Andijon Davlat
Universiteti
OTM TALABALARIGA STIPENDIYALAR TO‘LASH TARTIBI VA MIQDORLARI JAMOATCHILIK MUHOKAMASIGA QO‘YILDI
2019-09-23    3625

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bu haqida O'zA axborot agentligi xabar bermoqda. Ushbu qaror bo'yicha o'z fikrlaringizni quyidagi havola orqali kirib bildirishingiz mumkin: Kirish: https://regulation.gov.uz/uz/document/8247

Qarorga ko‘ra 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Respublika oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi shaklida davlat granti va bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘lagan, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarni (xorijiy talabalardan tashqari) stipendiya bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi.

Hujjatga muvofiq o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt qiymati miqdoriga kiritilgan har oyda to‘lanadigan stipendiya summasi talabaga uning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’iy nazar to‘lanishi belgilanadi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishning kunduzgi shaklida davlat granti va bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘lagan, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan hamda nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilgan (xorijiy talabalardan tashqari) Oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari 1-ilovaga muvofiq belgilansin.

Bunda, davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga to‘lovni qaysi ko‘rinishda (stipendiyali yoki stipendiyasiz) amalga oshirganidan qat’iy nazar, quyidagi rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi:

barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga navbatdagi o‘quv semestri davomida bazaviy stipendiyaning 15 foizi miqdorida;

o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” hamda “a’lo” va “yaxshi” baho bo‘lgan yoki jamoat ishlarida faol yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabaga navbatdagi o‘quv semestri davomida tayinlangan jami stipendiyaga nisbatan 50 foizgacha miqdorda;

iqtidorga ega, xalqaro yoki respublika yoki oliy ta’lim muassasasi miqyosida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan fan (ta’lim yo‘nalishi) olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan talabaga bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan bir o‘quv yili davomida quyidagi tartibda alohida moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi:

xalqaro miqyosdagi olimpiada g‘olibiga – 50 foiz;

respublika miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 25 foiz;

oliy ta’lim muassasasi miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 15 foiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi va Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlash va to‘lashning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

Bunda, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab nomli davlat stipendiyalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar talabalarning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganidan qat’iy nazar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

2019/2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari uchun stipendiyalarning bazaviy miqdorlari 2-ilovaga muvofiq belgilanadi va talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab stipendiyalarga quyidagi tabaqalashtirilgan koeffitsientlar qo‘llangan holda amalga oshiriladi:

reyting bo‘yicha eng yuqori ballar (86 — 100 ball) — 1,0;

reyting bo‘yicha yuqori ballar (71 — 85 ball) — 0,75;

reyting bo‘yicha o‘rtacha ballar (55 — 70 ball) — 0,5.

Mazkur qaror 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab kuchga ega ekanligi belgilangan.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari

T/r

Talabalar toifasi
(xorijiy talabalardan tashqari)

Miqdori
(bir oyda so‘m)

1.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi stipendiatlariga

1 692 702

2.

Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalari stipendiatlariga

1 128 468

3.

Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyaning bazaviy miqdori

400 000

4.

Barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga tayinlanadigan stipendiyaning miqdori

460 000

5.

O‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” yoki “a’lo” va “yaxshi” baho bo‘lgan yoki jamoat ishlarida faol yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga tayinlanadigan stipendiyaning miqdori

690 000 gacha

6.

Iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy ta’lim muassasasi miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan talabaga alohida tayinlanadigan qo‘shimcha stipendiyaning miqdori:

xalqaro miqyosdagi olimpiada g‘olibi

respublika miqyosidagi olimpiada g‘olibi

oliy ta’lim muassasasi miqyosidagi olimpiada g‘olibi

200 000

100 000

60 000

7.

Kar-soqov, ko‘zi ojiz hamda 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga stipendiya belgilangan stipendiyaga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi

 

Izoh:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining stipendiyalar miqdorini oshirish to‘g‘risida farmoni qabul qilinishi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarning jadvalda ko‘rsatilgan miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

2019/2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari uchun stipendiyalarning bazaviy miqdorlari

T/r

Talabalar toifasi
(xorijiy talabalardan tashqari)

Miqdori
(bir oyda so‘m)

1.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari

752 312

2.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalar

816 426

3.

Davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onalar vasiyligisiz qolgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalar

717 882

4.

Baynalmilal burchini bajarishda yarador bo‘lish, kontuziya, jarohatlanish yoki kasallanish oqibatida nogiron bo‘lib qolgan sobiq harbiy xizmatchilar sirasiga kiruvchi talabalar

852 716

5.

Sobiq baynalmilalchi jangchilar sirasiga kiruvchi talabalar

816 426

6.

Oliy o‘quv yurtlarida matematika, amaliy matematika va informatika, axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar

818 758

7.

Kar-soqov va ko‘zi ojiz talabalarga stipendiya belgilanganga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi

 

Izoh:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining stipendiyalar miqdorini oshirish to‘g‘risida farmoni qabul qilinishi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarning jadvalda ko‘rsatilgan miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Manba: O'zA

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.