Bugun, 15-noyabr kuni Andijon davlat universiteti Tarix fakulteti jamoasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilinganligining 28 yilligiga bag‘ishlab, “Bayrog‘im – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida katta bayram tadbiri tashkil etildi.
Butun dunyoda o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega mustaqil bo‘lgan har bir yurt o‘z bayrog‘ining BMT qarorgohida hilpirashini istaydi. Sababi ayni bu holat davlat mustaqilligi tan olinganining ifodasidir.
Bundan 28 yil muqaddam O‘zbekiston deb deb atalmish jannatmonand, osoyishta, erkin va farovon yurtning ona tabiatimizdan andoza olib ishlangan davlat bayrog‘i qabul qilingan edi. Bugunga qadar bu muqaddas tug‘ dunyoning eng oliy sahnalari, eng yuqori marralarida, zafarli qo‘llarda baland ko‘tarilmoqda, zavqu shavq bilan ko‘zlarga surtilib, lablarga bosilmoqda.
Ayni vaqtda bayrog‘imiz nafaqat O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzi, balki, shu yurtda tug‘ilib, uning mehriga qonib yashayotgan xalqning tinchlik va birdamlik timsoliga, qalban birligini ta’minlaydigan, dillarni dillarga ulaydigan muhim vositaga aylangan. Jahonning qaysi mamlakatida bo‘lmang, g‘ururimiz bo‘lgan bu bayroq ona yurt nafasini dimoqqa uradi, suyukli Vatanni yodga soladi.
Ayni shu tuyg’ularning amaliy ifodasiga aylangan bugungi tadbirda Respublika ma’naviyat-targ‘ibot markazi Andijon viloyati bo‘limi vakillari Baxtiyor Mo‘minov, Irodaxon Axmedova, Tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari, 400 dan ortiq talaba yoshlar ishtirok etdilar.
Respublika ma’naviyat-targ‘ibot markazi Andijon viloyati bo‘limi vakillari B.Mo‘minov, I.Ahmedova, Tarix fakulteti dekani R.Shamsitdinov va katta o’qituvchi B.Tojiboevlar o‘z ma’ruzalarida millatimiz, O‘zbekiston xalqining g‘ururi va iftixori timsoli bo‘lgan davlatimiz bayrog‘ining maqomi, nufuzi, dunyo miqyosidagi o‘rni, undan foydalanishning ahamiyatli jihatlari, yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida o‘z fikr muloxazalarini bildirib o‘tdilar, qiziqarli ma’lumotlar berdilar.
Shundan so‘ng universitet talabalari bayrog‘imizning yoshlar hayotidagi o‘rni, davlat ramzlariga munosabat bo‘yicha milliy qonunchiligimiz talablarini yig‘ilganlarga turli ko‘rinishlar orqali eslatib o‘tdilar.
Tadbir davomida 17 noyabr xalqaro talabalar kuni munosabati bilan Tarix fakulteti iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy ko‘rinishlar, QVZ jamoasi va “Joziba” raqs to‘garagi a’zolari o‘z chiqishlari namoyish etildi. “O‘zbeknavo” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi xonandalari va raqqosalari ham tadbirni ko‘tarinki ruhda o‘tishida katta xizmat qildilar.
Yakunda ishtirokchilarga Respublika ma’naviyat-targ‘ibot markazi Andijon viloyati bo‘limi vakillari tomonidan viloyat xokimligi nomidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI