Andijon Davlat
Universiteti
UNIVERSITET REKTORI MAKTAB O'QUVCHILAR BILAN SUHBAT O'TKAZDI
2019-11-19    3055

Bugungi kunda ta’lim tizimida oila-maktab-oliy o‘quv yurti hamkorligi eng dolzarb masalaga aylanmoqda. Universitetimiz umumta’lim maktablari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirib bormoqda. Universitet o’qituvchilari, rahbar xodimlari maktablarga tashrif buyurib, metodik yordam ko’rsatmoqda, darslar tashkil etmoqda. Bundan tashqari maktab o’quvchilarining universitetga tashriflari tashkil etilmoqda.

Bugun, 19-noyabr kuni Qorasuv shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 19-umumta’lim maktabining 50 dan ortiq 10-11-sinf o’quvchilari maktabning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmal Salimov va sinf rahbari Dilnoza Parpieva hamrohligida universitetga tashrif buyurdilar.

O‘quvchi-yoshlarni universitet rektori Akramjon Yuldashev va yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori A’zamjon Xamraqulov kutib olindi. Universitet rektori talabalar bilan muloqot qilib, universitetdagi o’quv jarayonlari, mavjud yo’nalishlar, universitetda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi. Suhbat davomida maktab o’quvchilari kelasi yil o’qishga kirishda qanday yangiliklar kutilayotgani haqida qiziqdilar. Akramjon Yuldashev kutilayotgan yangiliklar haqida gapirib, qo’shimcha fanlar bo’yicha testlarni kiritilishi, har bir noto’g’ri javob uchun ma’lum miqdorda ball ayrilishi amaliyoti kiritilishi va shu kabi ma’lumotlar berdi.

Shundan so’ng o’quvchilar Biotexnologiya, genomika, molekulyar biologiya o’quv laboratoriyasiga tashrif buyurdilar. O’quvchilar laboratoriya jihozlari va u yerda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari bilan tanishib, o’z hayratlarini yashirmadilar. Ko’pchilik o’quvchilar universitetga kirish istagi yanada oshganini bildirdilar.

Shundan so‘ng o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiyot fakultetida bo‘lib, iqtidorli talaba-yoshlar faoliyati, ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan tanishdilar, professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, ta’lim tizimida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, yosh kitobxonlar fakultetda tashkil etilgan “Mening kutubxonam” kichik kutubxonasidagi jahon adabiyotining nodir durdonalari bo‘lgan badiiy asarlar bilan tanishdilar. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida universitetda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, tashrif davomida o‘quvchi-yoshlar universitetning Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida bo‘lib, tarixiy eksponatlarni tomosha qildilar. Muzeyning mutasaddi vakillari  tomonidan o‘quvchilarga milliy tariximizning ayanchli kunlari bilan bog‘liq xotiralar, shahidlar va qatag‘on qilinganlarning achchiq qismati haqida qiziqarli ma’lumotlar berib o‘tildi.

Tashrif yakunida o‘quvchilar va ularning ustozlari ko‘rsatilgan e’tibor uchun universitet ma’muriyati, ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti dekanati, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi xodimlariga minnatdorchilik bildirib, katta taassurot bilan qaytdilar.

Universitetga uyushtirilgan tashrif o‘quvchi-yoshlarda katta taassurot qoldirdi va oliy ta’lim muassasasida o‘qish uchun intilishlariga turtki bo‘ldi desak, aslo adashmaymiz.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.