Andijon Davlat
Universiteti
MINGTEPA TARIXINI O‘RGANISH BO’YICHA TANLOV O‘TKAZILDI
2019-11-05    3280

Joriy yilning 2-noyabr kuni Andijon viloyatining Marxamat tumanida “Mingtepa - madaniy meros” jamoat fondi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi va Marhamat tuman hokimligi bilan hamkorlikda  “Mingtepa tarixini o‘rganishda Mannop Egamberdievning “Sariq ajdar hamlasi” tarixiy romanining o‘rni”  mavzusida amaliy seminar va tanlov o‘tkazildi.

Tanlov insoniyat sivilizatsiyasi beshiklaridan biri deb e’tirof etilayotgan, 2500 yillik tarixga ega bo‘lgan, qadimiy Dovon davlatining bosh shahri Mingtepa tarixini yoritishda taniqli yozuvchi Mannop Egamberdievning “Sariq ajdar hamlasi” tarixiy romanini xalqimizga, ayniqsa yoshlarimizga keng targ‘ib qilish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruxida tarbiyalashda, qadim o‘tmishimizdan qolgan boy tarixiy meroslarimizni asrab avaylashda, o‘zi ulg‘ayib voyaga yetgan zaminning tarixini o‘rganishda ushbu romanning ahamiyatini yoritib berish, yoshlarda buyuk tariximizga va adabiyotimizga qiziqishlarini rivojlantirish hamda  ularda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida  bo‘lib o‘tdi.

Ushbu asarni o‘qigan kishida beixtiyor o‘sha davrga tushib qolganday his qilishi shubhasiz. Asar ikki jildli bo‘lib, ular “Tahdid”, “Quvilish” deb nomlanib unda asosan Qadimgi Xitoy davlatining Xan imperiyasi tomonidan o‘lkamizga, ya’ni Qadimgi Farg‘ona vodiysida mavjud bo‘lgan qudratli Dovon davlatiga g‘arazli maqsadda ikki marta hujumi va unda ajdodlarimizning azal-azaldan mehnatsevarligi, yovlarga o‘z yurtini bermaslik uchun kerak bo‘lsa jonini fido qiluvchi hislatlari tufayli o‘zini Osmono‘g‘illari(Butun dunyoga hukmdorlar) deb hisoblagan U-di(Lyu Che) kabi ko‘p sonli qo‘shinga ega dushmanni haydab chiqarishda ko‘rsatgan jasoratlari ifoda qilingan.

Ushbu tarixiy romanni o‘qigan har bir inson o‘z tarixini yanada chuqurroq anglashi va faxrlanishi shubhasiz, qolaversa, romanda qadimdan ayollarimizning matonat-u jasorati, vafo-hayosi va xattoki yovga qarshi kurashda ko‘rsatgan qahramonliklari ifoda qilinadi.

Ushbu tarixiy romanning tarixiy ahamiyati bo‘yicha Tanlov quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkazildi:

1). Mannop Egamberdievning ijodi va faoliyatiga oid eng yaxshi maqola

2). “Sariq ajdar hamlasi”  romanining tarixiy ahamiyati” mavzusida eng yaxshi badiiy asar (maqola, hikoya, she’r, qo‘shiq...).

3). “Sariq ajdar hamlasi” romani va Mingtepa tarixiga oid ishlangan eng yaxshi tasviriy san’at asari.

Tadbirda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talabalar, maktab, kollej va litsey o‘quvchilari va aholoning boshqa qatlamlaridan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdilar. Tadbirda Andijon davlat universitetining bir guruh professor-o’qituvchilari, Tarix, Filologiya, San’atshunoslik kabi fakultetlarining talabalari ham o‘z ijod namunalari va ilmiy salohiyati orqali tanlovda ishtirok etdilar.

Dastlab seminarni “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov  ochib berdi. So‘ngra Mannop Egamberdievning hayoti va ijodi hamda “Sariq ajdar hamlasi” romanining yozilishi tarixi bo‘yicha adibning farzandi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi Shuhrat Egamberdiev so‘zga chiqib mehmonlarga ko‘plab ma’lumotlarni berdi. Shundan so‘ng seminarga tashrif buyurgan mehmonlar tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi raisi Xurshidabonu Vahobova, Andijon davlat universiteti Tarix fakultetidan fakultet dekani t.f.n. dotsent Ravshanbek Shamsitdinov, tarix fanlari doktori, dotsent Muzrobjon Abdullaev, katta o‘qituvchi Abdumuxtor Hakimovlar, “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Shaxlo Xusanovalar ham adibning hayoti davomida xalqimiz ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda adibning nomini ulug‘lashtirish maqsadida qilinishi lozim bo‘lgan masalalarni alohida ta’kidlab o‘tdilar. Amaliy seminar doimgi seminarlardan farqli ravishda judayam qiziqarli va qator fikr-mulohazalar va adibni porloq xotirasini xotirlash bilan qizg‘in davom etdi.

So‘ngra tanlovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g’oliblar aniqlandi. Yakuniy natijalarga ko’ra Eng yaxshi badiiy asar yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin ADU Filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi Hamdamova Mohinurga, eng yaxshi maqola yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin Filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi Olimjonova Sarvinozga, 2-o'rin Tarix fakulteti 4-bosqich talabasi Islomiddin Nasiridinovga, 3-o'rin shu fakultetning 2 bosqich talabasi Sobirov Doniyorbekka, rasmlar tanlovida 1-o’rin ADU San'atshunoslik fakulteti talabalariga nasib etdi. Go’liblarni taqdirlash uchun hakamlar ha’yati so‘zga chiqib g‘oliblarni diplomlar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirladilar.

Behzodbek Karimov
www.adu.uz muxbiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.