Pora olayotib ham poraxo'rlik illatidan ma'ruza o'qiydigan shaxs haqiqiy poraxo'rdir. (Saltikov Shedrin)
Birinchi marotaba ushbu so’zlarni o’qiganimda ham kulgim kelgan, ham hayron bo’lganman. Kulgim kelganining boisi ahmoqona holatdir. Kim gunohning ustida gunohning gunohligidan ma’ruza to’qiydi, hayron qolganim esa insonning qay darajada illat botqog’iga botib ketsa hamki ikkiyuzlamachilik bilan o’zining tozaligiga iddao qilishidir. Demakki, bugun eng katta muammoga aylanayotgan korrupsiya oddiy til bilan aytganda poraxo’rlik illati insondagi bir qator eng hudbin qusurlarning onasidir. Vijdonsizlik, ikkiyuzlamachilik, yolg’onchilik, tuxmat, munofiqlik, manmanlik - mana uning bolalari. Bir so’z bilan aytganda faylasuf Li Kuan Yu keltirganidek poraxo’r qo’llarini tozalash uchun o’g’irlangan suvda yuvadi.
“Men kimman?” Bu savol birov uchun emas, o’zim uchun, o’zimiz uchun. Hayotda har bir inson hech bo’lmasa bir marotaba o’ziga o’zi shu savolni berib ko’radi. “ Men kimman?”, “Nima uchun keldim dunyoga?”, “Nima yoki kimlar qoladi mendan so’ng dunyoda?” Boshi va oxiri ko’rinmas falsafa. Shunday bo’lsa ham javob topishga urinib ko’ring, urinib ko’raylik.
Birinchi javobimiz:” Men insonman, Allohning bandasiman, shu jamiyatning bir vakili, shu davlatning bir fuqarosi. Mening bu hayotda o’z yaqinlarim, oilam, do’stlarim, hamkasb-u guruhdoshlarim bor. Oilada, mahallada yoki ishda, o’qishda o’zimga yarasha obro’-e’tiborim bor.”
Bu savolimizga ko’pchilik shunday javob bersa kerak. Lekin ana shu oilangiz, jamiyatingiz, davlatingizning a’zosi, bir bo’lagi sifatida sizning qanday huquqlaringiz bor yoki qanday majburiyatlaringiz bor? Vaqti kelsa oilangizni, yaqinlaringizni, o’zingizni qurol bilan emas bilimingiz bilan himoya qila olasizmi degan savolga ko’pchilik o’ylanib qolsa kerak. Korrupsiya tomir otgan hech bir jamiyatda buning imkoniyati yo’q. Haq-huquqlarimizni bilim salohiyatimiz bilan emas qappaygan cho’ntaklarimiz bilan himoya qilsak oylikdan oylikkacha topgan har bir tiyinini hisoblovchi oddiy fuqaro qayerga boradi, dardini kimga aytadi, kimdan himoya istaydi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mana uch yildan beri minbarlarda turib, kuyikib, jon-jahdi bilan so’ylayotgan, o’ylayotgan va bartaraf qilishga bor kuchi bilan harakat qilayotgan og’riqli muammolarimizdan biri huddi mana shu masaladir. Ushbu masala yuzasidan ommaviy axborot vositalaridan o’qiyotganimiz, ko’rayotganimiz, xabar topayotganimiz bo’yicha aytadigon bo’lsak qanchadan-qancha qonunlar va qarorlar qabul qilindi, sessiyalar, yig’ilishlar o’tkazildi va haligacha o’tkazilmoqda.
Jumladan, 2018-yil 3-yanvarda Prezidentimiz tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi qonun imzolandi va 4-yanvardan kuchga kirdi. Ushbu qonun 32 ta moddadan iborat bo’lib, hujjatga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari qonuniylik, fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari ustunligi; ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik; davlat va fuqorolik jamiyatining o’zaro hamkorligi; korrupsiyaning oldini olish bo’yicha choralarning ustunligi va ma’suliyatning muqarrarligi hisoblanadi.
Bu hujjatlarni imzolayotgan Prezidentimizning: "Endi bunday
yashab bo’lmaydi,” - degan hitoblari esa yaqin kelajakda biz ushbu illatdan qutula olishimizga, jamiyatimizni eng jirkanch kasallikdan forig‘ qila olishimizdan nishona deb bildik.
Ammo, jamiyatimizni shu ahvolga solgan, bazi tarmoqlarini shu holatga olib kelgan o’zimiz emasmi? Haq-huquqimizni bilmaslik, kim nima desa ergashib ketaverishimiz, qo’rqitsa qo’rqaverishimiz emasmi?Jamiyatimizda qonun, huquq faqat ma’lum tabaqa uchungina emasku, unga hamma teng va barobar amal qilishi, amal qilishdan oldin esa bu huquq va majburiyatlarni judayam yaxshi bilishi kerak. Buning uchun esa tozalovni o’zimizdan,
yashayotgan joyimizdan, o’qiyotgan oliygohimizdan, yon-atrofimizdan boshlashimiz kerak va zarurdir.
Men talabaman, hayotni faqat kitoblardan bilaman, bu degani hayotimizni yomondan ko’ra yaxshi tomonlarini judayam ko’p deb o’ylayman. Axir kitoblarda voqealar aksariyat yaxshilik bilan yakun topadiku. Jamiyatimizning mukammal a’zosiga aylanmoq uchun esa huquqlarni chuqur o’rganish niyyatim. Qoqilmaslik, to’kilmaslik va kerak bo’lsa so’kilmaslik uchun kelajakda. Hozirda ko‘pchilikda korrupsion holatlar haqida gapirganda pora oluvchi haqida juda yomon fkrlarlar bildiriladi. Biroq, aslida pora oluvchi bilan birga uni taklif qilgan ham birdek gunohkor, birdek jazoga loyiq. Ushbu holat bizni sergak torttirishi, tozalashni o‘zimizdan boshlash lozim. Kimlarnidir ishdan bo‘shatish, jazo berish o‘z yo‘liga biroq, talabalar ongida o‘zgarish bo‘lmasa, korrupsiya eng katta axloqsizlik, kelajakdagi muvaffaqiyatlar kushandasi ekanini anglatmasak bu jarayon davom etaveradi. Shu bois, bu illatga qarshi kurashda hamma o‘zini isloh qilishdan boshlashi lozim.
Aql bilan o’ylansa bu dunyoda har bir ish qonun-qoidaga asoslangan. Biz o’zimizga buni ”ushbu ishning tartibi” deb ataymiz. Asli esa qonunni, qoidasi. Axir unsiz non pishirib bo’lmaydi, baliq suzishni bilmaganda baliq bo’lmas edi, Ibn Sino tibbiyotni o’rganmaguncha “Ibn Sino” bo’lib tanilmagan. Oddiy mashina boshqarish uchun esa ma’lum tartib-qoida va bilim zarurdir va bu fikrlarni cheksiz davom ettirish mumkin.
Demak, haq-huquqimizni, majburiyatlarimizni bilish huddi biron bir kasb, hunarni o’rganishday zaruriy, ajralmas qismdir. Kasb-hunar hayotimizni moddiy ta’minlashga xizmat qilsa, huquqiy bilimimiz qalqon misoli o’sha moddiyligimizni saqlay bilishimizga xizmat qiladi. Chambar-chas bog’liqlik. Istardimki har bir tengdoshim, do’stim, vatandoshim shu fikrlarimga qo’shilsa, qo’llab-quvvatlasa, istehzo ila jilmayish o’rniga “Ha, huquqlarimizni o’rganaylik, majburiyatlarimizni bajaraylik, qonunlarimizga amal qilaylik” deya olsa!
Biz korrupsiyaga qarshimiz - bu har doim, har birimizning har kungi shiorimizga aylanmog‘i darkor.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI