Maktabgacha ta’lim muassalarida bolalarimiz qanday o‘yinchoqlarni o‘ynashmoqda? Biz ongli ravishda Yevropa madaniyatini sotib olmayapmizmi?
O‘g‘lim bilan qo‘g‘irchoqlar do‘konida aylanib yurgandik. Nogohon uning savoli meni mulohazaga chorladi. “Oyi anavi qo‘g‘irchoq tarbiyasiz ekan-a?” shu on o‘g‘limni nigohi qadalgan tomonga yuzlandimu, yarim yalang‘och ayol qiyofasini, qaddi-qomatini aks ettirgan qo‘g‘irchoqqa ko‘zim tushdi. Lablarini bo‘rttirib turgan bu qo‘g‘irchoqdan bolalar qolib, kattalar ham qo‘rqadi.
Bundan 17 yil avval mamlakatimizga xorijdan kirib kelgan “Barbi” deb nom olgan ushbu qo‘g‘irchoq hamon o‘yinchoq do‘konlarining rastalarida mavjud. Eng achinarlisi bazi bir bolalarning sevimli ovunchog‘iga ham aylanib ulgurgan. Murg‘ak qizchalarimizga mo‘ljallangan ushbu qo‘g‘irchoqlar uni o‘ziga ovunchoq qilgan bolalarimizda qanday xislatlarni tarbiya qila oladi degan xaqli savol tug‘iladi? Uning xech qanday tarbiyaviy jixati yo‘qligini qo‘yib turaylik, tashqi ko‘rinishi, liboslari yosh qizchalarimiz andishasini o‘g‘irlab qo‘ymasmikin?
Bolalarimizga o‘zida e’zgulikni, yaxshilikni, oqillikni ifoda eta olgan o‘yinchoqlarni sovg‘a qilsak to‘g‘ri bo‘lardi. Xuddi shunday qo‘g‘irchoq ko‘tarib yurgan qizchaning onasi qo‘shnimiz Saida Mamajonovadan “Nega bunaqa qo‘g‘irchoqlar olib berasiz, xunarmandlarimiz tomonidan ishlangan “Zumradoy”larni sovg‘a qilsangiz bo‘lmaydimi?”- deb so‘radim. Uning aytishicha xamma bozorlarda, o‘yinchoq do‘konlarida milliy qo‘g‘irchoqlar bo‘lavermas ekan. Ayrimlarida bo‘lsa ham narxi qimmat turishini ta’kidladi. “Barbi” esa ancha arzon turarkan.
Masalaga oydinlik kiritish uchun “Xunarmand” uyushmasi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shaxloxon Solieva bilan uchrashdim.
Uning aytishicha Andijon viloyatida jami 5500 nafar xunarmandlar ro‘yhatdan o‘tgan, ammo shogirdlari bilan xisoblaganda 10 000 ga yaqin desak xato bo‘lmaydi. Xunarmandlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz tomonidan 36 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan rejani viloyat xunarmandlari ortig‘i bilan bajarib, bu yo‘nalishda Respublikamizda yetakchilik qilib kelmoqda. Xususan Andijon viloyatida ro‘yhatdan o‘tgan 100 nafar, shogirdlari bilan xisoblaganda jami 1500 nafar xunarmandlar aynan milliy qo‘g‘irchoqlar yasash bilan shug‘ullanadilar.
Xunarmandchilikni ushbu turi bilan shug‘ullanuvchi xunarmandlarimizning bugungi kundagi faoliyati, qo‘g‘irchoqlarning narxi va ularga talabning qay darajada ekanligini o‘rganish maqsadida navbatdagi suhbatni Andijon shahridagi oilaviy milliy qo‘g‘irchoqlar yasash bo‘yicha xunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi Nizomiddin Erg‘ozievlar oilasi bilan amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldim.
Erg‘ozievlar oilasi milliy qo‘g‘irchoqlar yasash bilan 2008 yildan buyon shug‘ullanib keladilar. Ular asosan yumshoq qo‘g‘irchoqlarni yasaydilar. Qo‘g‘irchoqlarni yasash bilan oila bekasi Erg‘ozieva Mayramxon shug‘ullanadi. Nizomiddinaka esa ularni xom ashyo bilan ta’minlash va sotuv ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladilar. O‘rtacha xisoblaganda 5 nafar shogirdlari kuchi bilan, kuniga 8 soat ish tashkil etilsa ushbu oila tomonidan bir oyda 150 nafar milliy qo‘g‘irchoqlar yasash imkoniyati mavjud. 2019 yilning shu davriga qadar xaridor talabi bilan 50ga yaqin maktabgacha ta’lim muassasalariga maxsulot yetkazib berilgan. Bu ko‘rsatkich Jalaquduq, Izboskan, Xonobod, Marxamat tumanlari hamda Andijon shahridagi muassasalar xisobiga to‘g‘ri keladi. Asosiy xaridorlar mana shu tuman, shaharlardan tashrif buyurgan. Bu xunarmand oilaga viloyat hokimi tomonidan Andijon shahridagi Jome majmuasidan alohida do‘kon ajratib berilgan va maxsulotlar asosan mana shu joyda sotiladi.
Men o‘z o‘rnida milliy qo‘g‘irchoqlarimiz narxi bilan qiziqdim. Bo‘yi 14 sm keladigan, boshida do‘ppisi, egnida uzun ko‘ylagi, qalin sochlari bilan bezatilgan faqat qo‘l mehnati bilan yasalgan milliy qo‘g‘irchoqlar 8000 so‘mdan 12 000 so‘mgacha narxda sotilmoqda.
Shahar markazidagi o‘yinchoq do‘konlaridagi plastmassadan yasalgan, deyarli libossiz, maxsus uskunalarda ishlab chiqarilgan xuddi shu xajmdagi “Barbi” qo‘g‘irchoqlarning narxi esa 18 000 so‘mni tashkil qiladi. Demak mehnati va foydalilik xususiyatini qo‘shib xisoblamasak ham baribir milliy qo‘g‘irchoqlarimiz ancha arzon narxda.
Bas shunday ekan yevropa ma’daniyatini ko‘r-ko‘rona qimmatga sotib olmaylik. Bolalaringiz bu qo‘g‘irchoqlar bilan muloqot davomida faqat ovunibgina qolmay, o‘z kelajagini shakllantiradilar.
Milliy qadriyat va a’nalarimizga muhabbat eng avvalo oilamizdan, qolaversa maktabgacha ta’lim muassalaridan boshlanadi. Shu masalada maktabgacha ta’lim muassalarini bir nechtasini o‘rganib chiqdim. Ammo ming afsuski ko‘pgina maktabgacha ta’lim muassalarida milliy qo‘g‘irchoqlarimiz umuman yo‘q. Borlarida xam nomiga faqat bitta joyda ko‘rgazma qilib osib qo‘yilgan. Bu xam 10tadan faqat bittasida bo‘lishim mumkin.
Kerak bo‘lsa tarbiyachilarimiz maktabga tayyorlov guruxi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan yosh qizchalarimizni yonlariga olib milliy qo‘g‘irchoq tikishni o‘zlari o‘rgata olishi kerak. Qo‘l mehnati bilan qilingan, qolaversa xaqiqiy bolalik to‘yg‘ulariga yo‘g‘rilgan milliy qo‘g‘irchoqlarimiz tarbiyaviy ahamiyatga egadir.
Qomatlari bexayolarcha ko‘rsatib berilgan, turqi sovuq barbilarni, jangari ruhdagi tig‘li qurolsifat o‘yinchoqlarni, zararli kompyuter o‘yinlarini o‘ynagan farzandlarimiz ertaga ularga taqlid qilmaydi deb kim kafolat bera oladi? “Barbi” bilan do‘st tutungan qizchalarimiz xali o‘zi bola bo‘la turib balog‘atga yetgan qizlardek fikr qila boshlamaydimi? Jangari ruhda o‘sgan yigitchalarimizning kelajagi nima bo‘ladi? Mehr-oqibat, andisha va uyat, milliy qadriyatlarga xurmat degan tuyg‘ular qaerda qoladi?
Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi o‘yinchoqlar bolalarning kelajakdagi orzu-o‘ylarini amalga oshishida xizmat qilishi tayinku. O‘zimizning sof milliy qadriyatlarimiz, turmush tarzimiz, oilaviy an’analarimizga xos bo‘lgan o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqlarimiz bu masaladagi asosiy yechim xisoblanadi.
Shimoliy Arizona universiteti olimlari so‘zlaydigan, yuradigan, musiqa ijro etadigan va turli xil ovozlarni chiqaradigan barcha o‘yinchoqlar bolalar uchun eng xavfli ekanini aniqlashgan. Aslida bu kabi o‘yinchoqlar zararli vosita sifatida qoralanadi. Bolalarga mo‘ljallangan nootbuk, so‘zlaydigan ferma, va bolalar mobil telefonlari ular nutqini shakllanishida yerdam bera olmaydi. Sababi ovoz chiqaradigan o‘yinchoqlar o‘ynaydigan bolalar ota-onalari va atrofdagilar bilan kam suhbatga kirishar ekan. Kitoblar, “Rangini top” chizmalari, yog‘och pazillar, kubiklar esa aksincha bolalarni ota-onalari bilan ko‘proq muloqotga kirishishga majbur qiladi va natijada nutq o‘stiradi.
Ayni paytda bolalarning axloqi, ongu-tafakkuri, bilim va ko‘nikmalarini to‘g‘ri shakllantirishda milliy o‘yinchoqlarimizning ahamiyati kattadir. Maktabgacha ta’lim dargohlarimizda sifatli, maxalliy homashyodan tayorlangan, ekologik xavfsiz, pedagagik va psixalagik, sanitariya-gigiena, badiiy dizayn talablariga to‘la javob beruvchi o‘yinchoqlar bilan ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Xunarmandlarimiz o‘rtasida kerak bo‘lsa tenderlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi va eng maqul kelgan milliy o‘qinchoqlarni yalpi ishlab chiqarishga tavsiya etilishi kerak.
Andijon shahri 43-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Matluba Mirzaolimovaning ta’kidlashicha milliy o‘yinchoqlar xam tarbiyaviy ham ekologik jihatdan bolalarga xavf tug‘dirmaydi. Mudira yana shuni alohida ta’kidlab o‘tdilarki, “Mehmon-mehmon”, “Qo‘shni chiqdi”, “Mening oilam” kabi o‘yinlar orqali bolalarda oila a’zolariga, do‘stlariga, milliy qadriyat va an’nalarga nisbatan xurmat to‘yg‘usini kamol toptirish, vatanparvarlik va oliyjanoblik fazilatlarini tarbiyalash mumkin. Mitti poezd, kubik, yog‘och pazillar kabi o‘yinchoqlar esa bolalarning intellektual salohiyatini yuzaga chiqaradi. Bolalarimizni ham ma’nan ham jismonan sog‘lom tarbiya qilishni istasak ularni kompyuter o‘yinlariga emas, milliy xalq o‘yinlariga jalb qilaylik. Ularga xorijdan kirib kelgan ma’naviyatimiz va ma’daniyatimizga yot bo‘lgan o‘yinchoqlarni emas, milliy xunarmandlarimiz tomonidan ishlangan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan milliy qo‘g‘irchoqlarimizni oshno tutaylik. Bu ota-onalarimizda chuqur mulohaza qilishni talab qiladigan muhim masaladir.
Biz o‘g‘lim ikkimiz o‘yinchoqlar do‘konidagi doktorlar anjomlari majmuasini sotib oldik. U kelajakda doktor bo‘lishini aytgani uchun bajonidir u tanlagan o‘yinchoqni xarid qildim. 3 yoshli o‘g‘lim Mustafo bu o‘yinchoqni har gal o‘ynaganida “Oyi men doktor bo‘laman-a” deb ta’kidlab qo‘yadi. Men esa bundan faxrlanaman.
Aziz ota-onalar, xurmatli mudiralar bolalarimiz kelajagi uchun ham o‘yinchoqlar tanlash masalasida mas’uliyatli bo‘laylik!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI