Har bir xalqning milliyligi uning ko'zgusidir. O'zbek xalqining milliy o'ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi o'zbek milliy liboslari o'zining jozibadorligi va rang-barangliligi bilan ajralib turadi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida talaba-qizlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish, an’analar uzviyligini ta’minlash hamda kiyinish madaniyatini takomillashtirish maqsadida “Buvijonim kiygan liboslar” nomli tadbirlar tashkil etish taklif etilgan.
Joriy yilning 30-oktyabr kuni Andijon davlat universiteti 1- va 2-talabalar turar joyida "Buvijonim kiygan liboslar" mavzusida “UNUTMANG, BIZ MILLAT SIFATIDA QADRIYATLARIMIZ BILAN BARHAYOTMIZ!” shiori ostida tadbir tashkil etildi.
Tadbirni universitet xotin-qizlar qo’mitasi raisasi Umidaxon Ahmedova ochib berdi. Tadbir davomida talaba-qizlar tomonidan ona Vatanimizni, o'z ona tilimizni madh etuvchi ko'plab she'r va o'zimizning milliy kuylarimizdan bo'lgan yor-yor, o'lan va laparlar aytib o'tildi.
"Nihol" to'garagi a'zolari o'zlarining ijod namunalari bilan barchani bahramand etishdi. Shu bilan birga o'zbek xalqining milliy o'ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi liboslar namoyishi tadbirga yanada ko'tarinki ruh bag'ishladi. Buvilarimiz kiygan liboslar gazlamasining tabiiyligi, sog‘liqqa zararsizligi, dizayn jihatdan ochiq, tor-tanqis emasligi, qulayligi va qaddi qomatni tik va chiroyli tutishdagi ta’siriga e’tibor qaratilgani hamda bugungi kundagi qizlarimizning liboslari milliy qadriyatlarni asrash va hurmat qilish, uzviyligini ta’minlashda muhim o‘rni borligi haqida fikr-mulohazalar ham bildirildi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talaba-qizlar taqdirlandilar.
Tadbirni tashkil etishdan maqsad yoshlarni milliy qadriyatlarimiz va an'analarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlar o'rtasidagi milliy liboslarimizga bo'lgan e'tiborni va kiyinish odobini yanada yuksaltirishdir. O’ylaymizki, ushbu o’tkazilgan tadbir talaba qizlarimiz o’rtasida milliy liboslarimizga muhabbat uyg’otadi va milliyligimizni targ’ib qilishda o'zining katta samarasini beradi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI