Kecha, 29-oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi (O‘RQ–576-son).
Qonunga muvofiq, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlaridan biri ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi hamda samaradorligiga erishishdan iborat.
Qonun bilan qator tashkilotlarning ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilab berildi.
Xususan, Oliy taʼlim tizimi muassasalari, shuningdek boʻysunuvida ilmiy tashkilotlar boʻlgan vazirlik, idoralar hamda tashkilotlar ham quyidagi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlarga ega bo’ldi:
ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishda qatnashadi;
ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar kiritadi;
davlat ilmiy dasturlari, shuningdek xalqaro dasturlarni ishlab chiqishda qatnashadi va ularning bajarilishini taʼminlaydi;
oʻz boʻysunuvidagi tegishli taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda samarali hamda raqobatbardosh ilmiy faoliyat yuritilishini taʼminlaydi;
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy darajali kadrlar tayyorlashni taʼminlaydi, ilmiy faoliyat yurituvchilarni ragʻbatlantirib boradi;
ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi va amalga oshiradi;
oʻz boʻysunuvidagi ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlab boradi;
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtiradi va ular egalarini ragʻbatlantiradi, shuningdek yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, ularning samarali ilmiy faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
ilm-fan va texnologiyalar asoslari, yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga oid tegishli tadbirlarni targʻib etishda qatnashadi.
Shuningdek, qonunning 17-moddasida oliy ta’lim muassasalarida ilmiy faoliyat yuritish tartiblari ham belgilandi. Tartiblar quyidagicha:
Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayoni bilan birga ilmiy faoliyat ham yuritiladi.
Oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari tegishli yoʻnalishlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishlari shart.
Oliy taʼlim muassasalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari va boshqa tashkilotlarni taʼsis etish, shuningdek noyob ilmiy obyektlarni tashkil etish huquqiga egadir.
Oliy taʼlim muassasalari ilmiy faoliyatga milliy va xalqaro darajadagi yetuk olimlar, ilmiy tashkilotlar vakillarini jalb etish, yetakchi milliy va xorijiy ilmiy tashkilotlar hamda taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtashni tashkil qilish huquqiga egadir.
Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirishga oliy taʼlim muassasalari, boʻysunuvida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik, idora va tashkilotlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼuldir.
Oliy taʼlim muassasasining ilmiy faoliyatini baholashda uning ilmiy salohiyati, shu jumladan ilmiy ishlanmalarning natijadorligi, ilmiy maktablarning yaratilganligi, ilmiy darajali pedagog kadrlar salohiyati, shuningdek uning ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi inobatga olinadi.
Qonunga ko‘ra, ta’lim tashkilotida iste’dodlarni aniqlash, tanlash, tarbiyalash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borish orqali yoshlar ilm-fan va ilmiy faoliyatga jalb etiladi.
Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslar:
inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmaslikka;
ko‘chirmachilikka yo‘l qo‘ymaslikka, o‘zgalarning ilmiy ishlanmalarini o‘zlashtirmaslikka va yolg‘on ma’lumotlarga asoslanmaslikka;
intellektual mulk huquqlari va ilmiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishga majburdir.
Qonunga muvofiq, davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarga 48 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan hamda moddiy yordamni ko‘zda tutadigan mehnat ta’tili beriladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Qonundagi ilmiy faoliyat yurituvchilar uchun mehnat ta’tili nazarda tutilgan qoidalar 2020 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI