2019-yil 19-noyabr kuni Andijon davlat universiteti katta majlislar zalida Tarix fakulteti talabalari va pedagog-xodimlari ishtirokida “Ta’lim muassasalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ma’naviy-ma’rifiy asoslari”, “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarining tarqalishiga qarshi kurash” va “Giyohvandlik - asr vabosi, undan yoshlarimizni asraylik” mavzusida muloqot tashkil etildi. Muloqotda mazmun mohiyatini ochib berishda viloyat bosh qozisi noibi, Pistamozor masjidi imom xatibi Xayrullo domla, viloyat Narkologiya dispanseri sud-tibbiyot ekspertiza o‘tkazish komissiyasi raisi To‘raqulov Shuxratbek, universitet tibbiy punkiti shiforkorlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Tadbirda fakultet dekani R.Shamsitdinov ta’lim muassasalarida, shu jumladan, universitetimiz va fakultetimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ma’naviy-ma’rifiy asoslari bo‘yicha bir qator amaliy ishlar olib borilayotganini ta’kidlab, so‘nggi vaqtlarda jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalarini yanada jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qonunlar, Prezident qaror va farmonlari ana shu ezgu maqsadga qaratilganini anglash lozimligi, korrupsiya har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy hayotiga xavf soladigan, qolaversa, mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan illat ekanligini ta’kidladi. Fakultet dekani Prezidentimiz, buyuk mutafakkirlarimiz va dunyo olimlarining mavzu bo‘yicha teran, dono o‘gitlarini yoshlarga yetkazdi.
Viloyat Narkologiya dispanseri sud-tibbiyot ekspertiza o‘tkazish komissiyasi raisi Sh.To‘raqulov giyoxvandlikka qarshi kurashish uning inson salomatligiga yetkazadigan zararlari xususida zamonaviy ilmiy tadqiqotlariga to‘xtalib o‘tdi. Bu moddalarni iste’mol qiluvchilar asta-sekin og‘ir kasalliklarga yo‘liqishlari va ichki a’zolarida tuzatib bo‘lmas og‘ir xastaliklar paydo bo‘lishi shular jumlasidandir. Giyohvand moddalar kishi me’dasi, jigar faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi, o‘pkasini ishdan chiqaradi. Shuningdek, u inson asabiga va shu orqali insonda ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-bemazani sezish xususiyatlari yo‘qolishiga olib kelishi, jamiyatga yetkazadigan zararlari esa behad ko‘p bo‘lib, giyohvand kimsa avvalo o‘ziga, so‘ng oilasi, kasbi yoki o‘qishiga nisbatan qiziqish, ahamiyat va parvo hislari yo‘qolishi kabi salbiy oqibatlari haqida bir necha misollar bilan talabalarga ma’lumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng, viloyat bosh qozisi noibi, Pistamozor masjidi imom xatibi Xayrullo domla so‘z olib, korrupsiyaga aloqador odam qonunni buzishidan tashqari, o‘zining kimligini, e’tiqodi, ma’naviyati qay darajada ekanini oshkor qiladi. Bunday odam nafaqat moliyaviy ziyon-zahmat yetkazadi, balki davlatni, demokratiyani behurmat qilib, obro‘sini to‘kadi, unga non-tuz berib katta qilgan, ilmu hunar, obro‘ va mansab bergan el-yurtning yuziga oyoq qo‘yadi.
To‘g‘ri ishlab, to‘g‘ri yashash saodatini bolalikdan, yoshlikdan o‘rgangan odam mard va halol bo‘ladi. Adolatsizlik, qonunga hurmatsizlik, kasbu amalga, ishonchga xiyonat qilib bo‘lmasligini o‘qib-uqqan, poraxo‘rlik va korrupsiyaga, suiste’molchilikka qarshi o‘zida immunitet hosil qilgan yoshlar kelajakda jur’atli, vijdonli inson bo‘lib yetishishi haqida Yaratganning kalomi muqaddas Qur’oni Karimning bir necha oyatlaridan va Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning muborak xadislaridan keltirib o‘tdi. Shuningdek, Xayrollo domla xadisi sharifdan misol keltirib, Har bir mast qiluvchi narsa harom”, deyilgani. “Har kim o‘zini-o‘zi zahar bilan o‘ldirsa, qiyomat kuni jahannam o‘ti bilan azoblanadi” hadisining mazmunini talabalarga batafsil tushuntirib o‘tdi.
Tadbirda talabalar o‘zlari qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Tadbir yakunida fakultet dekani R.Shamsitdinov bugungi tadbirdan o‘zimizga tegishli xulosa chiqarib, jamiyatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldorligimizni oshirgan holda o‘zimizning ma’naviy yetukligimiz, yuksak ilmiy salohiyatimiz bilan davlatimiz ravnaqi, millatmiz kamoli va xalqimiz farovonligi yo‘lida o‘z xissamizni qo‘shishimiz davr talabi hamda farz ekanligini yig‘ilish qatnashchilariga uqtirib, eng asosiy masala shaxsiy namuna va bunday ezgulik ishlarga amal qilish ekanligini qat’iy ta’kidladi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI