tarixi kafedrasi katta o‘qituvchisi Xasanov Jasurbek “O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidenti X.M.Abdullaevning front ortini mustahkamlashdagi roli.”, AnDU magistranti Hojiev Shahboz “Mehnat armiyachilari - “qurolsiz askarlarning” g‘alabaga qo‘shgan xissasi” kabi mavzularida chiqish qilib ikkinchi jahon urushining barcha jihatlarini ochib beruvchi ma’lumotlarni taqdim qildilar va tinchligimiz kafolati bo’lgan milliy armiyamizning ahamiyati haqida o’z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Konferensiya yoshlarda urushning naqadar katta falokatlar onasi ekanini tushunishda, bugungi tinchligimiz uchun shukronalik xissini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI