“Korrupsiya – bu jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir.
U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga toʻsqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.”
BMTning “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiyasidan.
Afsuslar boʻlsinki, korrupsiya balosi global muammo boʻlib, insoniyatning maʼnaviy va moddiy taraqqiyotiga bolta urib kelayotgan oʻta ijtimoiy illat sifatida juda katta toʻsiq boʻlib kelmoqda. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol boʻlishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Ilmiy adabiyotlarda korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini koʻzlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi. Bu terminning asl soʻz negizi esa “buzmoq” maʼnosini ifodalashi ham kishini bu haqidi jiddiy mulohaza qilishga undaydi. Misol uchun qonunlarni buzmoq, boshqaruvni buzmoq, tizimni buzmoq va hokazo. Endi bir mulohaza qilaylik taʼlimdagi korrupsiya taʼlimni buzmoqni, izdan chiqarmoqni anglatmaydimi?
Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar sharoitida davlat qurilishi va huquqiy siyosatning mazmun va mohiyatini aniqlashtirish, uning maqsad va vazifalarini islohotlarning bugungi taraqqiyoti asosida shakllantirib borish, inson manfaatlarini taʼminlashning strategik jihatdan yangi vositalar bilan bir qatorda, ham taktik xususiyatga ega boʻlgan yangi usullarni qoʻllash, shaxs hamda jamiyat manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilish, korrupsiyaning oldini olishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish ehtiyoji vujudga kelishi bilan belgilanadi.
Shulardan kelib chiqib, 2017 yil 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat qilib belgilab qoʻyildi. Ming afsuslar boʻsinki, ana shuncha chora-tadbir va huquqiy mexanizmlarning boʻlishiga qaramay jamiyatimizda korrupsiyaning mavjudligi dilni xira qilmoqda.
Yuqoridagi qonunda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xususan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish choralari koʻzda tutilgan.
Ana shu qonunda taʼlim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy taʼlim va tarbiyani kuchaytirish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etishi qayd etiladi. Toʻgʻri ishlab, toʻgʻri yashash saodatini bolalikdan, yoshlikdan oʻrgangan odam mard va halol boʻladi. Adolatsizlik, qonunga hurmatsizlik, kasbu amalga, ishonchga xiyonat qilib boʻlmasligini oʻqib-uqqan, poraxoʻrlik va korrupsiyaga, suiisteʼmolchilikka qarshi oʻzida immunitet hosil qilgan yoshlar kelajakda jurʼatli, vijdonli inson boʻlib yetishadi. Qonunga, tartib-qoidalarga hurmat saqlab, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qiladi. Halol mehnat bilan topilmagan boylik totli boʻlmasligini, hech kimga buyurmasligini, yaxshilik emas, yomonlik va kulfat keltirishini tushunadi. Afsuski, ana shunday taʼlim-tarbiya oʻchogʻi boʻlgan taʼlim muassasining oʻzida taʼmagirlik, poraxoʻrlik, bir soʻz bilan aytganda korrupsiya holatlarining mavjudligi yosh avlod tarbiyasini buzilishiga, natijada millat va davlat manfaatlari xavf ostida qolishiga olib kelmoqda.
Taʼlim tizimida korrupsion holatlarning oldini olish uchun shaffoflik tizimi yaratishi kerak deb hisoblaymiz. Toʻgʻri, mamlakatimizda soʻngi yillarda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarni eʼtirof oʻtish oʻrinli. Aynqsa, oliy taʼlim muassasalariga kirish imtixonlarning shaffoflashtirilishi, test natijalarni eʼlon qilishdagi samarali ishlar oʻz ijobiy natijasini koʻrsatmoqda. Lekin talablarning oʻquv ishlari jarayonidagi yaʼni, fanni oʻzlashtirish, yakuniy imtixonlar topshirish borasidagi mavjud tizim taʼlimda taʼmagirlik va poraxoʻrlik holatlarini keltirib chiqarmoqda. Bizningcha, talabalrning fanlarni oʻzlashtirishi va yakuniy imtixonlarni onlayn rejimga oʻtkazish yoki reyting natijalarni kuzatib borishni elektron tizimini yaratish shaffaoflikni taʼminlab, korrupsion holatlarning oldini oladi.
Shuningdek, Ommaviy axborot vositalarining erkin va dadil faoliyatisiz jamiyat hayotini demokratlashtirish, odamlarni mustaqil fikrlab yashashga undash, hozirgi kunda suv va havodek zarur boʻlgan jamoatchilik nazoratini izchil yoʻlga qoʻyish mumkin emas. Korrupsiyaga qarshi kurashda OAV va jamoatchilik nazoratidan unumli foydalanishni ham samarali yechim deb oʻylaymiz.
Xulosa qilib shuni aytamizki, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ana shu hodisa yashab turgan jamiyat yaratgan tizimning nosogʻlom yashashida namoyon boʻladi. Maqolamiz sarlavhasida aytganimizdek – Keling taʼlimni buzmaylik!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI